Jahon | 12:01
5498
11 daqiqa o‘qiladi

Trampning «muhim bayonoti». Kiyevga – qurollar, Moskvaning savdo hamkorlariga 100 foizlik bojlar bilan tahdid

AQSh prezidenti Donald Tramp Moskvani 50 kun ichida Ukraina mojarosini hal qilishga chaqirdi, aks holda Rossiya va uning savdo hamkorlariga 100 foiz miqdorida ikkilamchi sanksiyalar joriy etishini ta’kidladi. Bundan tashqari, AQSh va NATO Kiyevga «chindan ham ulkan miqdorda qurol-yarog‘» yetkazib berishga kelishib olgan.

Foto: AP

Oval kabinetda NATO Bosh kotibi Mark Ryutte bilan uchrashgan Donald Tramp Vladimir Putindan hafsalasi pir bo‘lganini va Ukrainadagi mojaroni hal qilish bo‘yicha Moskvaning pozitsiyasidan norozi ekanini ma’lum qildi.

«Biz juda, juda norozimiz. Agar 50 kun ichida tinchlik kelishuviga erisha olmasak, juda katta bojlar kiritamiz. Tariflar 100 foiz atrofida bo‘ladi», dedi Tramp va bular Rossiyaning savdo hamkorlariga qaratilgan «ikkilamchi tariflar» bo‘lishini qo‘shimcha qildi.

«Prezident Putindan hafsalam pir bo‘ldi, chunki biz ikki oy oldin kelishuvga erishamiz deb o‘ylagandim, ammo bu kelishuvga erishilmaydiganga o‘xshaydi. Shundan kelib chiqib, 50 kun ichida kelishuvga erishilmasa, ikkilamchi bojlarni joriy etishni rejalashtiryapmiz. Hammasi juda oddiy… Umid qilamanki, bunday qilishga to‘g‘ri kelmaydi», – degan Oq uy rahbari.

AQSh yetakchisiga ko‘ra, u Rossiya bilan urush bo‘yicha «taxminan to‘rt marta» kelishuvga yaqin kelganini his qilgan. Biroq bu amalga oshmagan.

«Biz hozircha kelisha olmagan yagona davlat — Rossiya… Nazarimda, biz allaqachon to‘rt marta bitim tuzgandik, endi esa uni tuzish haqida gapirishda davom etmoqdamiz.

Men [Putin] bilan ko‘p gaplashaman, go‘shakni qo‘yaman va „Bu yaxshi telefon suhbati bo‘ldi“, deyman. Keyin esa Kiyev yoki boshqa bir shaharga raketalar uchirishadi. Bu uch-to‘rt marta sodir bo‘lganda, siz [Putin bilan] bu suhbatlar hech qanday ma’noga ega emasligini tushunasiz.

Men uyga kelib, birinchi xonimga shunday deyman: «Bugun men Vladimir bilan gaplashdim. Ajoyib suhbat qurdik. U esa hozirgina navbatdagi shaharga hujum qilinganini aytadi», degan Tramp.

AQSh prezidenti shuningdek, Ukrainaga milliardlab dollarlik harbiy texnika taqdim etilishini ma’lum qildi: Vashington «eng yuqori sifatli qurollarni ishlab chiqarish» va ularni NATOga yuborishni rejalashtirmoqda, keyin esa alyans ularni «kerakli joy»ga yuboradi.

Reuters agentligi yozishicha, bu harbiy jo‘natmalar raketa tizimlari va Patriot batareyalarini o‘z ichiga oladi.

«Bu batareyalarning to‘liq to‘plami», – dedi Tramp undan aynan Patriot raketalarini yetkazib berasizmi, deb so‘rashganida.

U boshqa davlatlar tomonidan buyurtma qilingan 17 ta Patriot batareyasining bir qismi yoki barchasi Ukrainaga «juda tez fursatlarda» jo‘natilishi mumkinligini ta’kidlagan.

Trampning sabri tugadimi?

Biroq, tahlilchilar fikricha, Tramp tomonidan ajratilgan 50 kun juda uzoq muddat bo‘lib, Kremlga manyovr qilish uchun juda katta imkoniyat beradi.

Bundan tashqari, shu paytgacha Putinga ultimatumlar hech qanday natija bermagan.

