Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp va Netanyahuning Oq uydagi muhokamalari, «Tolibon»ga qarshi xalqaro bayonotlar va bosh ko‘tarayotgan Eron-Isroil ziddiyati – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Tramp va Netanyahu nimalarni muhokama qildi?
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu dushanba, 7 iyul kuni tongda Vashingtonda keldi. Shu kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Binyamin Netanyahuni Oq uyda kechki ovqat ustida qabul qildi. Tramp va Netanyahu G‘azoning uzoq muddatli kelajagi va Isroilning Fors ko‘rfazidagi qo‘shnilari bilan munosabatlarini normallashtirish masalasini muhokama qilishgan.
New York Timesʼning yozishicha, Oq uyning Moviy zalida o‘tirgan yetakchilar avvalo, o‘zaro o‘zlarini tabriklashgan va AQShning Eron yadro obektlariga uyushtirgan havo hujumlarini nishonlagan. Netanyahu esa bu vaziyat Trampni Nobel Tinchlik mukofotiga nomzod qilganini aytdi.
Tramp o‘zining Eronga havo zarbasi berish qarorini Ikkinchi jahon urushi davrida Prezident Harri Trumenning Yaponiyaga atom bombasi tashlash qaroriga qiyosladi. «Bu ko‘plab urushlarni to‘xtatdi, bu ham xuddi shunday», dedi u.
Reutersʼning yozishicha, Netanyahu, AQSh va Isroil boshqa mamlakatlar bilan hamkorlik qilib, falastinliklarga «yaxshiroq kelajak» taqdim etish ustida ishlayotganini aytgan.
«Agar odamlar qolishni istasa, qolishlari mumkin, lekin ketishni istasalar, ketish imkoniyatiga ega bo‘lishlari kerak. Biz shunga rozi mamlakatlarni topish borasida AQSh bilan juda yaqin hamkorlik qilyapmiz. Ular doim, falastinliklarga yaxshiroq kelajak berishni istashini aytadi. Menimcha, biz bir nechta davlatlarni topishga yaqinlashyapmiz», dedi Netanyahu.
Nashrga ko‘ra, Tramp, Netanyahuga ushbu masala haqida savol berilganda, dastlab o‘zini chetga olgan. Keyinroq atrofdagi davlatlar yordam berayotganini ta’kidladi. «Bizda atrofdagi mamlakatlar bilan juda yaxshi hamkorlik bor, ularning har biri bilan… Shunday ekan, nimadir yaxshi narsa sodir bo‘ladi», dedi Tramp.
Tramp va Netanyahu Vashingtonda bir necha soat davomida uchrashuv o‘tkazdi. Bu orada isroillik rasmiylar AQSh vositachiligidagi G‘azo bo‘yicha o‘t ochishni to‘xtatish va garovdagilarni ozod qilish yuzasidan Qatarda Hamas bilan bilvosita muzokaralarni davom ettirmoqda.
Shuningdek, suhbatda Eron va Suriya masalasi ham ko‘tarildi. Isroil bosh vaziri payshanba 10 iyulgacha Vashingtonda qolishni rejalashtirmoqda. U vitse-prezident, Kongress vakillari va boshqa rasmiylar bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazadi.
Oq uy tashqarisida esa Falastin tarafdori bo‘lgan yuzlab namoyishchilar to‘plandi. Ular «Isroilga qurol yetkazishni to‘xtating» va «Genotsidga yo‘q» degan bannerlarni ko‘tarib chiqishdi. Shuningdek, ular G‘azoda sodir etilgan urush jinoyatlari bo‘yicha Xalqaro jinoiy sudning hibsga olish orderiga ishora qilib, Netanyahuni hibsga olishga chaqirishdi.
Xalqaro jinoiy sud «Tolibon» rahbarlarini hibsga olishga order berdi
Xalqaro jinoiy sud (XJS) «Tolibon» rahbarlari — harakatning oliy rahbari Haybatulloh Oxunzoda va Afg‘oniston Islom Amirligi bosh sudyasi Abdulhakim Haqqoniyni hibsga olishga order berdi. Bu haqda sud press-relizida so‘z boradi.
