Iqtisodiyot | 19:31 / 15.07.2025
6791
2 daqiqa o‘qiladi

20 iyuldan boshlab 1-2 kunga xorijga chiqqanlar O‘zbekistonga bojsiz tovar olib kirolmaydi

Bojxona qo‘mitasi aholiga murojaat qilib, kelayotgan yakshanbada kuchga kiradigan yangi qoidani eslatdi. Unga ko‘ra, fuqaro agar O‘zbekistonni tark etganiga 2 yoki 3 kundan oshmagan bo‘lsa (qaysi transportda kelayotganiga qarab), o‘zining shaxsiy ehtiyoji uchun olib kelayotgan birortayam tovarini boj to‘lamasdan olib kirolmaydi. Avvalroq bojsiz olib kirish limitlari 2 barobarga pasaytirilgandi.

Foto: Ralf Geithe / Getty Images

O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi xorijga chiqib keluvchilarga qonunchilikdagi yangilik haqida eslatdi.

2025 yil 20 iyuldan e’tiboran, jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyoji uchun notijorat maqsadlarida respublikaga olib kiriladigan tovarlarning bojsiz olib kirish normalari qo‘llanishi uchun:

  • poyezdda, avtomobilda yoki piyoda ravishda kirib kelayotgan shaxslar xorijiy davlatda 2 kundan,
  • samolyotda qaytayotgan yo‘lovchilar esa xorijiy davlatda 3 kundan kam muddat bo‘lmasligi talab etiladi.

“Aks holda, ushbu tovarlarga bojsiz olib kirish normasidan ortiq deb qaraladi hamda tovarning to‘liq qiymatidan yagona bojxona to‘lovi undiriladi.

Bojxona qoidalariga rioya qilishingizni so‘raymiz!” – deyiladi qo‘mita matbuot kotibi Husan Tangriyevning eslatmasida.

Yangi tartib Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 19 aprel kungi qarori asosida kiritilmoqda. Bu qaror jamoatchilik muhokamasiga chiqarilmasdan qabul qilingan.

Shu qarorga asosan, 1 maydan boshlab jismoniy shaxslarning xorijdan tovar olib kirishi limitlari ham pasaytirilgan edi:

  • samolyotda kelayotgan jismoniy shaxslar notijorat maqsadda bojsiz olib kirishi mumkin bo‘lgan tovarlar qiymati 2000 dollardan 1000 dollarga tushirildi;
  • poyezdda kelayotganlar uchun bu limit 1000 dollardan 500 dollarga pasaytirildi.

Avval kurerlik jo‘natmalari orqali bir chorakda 1000 dollargacha bo‘lgan tovarlarni bojsiz olib kirish mumkin bo‘lgan bo‘lsa, 1 maydan e’tiboran bu limit bir oyda 200 dollargacha pasaytirildi.

Bojxona qo‘mitasi bu o‘zgarishlarni “yirik partiyadagi tovarlar mayda partiyalarda hech qanday bojxona to‘lovlarisiz kirib kelayotgani” bilan izohlagan. O‘shanda iqtisodchi Otabek Bakirov “mahalliylashtiruvchilar” foydasiga kiritilgan import bojlarini olib tashlashga chaqirgandi.

Mavzuga oid