O‘zbekiston | 22:42 / 14.07.2025
1081
2 daqiqa o‘qiladi

«Tashabbusli budjet»da 823 ta mahallaga tanaffus berildi

O‘zbekiston bo‘ylab 823 ta mahalla, jumladan, ularda joylashgan muassasalarga «Tashabbusli budjet»ning 15 iyuldan boshlanadigan 2-mavsumi, shuningdek, kelasi yil 1-mavsumida qatnashishga tanaffus beriladi.

«Tashabbusli budjet»ning 2025 yil 2-mavsumi va 2026 yil 1-mavsumida 823 ta mahallaga tanaffus beriladi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, bundan avvalgi ikki ovoz berish: 2024 yil 2-mavsumi hamda 2025 yil 1-mavsumida ketma-ket g‘olib bo‘lgan mahallalar keyingi ikki ovoz berishda tanaffus oladi.

Ya’ni mazkur mahallalar (shuningdek, ushbu mahallalarda joylashgan maktab, bog‘cha, tibbiyot muassasalari va boshqa tashkilotlar) navbatdagi ikki mavsum doirasida o‘z loyihalari bilan ishtirok eta olmaydi.

Tanaffus beriladigan mahallalarning to‘liq ro‘yxati bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin.

G‘oliblar ro‘yxatiga aniqlik kiritilgan hollarda har mavsum boshlanishidan avval tanaffus berilayotgan mahallalar ro‘yxati Iqtisodiyot va moliya vazirligining rasmiy sahifalari hamda OpenBudget portalida e’lon qilib boriladi.

Bundan tashqari, Namangan shahridagi Dashtbog‘, Kogon shahridagi Nurafshon va Shumanay tumanidagi Begjap mahallalarining 2025 yil 1-mavsumidagi loyihalari rad etilgani sababli ularga tanaffus berilmaydi.

Mavzuga oid