Sudning hisoblashicha, Oxunzoda va Haqqoniy «buyruqlar berish, fitna qo‘zg‘ash yoki ko‘maklashish orqali» insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etgan, jumladan, gender asosida qizlar va ayollarni, shuningdek, ularga yordam berganlarni ta’qib qilgan. Xalqaro jinoiy sudga ko‘ra, garchi ayrim taqiq va qoidalar butun aholi uchun joriy etilgan bo‘lsa-da, asosiy nishon aynan ayol va qizlar bo‘lgan.
XJS prokuraturasi «Tolibon» rahbarlarini hibsga olish uchun orderni 2025 yil yanvarda so‘ragan edi. «Tolibon» 2021 yili AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya qo‘shinlari Afg‘onistonni tark etganidan keyin mamlakatda hokimiyat tepasiga kelgandi.
Bundan tashqari, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi ko‘pchilik ovoz bilan Afg‘onistondagi vaziyatga oid rezolyutsiyani ma’qulladi, unda bu davlatni boshqarayotgan «Tolibon» harakati keskin tanqid qilingan. «Tolibon»ni qoralovchi hujjatni 116 davlat qo‘llab-quvvatlagan, Bosh Assambleyaning faqat ikki a’zosi AQSh va Isroil unga qarshi ovoz bergan. Rossiya, Xitoy, Hindiston va Eron betaraf qolgan.
Rezolyutsiya Germaniya, Irlandiya va Shvetsiya tomonidan taqdim etilgan. Unda BMT «Tolibon»dan ayollarga qarshi siyosatini to‘xtatishni talab qilgan. Chunki «ularning jamiyat hayotidagi faol ishtiroki mamlakat tinchligi, taraqqiyoti va barqarorligi uchun muhim ahamiyatga ega».
Shu bilan birga, rezolyutsiya xalqaro moliyaviy donorlarni Afg‘onistonga tez va erkin yordam ko‘rsatishga chaqiradi, chunki millionlab fuqarolar, ayniqsa ayollar va bolalar juda muhtoj ahvolda qolgan. Mutaxassislar, shuningdek, «Tolibon» tomonidan OAV xodimlari va huquq himoyachilariga nisbatan senzura va zo‘ravonlikni qoralab, Kobulni so‘z erkinligi va axborot olish kafolatlariga rioya qilishga chaqirgan.
AQSh Ukrainaga qurol yetkazishni tikladi
AQSh prezidenti Donald Tramp dushanba kuni hech qanday tafsilotlarni keltirmasdan Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga qurollarning yangi partiyalarini yuborishi haqida gapirdi.
«U to‘xtamayotganidan hafsalam pir bo‘ldi. Biz ularga yana ko‘proq qurol yubormoqchimiz. Biz buni qilishimiz kerak. Ular o‘zlarini himoya qila olishi kerak. Ularga hozir juda qattiq zarba berishyapti. Biz yana qurol-yarog‘ yuborishimizga to‘g‘ri keladi, ha, asosan mudofaa xarakteridagi qurol-yarog‘lar. Lekin ularga juda, juda qattiq zarba berishadi. Bu to‘s-to‘polonda shuncha odam halok bo‘lmoqda», – dedi Donald Tramp Oq uyda jurnalistlarga. Nashrlar xabar berishicha, u Putinning xatti-harakatlaridan norozi ekanini takrorlagan.
Tramp yangi yordam haqida batafsil gapirmadi. Pentagon esa, Trampning bayonotidan ko‘p o‘tmay qurollarni jo‘natish allaqachon boshlangani haqida e’lon qildi.
«Prezident Trampning ko‘rsatmasi bilan mudofaa vazirligi Ukrainaga qo‘shimcha mudofaa qurollarini yuboradi, shunda ukrainaliklar biz barqaror tinchlikka erishish uchun ishlayotganimizda o‘zlarini himoya qilishlari mumkin bo‘ladi», – deyiladi Pentagon matbuot kotibi Shon Parnellning bayonotida.
Bu qanday qurollar ekaniga Parnell aniqlik kiritmadi. AQSh harbiy idorasi matbuot kotibi bir vaqtning o‘zida butun dunyo bo‘ylab AQSh harbiy yordamini tekshirish davom etayotganini ta’kidladi. Amerika rasmiylari Ukrainaga harbiy yordam to‘xtatilishini shunday tekshiruv bilan izohlagandi.