«Bir qarashda Oq uyning bugungi bayonotlari Ukrainani nihoyatda umidlantiradi. Kiyev va’da qilingan mudofaa qurollari uning hududida paydo bo‘lganini ko‘rganda yanada ruhlanadi, – deb yozadi BBC ning xavfsizlik masalalari bo‘yicha muxbiri Frenk Gardner. – Ammo Rossiya prezidenti Trampning o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi 50 kunlik ultimatumiga kelsak, biz buni allaqachon boshdan kechirganmiz va katta umidlar prezidentlar Tramp va Putin tomonidan birgalikda yo‘qqa chiqarilgan».

U, shuningdek, may oyida Yevropaning to‘rtta eng yirik davlati – Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya va Polsha rahbarlari Kiyevda bo‘lib, Moskvaga o‘t ochishni to‘xtatish, aks holda qattiq sanksiyalar qo‘llash bo‘yicha ultimatum qo‘yganini eslatdi.

O‘shanda Vladimir Putin bunga javoban Istanbulda Ukraina bilan «to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar» o‘tkazishni taklif qilgandi, Tramp esa amalda Ukraina prezidentiga Turkiyaga kelishni buyurgandi. Zelenskiy Turkiyaga keldi, Putin kelmadi, Tramp esa indamadi.

Bu safar hammasi boshqacha bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi Gardner, chunki Donald Tramp hech bo‘lmaganda omma oldida Rossiya yetakchisidan noroziligini bildirmoqda.

«Ammo 50 kun Kremlga manyovr qilish uchun yetarlicha kenglik, tahdidli sanksiyalarga qarshi choralar tayyorlash uchun vaqt beradi. Hozirgi harbiy harakatlar sur’atida 50 kun ichida Rossiya nazariy jihatdan tungi bombardimonlar paytida Ukrainaga 25 mingtagacha dron va raketalar uchirishi mumkin», – deya fikr yuritadi Gardner.

BBC’ning Shimoliy Amerika bo‘yicha muxbiri Entoni Zurker o‘z sharhida Oq uyning tashqi siyosatidagi keskin burilishga e’tibor qaratadi.

Zurkerning fikricha, bunga Trampning shunchaki sabr kosasi to‘lgani sabab bo‘lgan. Aprel oyidayoq AQSh prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi urushni to‘xtatishdan, jumladan, tinch aholi obektlarini bombardimon qilishni davom ettirishdan chin dildan manfaatdormi, degan savolni bera boshlagan edi.

«Menimcha, u urushni to‘xtatishni istamayotganga o‘xshaydi, u shunchaki meni manipulyatsiya qilyapti», deb yozgandi Tramp o‘shanda Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.

Endi Tramp nafaqat qurol va’da qilmoqda, balki Rossiyaning o‘ziga ham, Moskva bilan biznes olib borayotganlarga ham bojlar bilan tahdid qilmoqda.

Va, aftidan, bunday burilish AQShning barcha siyosiy kuchlariga ma’qul.

Senatning Xalqaro munosabatlar qo‘mitasi rahbariyatiga kiruvchi demokrat senator Jin Shahin dushanba kuni «prezident nihoyat Ukraina masalasida o‘ziga kelayotgani» haqida gapirdi.

«Bu bayonot [qurol-yarog‘ yetkazib berish to‘g‘risida] NATO Putinning Ukrainaga qarshi bosqinchilik urushi va uning ittifoqimizga putur yetkazishga urinishlari qarshisida ortga chekinmasligini ko‘rsatuvchi kuchli signaldir», – dedi u.

Tramp yangi sanksiyalarni qanday vakolatlar asosida joriy etmoqchi ekani haqidagi savolga aniq javob bermagan bo‘lsa-da, Kongress Rossiyani murosasizlik uchun jazolashning yangi usullarini taqdim etadigan yangi qonun qabul qilishga tayyor ko‘rinadi, deydi Vashingtondan Entoni Zurker.

«Rossiyaga nisbatan bu qadam prezident irodasining mustahkamligi uchun yangi sinov bo‘ladi va bir vaqtning o‘zida uning „Birinchi navbatda Amerika“ shioriga ergashuvchilarning loyalligini tekshiradi», – deb yozadi Zurker.

