Sport | 20:37 / 22.07.2025
6667
20 daqiqa o‘qiladi

«Real»da yangi himoyachi, APL klublari hujumni kuchaytirmoqda. So‘nggi transfer xabarlari

«Arsenal», «Siti», «MYu» va «Liverpul» yangi hujumchilarni safga qo‘shib olmoqda, «Barsa»ga ham Angliyadan hujumchi kelmoqda.

O‘tgan hafta davomida ham Yevropada bir qancha qiziqarli transferlar amalga oshirildi. Misol uchun, «Chelsi» ikki futbolchisini sotdi, «Real» tarbiyalanuvchisini qaytardi, «Napoli» birato‘la uch, «Atletiko» esa ikki nafar yangi futbolchi bilan tarkibni kuchaytirdi. Quyida so‘nggi kunlarda Yevropa futbolida ro‘y bergan eng so‘nggi yangiliklar haqida.

E’lon qilingan transferlar

Alvaro Karreras: «Benfika» → «Real» (50 mln yevro)

Ushbu himoyachi — «Real» klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. 2020 yilda u «Manchester Yunayted» tizimiga borib qo‘shilgan. Keyin — navbati bilan «Preston», «Granada» va «Benfika» kabi klublarga ijaraga berilgan. O‘tgan yil yozida Portugaliya klubi Karrerasning transfer huquqini 14,3 mln yevroga sotib olgandi. Bir yil o‘tib «Benfika» Alvaroni «Real»ga 3,5 baravar qimmatroqqa sotdi. O‘tgan mavsumda 22 yoshli ispaniyalik lissabonliklar klubi safida barcha turnirlar doirasida 52 o‘yinda maydonga tushib, to‘rt gol urgan, besh golga uzatma bergan hamda 20 marta sariq kartochka olgan. «Real» klubi prezidenti Florentino Peres transferdan keyin Karrerasni Yevropaning eng yaxshi himoyachilaridan biri deb atadi.

Noni Madueke: «Chelsi» → «Arsenal» (55,4 mln yevro)

Bu yozda ham «Chelsi» yangi futbolchilar uchun katta mablag‘ sarfladi — 243 mln yevro. Tabiiyki, balans uchun kimnidir sotish ham kerak. O‘ng qanot hujumchisi pozitsiyasida o‘ynovchi Madueke «Chelsi»ga 2023 yil boshida kelib qo‘shilgandi — londonliklar klubi uni PSV dan 35 mln yevro evaziga xarid qilgandi. Madueke bu klub safida ikki yil ichida 90 o‘yinda maydonga tushib, 20 gol urdi va to‘qqiz golga uzatma berdi. Endi u faoliyatini Londonning boshqa klubi — «Arsenal»da davom ettiradi. «Kanonirlar» 23 yoshli vinger uchun 48 mln funt to‘ladi, yana 4 mln funt bonuslar sifatida va’da qilingan, futbolchi bilan besh yillik shartnoma imzolangan.

Bu transfer «Arsenal» tarixidagi eng qimmatbaho transferlar ro‘yxatida yettinchi o‘rinni egalladi. Qayd etish kerakki, klub fanatlarining bir qismi ushbu transferga norozilik bildirishgandi. Maxsus petitsiyani 4 mingdan ortiq kishi imzolagan. Bundan tashqari, muxlislar ijtimoiy tarmoqlarda #NoToMadueke heshtegi ostida e’tirozlarini bildirishgan. Bunga ko‘p jihatdan klub tarkibda birinchi navbatda markaziy hujum va chap qanot hujumi kuchaytirilishi zarur bo‘lgan holatda o‘ng qanotda Sakaga o‘rinbosar bo‘ladigan futbolchi uchun katta pul to‘langanidan norozi bo‘lishgan.

Brayan Mbeumo: «Brentford» → «MYu» (75 mln yevro)

«Manchester Yunayted» Brayan Mbeumo transferini e’lon qildi. «Brentford» kamerunlik vinger uchun 65 funt oladi, yana 6 mln funt bonuslar sifatida to‘lab berilishi mumkin. Shu tariqa, transfer narxi 82 million yevroga yetishi mumkin. 25 yoshli futbolchi yangi klubi bilan 2030 yilga qadar amal qiluvchi shartnoma imzolagan, kelishuv yana bir mavsumga uzaytirilishi mumkin. «„Manchester Yunayted“ga qo‘shilish imkonidan xabar topishim bilanoq, orzumdagi jamoa bilan shartnoma imzolash imkonidan foydalandim — bu men bolaligimda futbolkasini kiyib yurgan jamoadir», — degan transferdan keyin Mbeumo.

