Jamiyat | 20:19 / 15.07.2025
7429
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda ko‘p qavatli uy qurish bilan shug‘ullangan MChJ fuqarolarni chuv tushirdi

Olmazor tumanida joylashgan ushbu ko‘p qavatli uyni qurish tegishli ruxsatnoma va hujjatlarsiz boshlangan. Poytaxt IIBBga ko‘ra, MChJ ta’sischilari 2023-2024 yillar davomida shartnomalar tuzib, fuqarolarning juda ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Foto: Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi poytaxtning Olmazor tumanida ko‘p qavatli uy qurish va’dasi bilan fuqarolarni chuv tushirgan MChJ ishi bo‘yicha ma’lumot berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda bir guruh fuqarolar uy sotib olish maqsadida to‘lov qilib, aldangani haqida xabarlar tarqaldi.

Qayd etilishicha, Toshkent shahri Olmazor tumanidagi Chilto‘g‘on mahallasi «Usta Olim» 2-berk ko‘chasida joylashgan qurilish ishlari Strong Cities MChJ tomonidan amalga oshirilgan. Biroq ushbu obekt bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda zarur ruxsatnoma va hujjatlar olinmagan.

Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 20 apreldagi 200-sonli qarori talablariga ko‘ra:

  • qurilishga ruxsatnoma olinmagan;
  • arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i ishlab chiqilmagan;
  • loyiha-smeta hujjatlari Toshkent shahar Qurilish boshqarmasi bilan kelishilmagan.

Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda, obektda faqat yer uchun kadastr hujjatlari mavjudligi, qurilish va montaj ishlarini amalga oshirish uchun esa zarur hujjatlar yo‘qligi aniqlangan.

Natijada, belgilangan tartibda ogohlantirish xati yuborilib, qurilish va montaj ishlari to‘xtatilgan.

Shuningdek, obekt seysmik xavfsizlik talablariga javob bermagani bois, quruvchi tashkilot tomonidan o‘z ixtiyori asosida obektda demontaj ishlari amalga oshirilgan.

Shu bilan birga, loyiha-smeta va boshqa tegishli texnik hujjatlar qayta ko‘rib chiqilib, to‘liq rasmiylashtirilgan holda qurilish ishlarini belgilangan tartibda davom ettirilishi quruvchi tashkilot vakillari tomonidan ta’kidlangan.

«Fuqarolardan uy-joy xarid qilishda obektning barcha huquqiy hujjatlari va ruxsatnomalari mavjudligini sinchiklab tekshirish tavsiya etiladi», - deyiladi vazirlik munosabatida.

Toshkent shahar IIBBning ma’lum qilishicha, fuqaro T.Nodir va boshqalar 2021 yilning 11 avgust kuni Strong Cities MChJni tashkil etib, tegishli me’yoriy hujjatlarni rasmiylashtirmasdan va hududiy nazorat qilish inspeksiyasidan ro‘yxatdan o‘tmasdan, ko‘p qavatli uyni qurishni va ushbu uydagi xonadonlarni sotishni va’da qilgan.

Shuningdek, ular qonunchilikda belgilangan talablarga zid ravishda xizmat ko‘rsatuvchi bankda alohida hisobvaraq ochmasdan, 2023-2024 yillar davomida shartnomalar tuzib, fuqarolarning juda ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi (firibgarlik, juda ko‘p miqdorda sodir etilishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov jarayonida fuqaro T.N.ga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Mavzuga oid