Ittifoqchilar reaksiyasi

NATO bosh kotibi Mark Ryutte bu qarorni «chinakamiga katta voqea» deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Ukraina havo hujumidan mudofaa, raketalar va o‘q-dorilar uchun «haqiqatan ham katta miqdordagi harbiy texnika» olishi mumkinligini anglatadi.

«Agar men Vladimir Putinning o‘rnida bo‘lganimda va yaqin 50 kun ichida nima rejalashtirilayotganini eshitganimda, Ukraina bilan muzokaralar stoliga o‘tirish kerakligi haqida o‘ylagan bo‘lardim», – dedi Ryutte.

U Tramp Ukrainaga Rossiyaga qarshi mudofaa qobiliyatini saqlab qolish imkonini beradigan qaror qabul qilgani va buning uchun yevropaliklar to‘lashini qo‘shimcha qilgan. AQSh prezidenti esa bunga javoban bu «mutlaqo mantiqiy» ekanini aytdi.

BBC diplomatik muxbiri Pol Adams Tramp prezidentlik lavozimiga qaytganidan keyin birinchi marta Kiyevga Amerikaning yangi qurollarini taqdim etishiga urg‘u qaratdi.

«Bir necha oy davom etgan og‘riqli muzokaralardan keyin AQSh NATOning boshqa a’zolariga qurol sotadigan, ular esa keyin uni Kiyevga beradigan bo‘ldi. Ukraina qurol oladi. AQSh bundan foyda ko‘radi. Hamma mamnun», – deb yozadi Adams.

Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat idorasi rahbari Kaya Kallas AQSh prezidentining Rossiyaga nisbatan qat’iyroq pozitsiyasini olqishladi, biroq 50 kunlik ultimatum «juda uzoq» ekanini aytdi.

«Prezident Trampning Rossiyaga nisbatan qat’iy pozitsiyada ekani juda ijobiy. Boshqa tomondan, ular har kuni begunoh fuqarolarni o‘ldirayotganini hisobga olsak, 50 kun juda uzoq muddat», – dedi Kallas xonim jurnalistlarga.

Ukrainaga va’da qilingan Patriot tizimlari

So‘nggi oylarda Ukraina G‘arb ittifoqchilaridan o‘z shaharlarini havo hujumlaridan himoya qilish uchun ko‘proq Amerikaning Patriot havo mudofaa tizimlarini taqdim etishni so‘ramoqda (bunday majmualar boshqa tizimlardan farqli o‘laroq, ballistik raketalarni ham tutib qolishga qodir).

Tramp qo‘shimcha Patriot tizimlarini topishga urinib ko‘rishini bir necha bor aytgan, biroq buni amalga oshirish oson emasligi, chunki ularga talab juda katta ekanini ta’kidlagan.

Ukrainaga Amerika qurollarini yetkazib berish uchun yevropalik ittifoqchilar pul to‘lashi sxemasini Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy iyun oyida NATO sammitida taklif qilgandi.

Rimdagi sammit chog‘ida Germaniya kansleri Fridrix Mers Berlin AQShdan Patriot komplekslarini sotib olishga va ularni Ukrainaga yetkazib berishga tayyorligini aytdi va o‘tgan hafta Trampdan buni so‘raganini bildirdi. «Amerikaliklarning o‘zlariga ba’zilari kerak, lekin ularda ko‘p... Hozircha yetkazib berish amalga oshirilishi yoki yo‘qligi hal qilinmagan», – dedi u.

O‘tgan hafta bu haqda Donald Trampning o‘zi ham gapirdi.

«Biz ularga juda muhtoj bo‘lgan „Patriotlar“ni yuboramiz, chunki Putin ko‘pchilikni hayratda qoldirdi. U silliq gapiradi, keyin kechqurun hammani bombardimon qila boshlaydi. Ammo bu yerda kichik muammo bor: bu menga yoqmayapti», – dedi Tramp yakshanba kuni jurnalistlarga.

Kreml Trampning AQSh Kiyevga qo‘shimcha qurol-yarog‘ yuborishi haqidagi bayonotiga izoh berib, Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berish «davom etgani va davom etayotgani»dan kelib chiqishini aytdi.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Vashington tomonidan «qimmatga tushish va hokazolar haqida ko‘p gapirilgani», ammo qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar jo‘natilishi to‘xtamayotganini ta’kidlagan.

Mavzuga oid