Jahon | 15:19
3509
3 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistoni 170 km uzunlikdagi osmono‘par shahar loyihasini qayta ko‘rib chiqmoqda

Loyihani qayta ko‘rib chiqish sabablari sifatida neft narxining pasayishi, xorijiy investitsiyalar kutilganidan kamaygani va budjet taqchilligi keltirilmoqda.

Foto: NEOM

Saudiya Arabistoni suveren jamg‘armasi bir nechta konsalting firmalariga murojaat qilib, uzunligi 170 kilometr, kengligi 200 metr va balandligi 500 metr bo‘lgan «The Line» futuristik osmono‘par shahar qurish loyihasini tahlil qilishni so‘radi. Bu haqda Bloomberg manbalarga tayanib xabar berdi.

Qayd qilinishicha, jamg‘arma firmalardan loyihani amalga oshirish imkoniyatini tekshirishni va ehtimol o‘zgartirishlar kiritishni taklif qilishni so‘ramoqda.

Bloomberg loyihani qayta ko‘rib chiqish sabablari sifatida neft narxining pasayishi, xorijiy investitsiyalar kutilganidan kamayganini va budjet taqchilligini keltirdi. Agentlik ta’kidlaganidek, Brent nefti hozir bir barrel uchun 71 dollardan sotilyapti, Saudiya Arabistoni esa o‘z budjetini muvozanatlashi uchun 96 dollar narxga muhtoj. Katta loyihalarni amalga oshirish uchun esa bir barreliga 113 dollar kerak bo‘ladi.

O‘tgan yil aprel oyida nashr Ar-Riyod o‘zining «The Line» bo‘yicha rejalarini qayta ko‘rib chiqqanini yozgan edi: agar ilgari osmono‘par shaharda 2030 yilgacha 1,5 million kishi istiqomat etishi taxmin qilingan bo‘lsa, endi rasmiylar bu sanaga qadar bor-yo‘g‘i 300 ming aholiga umid qilmoqda.

Hozir u yerda loyihada ishlaydigan ishchilardan tashqari deyarli hech kim yashamaydi. Osmono‘par bino qurilishi 2021 yil oktyabr oyida boshlangan. «The Line» Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmonning Neom loyihasi bir qismidir. Loyiha doirasida, xususan, Trojyena tog‘-chang‘i kurorti va Sindala qirg‘oq kurortini qurish ham rejalashtirilgan. O‘z navbatida, Neom loyihasi Vision 2030 rejasining bir qismi bo‘lib, Muhammad bin Salmon kutganidek, investorlar va sayyohlarni jalb qiladi va qirollikka neft qaramligidan xalos bo‘lishga yordam beradi. «The Line» narxi 1 trillion dollarga baholanmoqda, deb yozdi Bloomberg.

Mavzuga oid