Jahon | 15:24
1056
2 daqiqa o‘qiladi

Migrantlarga Rossiyaga kirishda tibbiy ma’lumotnoma taqdim etish majburiyati yuklanishi mumkin

Qonun loyihasiga ko‘ra, chet el fuqarolari chegarada amaldagi tibbiy sug‘urta polisini, shuningdek, OIV, B va C gepatitlari, sifilis va sil kasalligi yo‘qligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomalarni taqdim etishi shart.

Foto: Artem Geodakyan / TASS

Rossiya Davlat Dumasi deputatlari mehnat migrantlarini Rossiyaga kirishda virusli infeksiyalar yo‘qligi to‘g‘risida tibbiy ma’lumotnoma taqdim etishga majburlash tashabbusi bilan chiqdi. Bu haqda Davlat Dumasining Mehnat, ijtimoiy siyosat va faxriylar ishlari bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Yaroslav Nilov ma’lum qildi.

«Rossiyaga pul ishlash uchun kelayotgan xorijliklar o‘z muammolarini olib kelmasdan, bizning muammolarimizni hal qilishi kerak. Masalan, bir qator mamlakatlarda tibbiy sug‘urtangiz bo‘lmasa, kirish rad etilishi mumkin. Unda Rossiyaga migrantlar ommaviy ravishda kelganida nega biz bu talabni e’tiborsiz qoldiramiz?», deb yozdi u ijtimoiy tarmoqda.

Nilovning aytishicha, qonun loyihasi allaqachon tayyorlandi, unga ko‘ra, chet el fuqarolari chegarada amaldagi tibbiy sug‘urta polisini, shuningdek, OIV, B va C gepatitlari, sifilis va sil kasalligi yo‘qligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomalarni taqdim etishi shart.

Bundan tashqari, shaxsning giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni iste’mol qilmasligini tasdiqlovchi hujjatli dalillar talab qilinadi. Bu hujjatlarsiz Rossiyaga kirish imkonsiz bo‘ladi, dedi deputat.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, Rossiyaga 90 kundan ortiq muddatga kelgan xorijiy fuqarolar tibbiy ko‘rikdan o‘tishi shart. Hozir bu odatda Rossiyaga kirgandan keyin amalga oshirilyapti.

Nilovning tashabbusi tibbiy nazoratni chegarani kesib o‘tishdan oldin, ya’ni o‘z davlatida o‘tkazilishini nazarda tutadi.

Mavzuga oid