Jahon | 21:31 / 21.07.2025
3456
9 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Kiyevga, Ukraina Moskvaga hujum qilishi fonida tomonlar muzokaralarga tayyorlanmoqda

Ukraina harbiylari Moskvaga hujumlarni davom ettirdi. Rossiya poytaxtida turar joy binosi dronlar hujumi nishoniga aylandi. Shahar osmoni muntazam ravishda parvozlar uchun yopilmoqda.

Gleb Garanich / Reuters / Scanpix / LETA

Ukraina qurolli kuchlari Moskva yo‘nalishida dronlarni tobora faolroq uchirmoqda. So‘nggi uch kun ichida, 19-21 iyul kunlari Moskva meri Sergey Sobyanin Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari Moskvaga uchayotgan 60 dan ortiq dronni urib tushirganini ma’lum qildi: 19 iyul kuni – 18 ta, 20 iyul kuni – 31 ta, 21 iyul kuni – 14 ta. Moskvaga hujumlar 17 iyul kuni qayta boshlangan, o‘shanda, Sobyaninning so‘zlariga ko‘ra, havo hujumidan mudofaa kuchlari kun davomida Ukrainaning to‘rtta dronini urib tushirgandi. Bungacha Moskva meri 11 iyuldan 16 iyulgacha deyarli bir hafta davomida Ukraina hujumlari haqida xabar bermagan.

Sobyaninning so‘zlariga ko‘ra, 21 iyulga o‘tar kechasi uchuvchisiz uchish apparatlari qoldiqlari Novaya Moskvaning Kiyevskiy aholi punkti hududiga qulagan. Shahar rahbarining so‘zlariga ko‘ra, «jiddiy zarar va jabrlanganlar yo‘q». Rossiyadagi telegram-kanallar Novaya Moskvadagi zarba oqibatlari aks etgan foto va videolarni tarqatdi. Kadrlarda ko‘p qavatli uy tomida yong‘in sodir bo‘lganini ko‘rish mumkin.

O‘tgan dam olish kunlarida bo‘lgani kabi, Rosaviatsiya Moskvaga dronlar hujumi tufayli Moskva atrofidagi aeroportlar faoliyatiga cheklovlar kiritdi. 21 iyulga o‘tar kechasi Moskvaning barcha to‘rt aeroporti: Sheremetevo, Domodedovo, Vnukovo va Jukovskiy samolyotlarni qabul qilmadi va jo‘natmadi.

19 iyuldan 21 iyul kun yarmigacha bo‘lgan uch kun ichida Sheremetevo 10 marta yopildi. Boshqa aeroportlarda cheklovlar nisbatan kamroq joriy etilgan: Domodedovoda – besh marta, Vnukovoda - besh marta, Jukovskiyda - to‘rt marta. Ushbu cheklovlar tufayli o‘nlab reyslar kechiktirildi va bekor qilindi, bu bir necha ming yo‘lovchiga ta’sir qildi. Rossiya sayyohlik operatorlari assotsiatsiyasi 19-20 iyul kunlari butun mamlakat bo‘ylab «ma’lum bir vaqtga yettita aeroport yopilgani, parvozlarning asosiy qismi Sheremetevoga to‘g‘ri kelgani»ni ta’kidlagan.

8 iyul kuni Rossiya transport vaziri lavozimini egallagan Andrey Nikitin 21 iyul kuni Moskva aeroportlaridagi vaziyat «may oyidagiga qaraganda biroz yaxshilangani»ni aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, osmon yopilishini nazarda tutuvchi «Kover» rejasi qachon joriy etilishini taxmin qilishning iloji yo‘q, ammo «aeroportlar moslashmoqda: yo‘lovchilarning ovqatlanishi, dam olishi kabi masalalarda ishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ymoqda».

«Hamkasblar o‘z faoliyatini tahlil qilishmoqda. Va, menimcha, umuman olganda, dinamika bor. Ammo umuman olganda, na aeroportlar, na aviakompaniyalar buni [Kover rejasi joriy etilishini] oldindan ayta olmaydi. Biz, albatta, Mudofaa vazirligidagi hamkasblarimiz bilan ishlaymiz, nimadir qilishga harakat qilamiz. Ammo bu yerda xavfsizlik birinchi o‘rinda turadi. Noqulayliklar bor, diskomfort bor, lekin hech kim yo‘lovchilar xavfsizligini xavf ostiga qo‘ymaydi», – degan u.

Rossiya armiyasi Ukraina bo‘ylab yopirilma zarbalar yo‘lladi. Nishonlardan biri Kiyev shahri bo‘ldi

Rossiya qurolli kuchlari 21 iyulga o‘tar kechasi Ukrainaga navbatdagi marta yirik zarba yo‘lladi. Ukraina qurolli kuchlari harbiy-havo kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari bir kechada turli rusumdagi 24 ta raketa va 426 ta dron («Shaheed» zarbdor dronlari hamda imitator dronlar) qo‘llagan. Ukraina havo hujumidan mudofaa kuchlari 200 ta zarbdor droni va «raketalarning aksariyati»ni urib tushirgan, 203 ta imitator dron esa nishonga yetib bormagan.