O‘tgan mavsumda Mbeumo barcha turnirlar doirasida 42 o‘yinda maydonga tushib, 20 gol urgan va to‘qqiz golga uzatma bergan. Transfermarkt portali uning bozor narxini 55 million yevroga baholagan. Unga yozgi transferlar doirasida «Tottenhem» va «Arsenal» klublarida ham qiziqish bo‘lgandi.

Iyun oyi boshida «Vulverhempton»dan braziliyalik hujumchi Mateus Kunyani ham sotib olgan «Manchester Yunayted» hujum chizig‘ini kuchaytirishda davom etmoqchi. Insayder Fabritsio Romano «qizil iblislar» «Leypsig» hujumchisi Benyamin Sheshkoga jiddiy qiziqayotgani haqida xabar tarqatdi, nemislar klubi ushbu sloveniyalik 22 yoshli futbolchi uchun 70-80 mln funt talab qiladi. Shuningdek, BBC Sport xabariga ko‘ra, «Manchester Yunayted» «Chelsi» hujumchisi Nikolas Jyekson transferiga ham qiziqmoqda. Uning Transfermarkt bo‘yicha narxi 50 million yevroga baholangan.

Sverre Nyupan: «Rusenborg» → «Manchester Siti» (15 mln yevro)

«Norvegiya va «Manchester Siti» o‘rtasida allaqachon alohida aloqa mavjud», — dedi futbolchi transferdan keyin. «Shaharliklar» safida Erling Holand va Oskar Bobb to‘p surib kelmoqda. Nyupan esa hali 18 yoshda, ammo u «Rusenborg» safida allaqachon 70 dan ortiq o‘yinda maydonga tushib ulgurdi. 14 gol va 11 golli uzatma — juda yaxshi statistika. Lekin ushbu yigitchaga «Siti»ning asosiy tarkibiga kirish oson bo‘lmaydi. Klub Nyupanni ijaraga yuborishi ham mumkin. Sverre hozircha Norvegiya milliy jamoasi safiga jalb etilmagan, ammo yoshlar jamoasida o‘ynab kelmoqda.

Muhammad Quddus: «Vest Hem» → «Tottenhem» (63,8 mln yevro)

35 o‘yin, besh gol, to‘rt golli uzatma — afrikalik futbolchining o‘tgan mavsumdagi statistikasi u qadar katta taassurot qoldirmaydi. Ammo Muhammad «Vest Hem» o‘yinida muhim o‘rin tutgan — u jamoada APLdagi o‘yin vaqti (2604 daqiqa) bo‘yicha to‘rtinchi futbolchi bo‘lgan. Keyingi mavsumda Yevropa ligasi g‘olibi sifatida YeChLda ishtirok etadigan «Tottenhem» ushbu futbolchi uchun pulni ayamadi. Ganalik futbolchi bilan 2031 yilga qadar amal qiluvchi shartnoma imzolandi. Quddusning «Vest Hem»dagi ilk mavsumi ancha yorqin kechgandi — u barcha turnirlar doirasida 14 gol urishga erishgandi. Ammo o‘tgan mavsumda 24 yoshli futbolchi murabbiylar shtabi bilan kelisha olmay qoldi va bu uning natijalariga ta’sir ko‘rsatmay qolmadi. Endi u o‘z salohiyatini Londonning boshqa bir klubida namoyish etishga urinib ko‘radi.

