Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Ular xalq xizmatiga qaytarilishi kerak” – SSV vaziri “qizamiq epidemiyasi” bo‘yicha qamalgan namanganlik vrachlar haqida
2023-2024 yillarda respublika bo‘ylab qizamiqqa chalinish holatlari uchragan. Ayniqsa, Toshkent shahri, Toshkent, Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida vaziyat jiddiy tus olgan: surunkali kasalligi va nogironligi bo‘lgan bolalar qizamiq asoratidan vafot etgan. Biroq “qizamiq epidemiyasi” respublika bo‘ylab kuzatilgan vaziyatda faqatgina namanganlik vrachlar jinoiy jazoga tortilgan. Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining SSVda o‘tkazilgan sayyor majlisida vazir namanganlik vrachlarga tayinlangan jazo adolatsiz ekanini bildirdi.

Foto: Qonunchilik palatasi matbuot xizmati
Sog‘liqni saqlash vazirligida Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining sayyor majlisi o‘tkazildi.
Kun.uz manbasiga ko‘ra, yig‘ilishda vazir Asilbek Xudoyorov Oliy sud raisi Baxtiyor Islomovga “qizamiq epidemiyasi” bo‘yicha namanganlik vrachlarga tayinlangan jazo adolatsiz ekani, tibbiyot xodimlari jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilinib, xalq xizmatiga qaytarilishi maqsadga muvofiqligi haqida fikr bildirgan. Vazir o‘z fikrlarini respublikada epidemiolog-vrachlarga katta ehtiyoj borligi, kadrlar yetishmovchiligi oqibatida Sanepidqo‘m tizimidagi muassasalarda 30 foiz epidemiolog shtatlari vakant ekani, faoliyat olib borayotgan epidemiologlarning ham 50 foizidan ortig‘i pensiya yoshidagi xodimlar bo‘lgani bilan asoslagan.
Vazir aytgan vrachlar kimlar?
2023 yil yanvaridan respublikaning deyarli barcha viloyatlarida qizamiq kasalligi bilan kasallanish qayd etila boshlangan. Ayniqsa, Toshkent shahri, Toshkent, Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida kasallik jiddiy tus olgan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘limi boshlig‘ining Kun.uz tanishgan ma’lumotnomasida keltirib o‘tilgan.
Ma’lumotnoma JIB Namangan shahar sudining 2024 yil 14 noyabrdagi hukmi bilan sudlangan sudlanuvchilarning ish hujjatlarini o‘rganish bo‘yicha tayyorlangan. Ushbu sud hukmi bilan Namangan viloyati “SES” va sog‘liqni saqlash tizimida ishlovchi ayrim mas’ullar sudlangan.
Kun.uz o‘rgangan sud hukmida keltirilishicha, boshqarma mas’ullari M.T., U.M. va Sh.L. 2023 yil yanvar-avgust oylari davomida viloyatda 311 nafar bemorda qizamiq aniqlangan bo‘lsa-da, epidemiologik vaziyatni go‘yoki “ijobiy” ko‘rsatib, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga soxta ma’lumotlar taqdim qilishgan.
Sud hujjatida viloyatda qizamiqqa chalingan bemorlarni aniqlash, ajratib qo‘yish va yuqumli kasalliklar shifoxonalariga yotqizish, ular bilan muloqotda bo‘lgan shaxslarni laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazish va emlash choralarini ko‘rish ishlari amalga oshirilmagani, kasallikka chalingan bemorlar ustidan epidemiologik surishtiruv va tibbiy kuzatuvlar olib borilmagani keltirilgan. Buning oqibatida viloyat hududida aholi, ayniqsa yosh bolalar o‘rtasida qizamiq kasalligi keskin ko‘payib, epidemiologik vaziyat yomonlashgan. Jumladan, viloyatda 2023 yilda 1 912 nafar, 2024 yil yanvar-fevral oylarida 875 nafar fuqaroga qizamiq yuqqan, 25 nafar surunkali kasalligi bo‘lgan bolalar esa ushbu kasallik asoratidan vafot etgan.
Namangan viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori lavozimida ishlab kelgan I.T. esa aniqlangan yuqumli kasallik bo‘yicha hududiy SEO va JS bo‘limlariga 12 soat ichida telefon orqali va 24 soat ichida yozma ravishda shoshilinch xabarnoma jo‘natmaganligi va haqiqiy holatni yashirish maqsadida 74 nafar bemorning kasallik tarixiga qizamiq tashxisi o‘rniga boshqa turdagi kasallik tashxisini yozib qo‘ygani aytiladi.
Hukmga ko‘ra, Namangan viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori lavozimida ishlagan A.R. esa 2023 yilda markazda 46 nafar bemor yuqumli kasallikka gumon qilinib, ularning 18 nafarida qizamiq kasalligining klinik alomatlari mavjud bo‘lsa-da, laboratoriya tekshiruvlarini tashkil etmagan. Buning oqibatida markazda davolanayotgan bemorlar o‘rtasida hamda ular bilan yaqin muloqotda bo‘lgan boshqa shaxslar orasida qizamiq keng tarqalishiga va epidemiologik vaziyat keskinlashib ketishiga sababchi bo‘lgan.
Sud hujjati bilan 5 nafar vrach 3 yil 1 oydan ozodlikdan mahrum qilish jazosiga tortilgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi Onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘limi boshlig‘ining ma’lumotnomasida respublikada qizamiq kasalligi bilan kasallanish bo‘yicha Namangan viloyati 2023 yilda 2-o‘rinda, 2024 yilda 3-o‘rinda bo‘lgani qayd etilgan. Ma’lumotnomada Namanganda vafot etgan 25 nafar bolaning ko‘pchiligi kasallanishdan oldin emlanmagani, qo‘shimcha kasalliklari bo‘lgani, xususan, kasallik pnevmoniya bilan asoratlangani aytiladi.
Bundan tashqari, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisi Bahodir Yusupaliyev ham 2025 yil 30 iyun kuni Oliy sud raisi B.Islomovga rasmiy xat bilan murojaat qilgan.
Xatda tibbiyot xodimlarining javobgarlikka tortilishi noqonuniy va tayinlangan jazo adolatsiz ekani bildirilgan.
Mavzuga oid

14:34
Toshkent va Namanganda o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilganlar ushlandi

11:04 / 12.07.2025
SSV tizimida uch turdagi korrupsion jinoyat ko‘p uchrayapti

17:51 / 07.07.2025
Prezidentga Namangan viloyatida islohotlar natijadorligi bo‘yicha hisobot berildi

19:42 / 02.07.2025