Ukrainaning «PPO radar» telegram-kanali tomonidan tayyorlangan hujumlar xaritasiga ko‘ra, Rossiya zarbalarining asosiy nishonlari Kiyev va Ivano-Frankovsk bo‘lgan.

Kiyev shahri harbiy ma’muriyati rahbari Timur Tkachenkoning ma’lum qilishicha, Kiyevda turar joy binolari, omborlar, bolalar bog‘chasi, do‘konlar, noturar binolar zarbaga uchragan. Shevchenkovskiy rayonida «Lukyanovskaya» metro bekatiga kirish qismi shikastlangan. Tkachenkoning so‘zlariga ko‘ra, Kiyevga uyushtirilgan hujum oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, to‘qqiz kishi yaralangan.

Ivano-Frankovsk shahri Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini davridagi eng yirik zarbani boshdan kechirdi, dedi shahar rahbari Ruslan Marsinkov. Uning so‘zlariga ko‘ra, hududdagi uchta qishloqda turar joy binolariga zarar yetgan, tinch aholi jabrlangan. Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, to‘rt kishi jarohatlangan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya zarbasi oqibatida ikki kishi halok bo‘lgani, kamida 15 kishi yaralangani haqida xabar qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev shahri, Kiyev, Xarkiv va Ivano-Frankovsk oblastlari RF qurolli kuchlari zarbalari ostida qolgan. Bundan tashqari, Ukraina qurolli kuchlari Sumi, Xmelnitskaya, Kirovograd, Mikolayiv, Poltava va Xerson oblastlarida dronlarni urib tushirgan.

«Men Ukrainada va hozir Ukraina bilan hayotni himoya qilish uchun – qurol ishlab chiqarishni ko‘paytirish, havo hujumidan mudofaa qobiliyatimizni mustahkamlash uchun ishlayotgan va sanksiyalar ustida ishlashni davom ettirayotgan barchaga minnatdorman. Faqatgina Rossiyaga nisbatan haqiqiy bosim bu tajovuzni to‘xtatishga qodir», – deydi Zelenskiy.

Rossiya mudofaa vazirligi Rossiya qurolli kuchlari 21 iyulga o‘tar kechasi Ukrainaga zarba berib, harbiy-sanoat kompleksi korxonalari va harbiy aerodromlarga hujum qilganini ma’lum qildi. Rossiya tomoni bayonotiga ko‘ra, hujumda dronlar va «Kinjal» gipertovushli raketalaridan foydalanilgan. «Zarbadan maqsadga erishildi. Barcha belgilangan obektlar aniq nishonga olingan», – deyiladi vazirlik bayonotida.

Rossiya va Ukraina muzokaralarga tayyorlanmoqda. Hozircha faqat uni o‘tkazish joyi ma’lum – Istanbul

Rossiyaning TASS davlat axborot agentligi o‘z manbasiga tayanib xabar berishicha, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarning navbatdagi raundi «hafta oxirida» Istanbulda bo‘lib o‘tishi kutilmoqda, biroq sanasi hozircha aniq emas.

Shu bilan birga, Independent gazetasining Turkiyadagi filialining diplomatik manbalari Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarning yangi bosqichi 23 yoki 24 iyulda bo‘lib o‘tishi kutilayotganini aytgan. Manbalarga ko‘ra, uchrashuv doirasida tomonlar «cheklangan masalalar bo‘yicha texnik muzokaralar» o‘tkazadi.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov 21 iyul kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Kreml muzokaralar qachon o‘tkazilishini «sanalar bo‘yicha yakuniy tushuncha bo‘lishi bilanoq» ma’lum qilishini aytdi.

«Bizning memorandum loyihamiz bor va Ukraina tomoni tomonidan taqdim etilgan memorandum loyihasi bor. Aytaylik, hozircha bir-biriga mutlaqo zid bo‘lgan bu ikki loyiha bo‘yicha fikr almashiladi va muzokaralar o‘tkaziladi. Shuning uchun oldinda katta diplomatik ishlar turibdi», – dedi Peskov.

Ukraina hukumati avvalroq Rossiyaga 21-27 iyul kunlari Istanbulda muzokaralarning yangi raundini o‘tkazishni taklif qilgan edi, dedi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 19 iyul yakunlari bo‘yicha murojaatida. «Muzokaralar dinamikasini oshirish kerak. O‘t ochishni to‘xtatishga erishish uchun hamma narsani qilish kerak. Rossiya tomoni ham yechimlardan yashirinishni bas qilishi kerak. Asirlar almashinuvi. Bolalarning qaytishi. Qotilliklarni to‘xtatish. Tinchlikni haqiqatan ham ta’minlash uchun yetakchilar darajasidagi uchrashuv kerak – chinakamiga uzoq muddatli. Ukraina bunday uchrashuvga tayyor», – degandi Zelenskiy.

Mavzuga oid