Entoni Elanga: «Nottinghem Forest» → «Nyukasl» (61,4 mln yevro)

Ushbu shved futbolchisi o‘tgan mavsumda «Nottinghem Forest» tarkibida porladi. Uning olti goli va 11 golli uzatmasi jamoaga yevrokubok yo‘llanmasini qo‘lga kiritishda yordam berdi. Elanga «o‘rmonchilar»ga kelishidan oldin «Manchester Yunayted» akademiyasida tarbiyalangan. Elanga — Shvetsiya milliy jamoasiga nomzod futbolchi sanaladi (22 o‘yin, to‘rt gol). «Nyukasl» ustozi Eddi Hau ushbu transfer haqida shunday gaplar aytdi: «Entoni bizning muhim nishonimiz edi, shuning uchun uni mavsumoldi yig‘inlari boshida qo‘lga kiritganimizdan mamnunman. Elanganing tezligi, energiyasi, vaziyatlar yaratishga va gollar urishga qodirligi o‘yin uslubimizga ajoyib to‘ldirish bo‘ladi».

Jorjye Petrovich: «Chelsi» → «Bornmut» (28,8 mln yevro)

Serbiyalik darvozabon ikki yil oldin AQShdan Angliyaga kelgandi. O‘tgan vaqt ichida u «Chelsi» safida 31 o‘yinda maydonga tushib, 44 ta gol o‘tkazib yubordi va yetti o‘yinda darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi. O‘tgan mavsumda Petrovich Fransiyada ham o‘ynab keldi — ijara asosida «Strasburg» darvozasini qo‘riqladi. U Liga 1 chempionatining eng yaxshi darvozabonlaridan biri bo‘ldi, keyin esa APLga qaytdi. «Bornmut» uning transferi uchun 30 mln yevroning bahridan o‘tdi, Jorjye yangi klubi bilan besh yillik shartnoma tuzdi. «Chelsi» so‘nggi yillarda darvozabonlardan kolleksiya qilayotgandi, ammo shu yozning o‘zida ularning to‘rt nafaridan qutuldi. Petrovich «Bornmut»ga, Kepa Arrisabalaga — «Arsenal»ga, Markus Bettinelli — «Manchester Siti»ga, Lukas Bergstryom — «Malyorka»ga yo‘l oldi.

Tiyago Almada: «Botafogo» → «Atletiko» (21 mln yevro)

«Atletiko»ning bu yangi futbolchisi avval Ispaniya chempionatida o‘ynamagan. Lekin 24 yoshli Almadaning faoliyatida Fransiyada «Lion» safida to‘p surish (20 o‘yin, ikki gol, besh uzatma) tajribasi bor. Ushbu klubda ijarada o‘tgan mavsum yakunida Almada «Botafogo»ga qaytgandi, klublar o‘rtasidagi jahon chempionatidagi ishtirokidan keyin esa uni «Atletiko» sotib oldi. Tiyago Argentina milliy jamoasi safida 10 o‘yinda maydonga tushib, to‘rtta gol urgan. 2022 yilda Almada jahon chempioni bo‘lgandi, 2024 yilda esa «Botafogo» safida Braziliya chempioni va Libertadores kubogi sohibiga aylandi.

Jonni Kardozo: «Betis» → «Atletiko» (24 mln yevro)

Madridliklar undan tashqari, AQSh milliy jamoasi a’zosi Jonni Kardozoni sotib oldi. Ushbu futbolchi 2024 yil boshida Braziliya chempionatidan Ispaniyaga kelib, «Betis» bilan shartnoma tuzgandi. Sevilyaliklar klubida o‘tgan bir yarim yil davomida Kardozo 65 o‘yinda maydonga tushib, besh gol urgan va uch golga uzatma bergan. «Atletiko» La liga o‘yinlarida «Atletik», «Real», «Sevilya» va «Jirona» klublari darvozalarini ishg‘ol etgan 23 yoshli futbolchi uchun «Betis»ga 24 mln yevro to‘ladi.

Sem Byokema: «Bolonya» → «Napoli» (31 mln yevro)

«Napoli» o‘tgan haftada jiddiy faollik ko‘rsatdi — jamoaga birato‘la uch nafar yangi futbolchi kelib qo‘shildi. 26 yoshli himoyachi Byokema — ulardan eng qimmat narxda olib kelingani. «Bolonya» transfer uchun 31 mln yevroga ega bo‘ldi, futbolchi esa «Napoli» bilan besh yillik shartnoma imzoladi. O‘tgan mavsumda Sem barcha turnirlar doirasida 48 o‘yinda maydonga tushib, ikki golli uzatma muallifi bo‘lgan hamda to‘rt marta sariq kartochka olgan. Markaziy himoyachi Niderlandiya milliy jamoasidan chaqiruv olish maqsadida nomdorroq klubga o‘tishni xohladi. «Napoli» esa A Seriya (65 o‘yin) va Chempionlar ligasida o‘ynash tajribasiga (8) ega futbolchini qo‘lga kiritdi.

