O‘zbekiston | 16:43 / 12.07.2025
4887
4 daqiqa o‘qiladi

Jar yoqasidagi soha: Muammolar ko‘rsatildi, vazirlar esa jim

O‘zbekiston issiqxonachiligi holatini aks ettirgan ko‘rsatuvga ko‘zingiz tushgandir. Milliardlab mablag‘ sarflangan, ammo ayni paytda bir uyum temir tersakka aylangan issiqxonalar... Ular mamlakat iqtisodiyotiga tirgak bo‘lishi mumkin edi.

Jurnalist Shokir Sharipov qisqa videoessesida shu va boshqa misollarga ishora qilib, vazirlarning vazifasi – biror masalani prezident tilga olgandagina jonlanish emas, balki mamlakat oldida turgan keng miqyosdagi chaqiriqlarni anglash va shunga binoan harakat qilish ekanini aytadi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Mamlakatning yarmini aylanib, millonlab dollar sarflangan issiqxonalarning holini ko‘rsatdik. Vazirlar bu manzaraga qancha e’tibor qildi deysizmi? Nol. Prezident biron narsa deyishini kutishmoqda shekilli. Unda vazirlarning nima keragi bor?

Bir necha yil avval chorvachilik inqirozga qarab ketyapti, deb nido qilgan edik. Natijasi esa – sohadagi kamchiliklarni gapirgan chorvadorning tahdidlar ila og‘zini yopish bo‘ldi. (Tahdidchilar, tahdidning yangi porsiyasini bu chorvadorning boshiga yog‘dirish uchun yana yugurib bormangizlar yoniga, u menga shikoyat qilgani yo‘q. Bu ko‘rsatuv ancha avval chiqqan va bu – xotira).

Darvoqe, muammoni gapirganning og‘zini yopish, undan o‘ch olish mahalliy idoralarning odatiga aylandi, va bu “amaliyot” tobora avjiga chiqmoqda.

Bu holda qanday rivojlanamiz, muammolar og‘izlarni yopish bilan “hal qilinadigan” bo‘lsa...

Mana endi go‘sht qimmatlab ketdi, import bilan to‘ldiryapmiz bozorni. Mayli, hozircha import go‘sht yeb turarmiz, kelajakda import qimmatlab ketsa yoki geosiyosiy vaziyat o‘zgarib, yo‘llar yopilib qolsa yoki boshqa biron ish sodir bo‘lsa nima qilamiz, o‘zimizniki mavjud bo‘lmagan sharoitda?

Vazirlar bu haqda o‘ylaydimi yo prezident biron narsa deyishi kerakmi?

Ko‘p yillardan beri faqat erkin dehqon qishloq xo‘jaligini oyoqqa turg‘azishini aytib kelyapmiz. Birgina o‘zim bu haqda 77 marta chiqish qilgan ekanman: maqolalar, ko‘rsatuvlar, intervyular, hujjatli filmlar va hatto multfilmlar orqali.

Lekin butun rivojlangan dunyo tajribasini ko‘rsatsak ham bizda hamon fermerlar huquqsiz – o‘zini himoya qilishga imkon berilmagan. Mahalliy idoralar qishloq xo‘jaligi sohasini sog‘in sigigiriga aylantirib olgan. Vazirlar nimani kutishyapti?

Dunyodagi vaziyat bizga shuni tushuntiryaptiki, o‘zingdan boshqa do‘sting yo‘q – har lahzada senga orqa o‘girishlari va muammolaring bilan yakkama-yakka qoldirishlari mumkin.

Har bir millat avvalo o‘ziga suyanishi kerakligini, tahlikali dunyoda yashab qolish uchun o‘zida barcha imkoniyatlar mavjud bo‘lishi kerakligini tushuntiryapti bizga voqelik. O‘zimizning issiqxonalarimiz ham bo‘lishi kerak, chorvachiligimiz ham.

Vazirlar shu uchun ham vazir-ki bu haqiqatlarni anglashi va mas’uliyatni his qilishi kerak. Vaziyatni anglash vazifasi bitta odamga yuklatilmaydi.

Vazirlik maqomidan to‘g‘ri foydalaningizlar janoblar, xalqqa yaxshilik qilib olish fursati bu sizlar uchun.

Shokir Sharipov

Mavzuga oid