O‘zbekiston | 07:36
2697
3 daqiqa o‘qiladi

Narkologik kasallikka yo‘liqqan mahkumlarga mehnat terapiyasi qo‘llanishi mumkin

Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan, narkologik kasallikka (surunkali alkogolizm, giyohvandlik, zaharvandlik) yo‘liqqan shaxslarga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi.

Foto: Getty Images

Tegishli hujjat loyihasiga ko‘ra, tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llangan hukm qilingan shaxslarning jismoniy holati hisobga olingan holda, shuningdek tibbiy ko‘rsatmalarga muvofiq ularga nisbatan mehnat terapiyasi qo‘llanishi mumkin.

Tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llangan hukm qilingan shaxslar jazoni ijro etish muassasalarining qabul bo‘limida shifokor-narkolog yoki shifokor-psixiatr tomonidan ro‘yxatga olinadi va 3 kun ichida tashxis qo‘yiladi hamda majburiy davolashning davomiyligi belgilanadi.

Jazoni ijro etish koloniyalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarga tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari jazoni ijro etish tizimining ixtisoslashtirilgan muassasalari tomonidan amalga oshiriladi.

Manzil-koloniyalarida saqlanayotgan mahkumlarning tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari umumiy asosda sog‘liqni saqlash tizimining majburiy davolash uchun mo‘ljallangan narkologiya muassasalarida amalga oshiriladi.

Narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolash davomiyligi olti oydan kam bo‘lmasligi hamda o‘n sakkiz oydan oshmasligi kerak.

Tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llashga hukm qilingan shaxslarni tekshirish va davolash Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan standartlar va klinik bayonnomalarga muvofiq amalga oshiriladi.

Statsionar davolanish uchun yotqizilgan alkogolizm bilan kasallangan bemorlarning narkologik statsionar bo‘limidagi minimal davolanish muddati qirq besh kundan, giyohvand yoki zaharvandlarni esa oltmish kundan kam bo‘lmasligi lozim.

Har bir bemorga statsionar bemorning tibbiy kartasi (kasallik tarixi) to‘ldiriladi, unga bemor to‘g‘risidagi barcha zaruriy ma’lumotlar kiritiladi.

Jazoni ijro etish muassasa tibbiy komissiyasiga davolash-profilaktika yordamini ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i raislik qiladi, komissiya tarkibiga shifokor-narkolog (yoki shifokor-psixiatr) hamda shifokor-terapevtlari kiradi.

Jazoni o‘tash mobaynida narkologik kasallikdan majburiy davolash kursini tugallamagan mahkum ozod etilgan taqdirda, jazoni ijro etish muassasasining ma’muriyati u yashaydigan manzildagi narkologiya muassasasi hamda ichki ishlar organlarini mahkumni ozod etilganligi to‘g‘risida nizom ilovasiga muvofiq shaklda quyidagi muddatlarda xabardor qilinadi:

sud tayinlagan jazo muddatini o‘tab bo‘lganligi munosabati bilan ozod etilayotganligi to‘g‘risida – o‘n kun oldin;
jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish, jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish, amnistiya akti yoki afv etish munosabati bilan ozod etilganligi to‘g‘risida – uch kun muddat ichida.

Bunda tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llangan hukm qilingan shaxsning tibbiy ambulator kartasidan ko‘chirma ham yuboriladi. Xabarnomaning bir nusxasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti Tibbiyot bo‘limiga yuboriladi.

Mavzuga oid