O‘zbekiston | 18:27 / 22.07.2025
5944
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’moli rekordi yangilandi

Birinchi marta yozgi kunlik iste’mol hajmi qishki iste’mol hajmidan oshdi.

Foto: Kun.uz

Milliy dispetcherlik markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil 16 iyuldan 21 iyulgacha bo‘lgan anomal issiq davrda O‘zbekiston energetika tizimida sutkalik elektr energiyasi iste’moli va yuklamasi bo‘yicha yangi tarixiy rekordlar qayd etildi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

Xususan, birinchi marta elektr energiyasi iste’molida yozgi ko‘rsatkichlar qishki maksimal ko‘rsatkichlardan oshdi.

Jumladan, 18 iyul kunlik iste’mol miqdori 272,6 mln kVt•soatga tenglashdi. Bu qishki maksimumdan (271,8 mln kVt•soat) va avvalgi yozgi rekorddan (253,3 mln kVt•soat) ko‘proq.

21 iyul kuni soat 17:00 da energetika tizimining maksimal quvvati 13,3 GVt ga yetdi, bu qishki rekorddan (12,5 GVt) va 2024 yil iyul oyidagi ko‘rsatkichlardan (11,8 GVt) yuqori.

Eng katta o‘sish Toshkent shahrida qayd etildi. Xususan, sutkalik iste’mol 32,4 mln kVt•soatga (2024 yilda kuzatilgan maksimal iste’mol - 30,5 mln kVt•soat) yetib, 2024 yilning mos davriga nisbatan 33 foizga ko‘paydi. Eng yuqori yuklama soat 14:52 da 1811 MVt (2024 yilda - 1680 Mvt) bo‘ldi.

Ta’kidlanishicha, joriy iste’mol darajasi 2024 yil iyul oyining shu davriga nisbatan 7,6 foizga yuqori bo‘lib, oy boshidan buyon o‘sish 11 foizni tashkil etdi.

Mavzuga oid