Eron-Isroil ziddiyati yana bosh ko‘tarmoqda
Eron 12 kunlik urush davomida Isroil tomonidan ulkan talafotga uchragan havo hujumidan mudofaa tizimlarini tiklash uchun Xitoydan zenit raketa majmualarini sotib oldi. Bu haqda Eddle East Eye o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Qayd etilishicha, qurollar 24 iyun kuni, tomonlar sulh imzolaganidan keyin topshirilgan. Eron qancha va qaysi turdagi majmualarini xarid qilgani noma’lum, ammo ta’kidlanishicha, u Xitoy bilan savdoni neft orqali amalga oshirgan. Yana bir manbaning qo‘shimcha qilishicha, AQShning arab davlatlari orasidagi ittifoqchilari bundan xabardor bo‘lgan va Vashingtonga tegishli ma’lumotni yetkazgan.
Eron o‘z osmonini himoya qilishda Rossiyaning «Favorit» C-300 zenit raketa majmualaridan foydalanib kelayotgan edi, ammo Isroil bilan urush vaqtida uning samarasiz ekanini namoyon etdi.
AQSh tomonidan Isroilga yetkazib berilgan F-35, F-16 va F-15 qiruvchi samolyotlari Eronning yadro obektlari 50 kilometrgacha yaqinlashib, boshqariluvchi aviabombalarni tashladi. Ammo hujum vaqtida faqat bitta bazadagi zenit raketa majmuasi ishga tushdi, qolgan bazadagilar esa yuz berayotgan voqeadan bexabar bo‘lgan.
Ushbu ma’lumot fonida Isroil Eronga ehtimoliy yangi hujumga tayyorlanayotgani haqida xabarlar tarqaldi.
Xususan, Axios nashrining yozishicha, Isroil Eron yadroviy dasturini qayta tiklashga urinsa, unga qarshi yangi zarbalar berishga tayyorlanmoqda. Netanyahuning atrofidagilar Tramp bunday hujumni «ma’lum shartlar ostida» qo‘llab-quvvatlashi mumkinligiga ishonmoqda.
Yevrokomissiya: HAMAS G‘azoda gumanitar yordamni tortib olayotgani haqida hech qanday dalil yo‘q
Isroilning da’volaridan farqli o‘laroq, Yevropa Ittifoqi G‘azoga yuborilgan insonparvarlik yordami Falastinning HAMAS harakati tomonidan tortib olinayotgani haqida hech qanday tasdiqlangan ma’lumotga ega emas, dedi Yevrokomissiyaning inqirozlarga tayyorgarlik bo‘yicha vakili Yeva Grnchirova.
Bryusseldagi kundalik matbuot anjumanida so‘zga chiqqan rasmiy G‘azo sektoridagi vaziyat «halokatli» va «o‘ta og‘ir»ligicha qolayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqining gumanitar sheriklari mintaqada ishlashda davom etmoqda.
Grnchirova shuningdek, Isroilni gumanitar tashkilotlarning G‘azoga to‘siqsiz kirishini ta’minlashga chaqirdi. «Bizda yordam yetkazib berish uchun ishlaydigan tizim va infratuzilma mavjud, ularni odamlarni ochlikdan qutqarish uchun zudlik bilan ishga tushirish kerak», dedi u.
Yevrokomissiya vakilining ta’kidlashicha, insonparvarlik yordami «xususiylashtirilmasligi, siyosiylashtirilmasligi yoki mojaro quroli sifatida ishlatilmasligi kerak».
Mavzuga oid

14:17 / 08.07.2025
Qozog‘istonga boj solgan Tramp, Rossiyada o‘zini otib o‘ldirgan vazir va “Hsh”ni terrorchilar ro‘yxatidan chiqargan AQSh – kun dayjesti

14:25 / 07.07.2025
Husiylar bilan zarbalar almashgan Isroil, “America Party” tuzmoqchi bo‘lgan Mask va milliardlab zarar ko‘rayotgan Rossiya aeroportlari – kun dayjesti

14:59 / 05.07.2025
Sulhga “ijobiy” javob bergan Hamas, Yevropaga boj qo‘llagan Xitoy va «Katta ajoyib» qonunni imzolagan Tramp – kun dayjesti

13:34 / 04.07.2025