Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Hibsga olingan Sharof Rashidov tumani hokimi nomidan pul ajratishga oid 5 ta qaror imzolangani aniqlandi
Sharof Rashidov tumani sobiq hokimi Mahmud Xolbo‘tayev 8 iyul kuni pora bilan tezkor tadbirda ushlanganidan so‘ng uning nomidan 5 ta qaror imzolangan. Ularning barchasi pul ajratishga oid. Holat yuzasidan prokuratura tergovga qadar tekshiruv harakatlarini olib bormoqda.

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanining 2025 yil 8 iyul kuni hibsga olingan hokimi nomidan qarorlar imzolangani aniqlandi.
e-qaror.gov.uz platformasiga ko‘ra, qarorlarning 2 tasi sobiq hokim Mahmud Xolbo‘tayev qo‘lga olingan 8 iyul kuni, 3 tasi esa 9 iyul kuni uning nomidan imzolangan. Ularning barchasi mahalliy kengash qarori.
Jumladan, xalq deputatlari tuman kengashining 2025 yil 8 iyuldagi VII-10-94-3-46-K/25-sonli qarori bilan tuman Obodonlashtirish boshqarmasiga 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan o‘tkaziladigan bayram tadbirini yuqori saviyada tashkil etish maqsadida tuman markaziy ko‘chasini tartibga keltirish va bayroqlar sotib olishga 42 mln so‘m, tumandagi ko‘p qavatli uy-joylarning ta’mirtalab holatga kelib qolgan tom qismini ta’mirlash uchun shifer sotib olishga 70 mln so‘m ajratish belgilangan. Ushbu mablag‘ lotlarni realizatsiya qilishdan kelib tushgan mablag‘larning mahalliy budjetning maxsus g‘aznachilik hisobraqamiga o‘tkazilgan qismi hisobidan ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Mahalliy kengashning 2025 yil 8 iyuldagi VII-10-95-3-46-K/25-sonli qarori bilan tuman hokimligi moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida, devonxona mollarini xarid qilish jarayonida vujudga kelgan qarzdorliklarni qoplash, org-texnika vositalarini ta’mirlash hamda xo‘jalik mollari xarid qilishga 150 mln so‘m ajratilgan.
Shuningdek, kengashning 2025 yil 9 iyuldagi VII-10-96-3-46-K/25-sonli qarori bilan tumanda tashkil qilingan oila va xotin-qizlar bo‘limlari moddiy texnik bazasini mustahkamlash maqsadida 100 mln so‘m, VII-10-97-3-46-K/25-sonli qarori bilan Toqchiliq mahallasi Otchopar massivida sun’iy qoplamali mini futbol maydonini qurish uchun 200 mln so‘m va Qulpisar mahallasidagi madaniyat bo‘limiga qarashli binoni joriy ta’mirlash uchun 400 mln so‘m, VII-10-98-3-46-K/25-sonli qarori bilan tuman hokimligi moddiy texnik bazasini mustahkamlash maqsadida devonxona mollarini xarid qilish jarayonida vujudga kelgan qarzdorliklarni qoplash, org-texnika vositalarini ta’mirlash hamda xo‘jalik mollari xarid qilishga 255 mln so‘m ajratish belgilangan.
Holat yuzasidan Jizzax viloyati prokuraturasi rasmiy munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, ushbu holat yuzasidan Sharof Rashidov tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. To‘plangan hujjatlar bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.
Eslatib o‘tamiz, Sharof Rashidov tumani hokimi Mahmud Xolbo‘tayev 10 ming dollar pora olayotganda qo‘lga olinib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.
Mavzuga oid

20:32 / 09.07.2025
Sharof Rashidov tumani hokimi pora bilan ushlandi

12:52 / 24.06.2025
8 sotix yerni 130 mln so‘mga sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi

17:01 / 28.03.2025
Jizzaxda haydovchi yoqilg‘i baki qopqog‘ini yopmagani uchun zapravka xodimini kaltakladi

18:32 / 30.01.2025