Noa Lang: PSV → «Napoli» (25 mln yevro)

«Napoli»ga o‘tgan yana bir niderlandiyalik futbolchi. Byokemadan farqli o‘laroq, Lang milliy jamoa safida 14 o‘yinda maydonga tushib, uchta gol urishga erishgan. «Tvente», «Ayaks», «Bryugge», PSV — 26 yoshli Noaning karerasidagi klublar. Endi u Yevropaning kuchliroq klubi safida kuchini sinab ko‘rishga qaror qildi. Shu bilan birga, Lang Chempionlar ligasining asosiy bosqichida yetarlicha o‘yin tajribasiga ega — 31 o‘yin. O‘tgan mavsumda niderlandiyalik futbolchi barcha turnirlar doirasida 44 uchrashuvda «gol+pas» tizimida 26 (14+12) ochko ishlashga erishdi. Endi u Italiyada ham shunday sermahsullikni davom ettirishga urinib ko‘radi.

Luka Modrich: «Real» → «Milan» (erkin agent)

Bunday futbolchini boshqa klub formasida ko‘rish madridlik muxlislar uchun juda og‘ir. Modrich «Real»ga 2012 yilda kelgandi, o‘tgan vaqt mobaynida jamoa safida 597 o‘yin o‘tkazdi. Xorvatiyalik futbolchi «Real» formasida qo‘lga kiritgan sovrinlarni bir xonaga sig‘dirib bo‘lmaydi. U Chempionlar ligasida olti bor g‘olib chiqqan va «Oltin to‘p» sohibi bo‘lgan. Bu yozda Luka klublar o‘rtasidagi mundialda jamoa safidagi so‘nggi o‘yinlarini o‘tkazdi va shartnomasi muddati yakuniga yetgani munosabati bilan «Real»ni tark etdi. «Milan» esa faxriy futbolchini erkin agent maqomida o‘z safiga qo‘shib oldi. 39 yoshli yarimhimoyachi yana kamida bir mavsum davomida hali yana nimalarga qodirligini namoyish etadi.

Jordan Henderson: «Ayaks» → «Brentford» (erkin agent)

Yana bir faxriy futbolchi erkin agent maqomida o‘ziga yangi klub topdi. Henderson o‘z vaqtida «Liverpul» sardori sifatida Chempionlar ligasida g‘olib chiqqan va Angliyadagi barcha kuboklarni qo‘lga kiritgandi (APL, Angliya Kubogi, Angliya ligasi kubogi, Angliya Superkubogi). 2023 yilda Jordan kutilmaganda Stiven Jyerrard bilan ishlash uchun «Al-Ittifoq» klubiga yo‘l olgandi, ammo yarim yilda Saudiya Arabistoni chempionatidan bezib qoldi. Keyingi bir yarim mavsumni u «Ayaks» safida o‘tkazdi (57 o‘yin, bir gol, to‘qqiz assist). Endi 35 yoshli tajribali futbolchi tarkibi sochilib ketayotgan «Brentford»ga yordam berishga harakat qiladi — u klub bilan 2027 yil yoziga qadar amal qiluvchi shartnoma tuzgan.

Deyarli hal bo‘lgan transferlar

Viktor Gyokeresh: «Sporting» → «Arsenal»

HERE WE GO! Viktor Gyokeresh — «Arsenal» futbolchisi. Futbol olamidagi eng nufuzli va ishonchli ikki insayder — Devid Ornshteyn hamda Fabritsio Romano buni tasdiqladi. «Arsenal» 27 yoshli shvetsiyalik hujumchi uchun «Sporting»ga 63,5 mln yevro to‘laydi va 10 mln yevro miqdoridagi bonuslar va’da qiladi. Futbolchi bilan besh yillik shartnoma imzolanadi. Qayd etish kerakki, ushbu transfer yozning eng uzoq cho‘zilgan seriallaridan bo‘ldi, Lissabon klubi avvaliga futbolchi uchun uning shartnomasida ko‘rsatilgan badal pulidan ancha ko‘proq pul ishlab olmoqchi edi, ammo futbolchining qat’iyati transferda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi, u faqat «Arsenal»ga o‘tishni xohlashini ma’lum qildi hamda klubining mavsumoldi yig‘iniga kelishdan bosh tortdi, yakunda o‘z maqsadiga erishdi.

Ushbu hujumchi Portugaliya chempionatining o‘tgan mavsumida 33 o‘yinda 39 gol urib, 7 golga uzatma bergan, shuningdek, YeChL doirasida 8 o‘yinda 6 gol va bir assist muallifiga aylangandi. Portugaliya ligasi kubogida ham uch o‘yinda to‘rt gol urishga erishgan.

Markus Reshford: «MYu» → «Barselona» (ijara)

«Barselona» «Manchester Yunayted»ga keraksiz bo‘lib qolgan Markus Reshfordni mavsum oxirida sotib olish huquqi bilan ijaraga olmoqda. Futbolchi ayni vaqtda Kataloniyada bo‘lib turibdi va tibbiy ko‘rikdan o‘tishga tayyorlanmoqda. Fabritsio Romanoning xabariga ko‘ra, futbolchi Ispaniya grandi safiga o‘tish uchun Angliyada olgan maoshi miqdori 15 foizga qisqarishiga rozi bo‘lgan, o‘z navbatida, ijara davrida kataloniyaliklar futbolchining maoshini (14 mln yevro) to‘liq qoplab beradi. «Barsa» mavsum yakunida uning transfer huquqini 30 mln yevroga sotib olishi mumkin. Shu bilan birgalikda, OAVda aytilishicha, Manchester klubi kelishuvga agar kataloniyaliklar futbolchini mavsum oxirida sotib olmaydigan bo‘lsa, 5 mln yevro jarima undirish haqida band kiritgan.

Ugo Ekitike: «Ayntraxt» → «Liverpul» (95 mln yevro)

Mersisaydliklarni bu transferlar oynasida eplab bo‘lmayapti. Florian Virs, Milosh Kerkez va Jyeremi Frimpong allaqachon jamoa mashg‘ulotlarida ishtirok etmoqda, navbatda esa Ugo Ekitike. Fabritsio Romano fransuz hujumchisi ushbu klubga o‘tishga roziligini xabar qildi, u «Liverpul» bilan shaxsiy shartnoma bo‘yicha kelishib qo‘ygan. Sky Spors jurnalisti Patrik Bergerning ma’lumotiga ko‘ra, 23 yoshli hujumchi yiliga 15-16 million yevro miqdoridagi maoshni ko‘zda tutuvchi olti yillik shartnoma imzolaydi. Mersisaydliklar birinchi taklifni rad etgan «Ayntraxt»ga ikkinchi rasmiy taklifni ham yuborgan. Ushbu xarid Angliyaning amaldagi chempionlariga 80 mln funtga tushishi kutilmoqda.

«Ayntraxt» Ekitikeni 2024 yil yozida «PSJ»dan sotib olgandi. Ungacha futbolchi ushbu jamoada ijara asosida to‘p surgan. O‘tgan mavsumda hujumchi barcha turnirlar doirasida 48 ta o‘yinda maydonga tushib, 22 gol urdi va 12 golga uzatma berdi.

Luis Dias: «Liverpul» → «Bavariya» (75 mln yevro)

O‘z navbatida, «Liverpul» vingeri Luis Dias klubdan ketishga yaqin. Nikolo Skiraning xabariga ko‘ra, «Bavariya» 28 yoshli kolumbiyalik bilan 2030 yilga qadar amal qiladigan shartnoma bo‘yicha kelishib olgan. Myunxenliklar futbolchi transferi uchun «Liverpul»ga 75 mln yevro to‘lashga tayyor. Ammo klublar o‘rtasida hozircha bir kelishuvga kelinmagan. Jurnalist Ben Jyeykobs agar mersisaydliklar Diasni sotadigan bo‘lsa, uning o‘rniga boshqa vinger olish uchun bozorga chiqishi haqida yozgan. Asosiy variant — Madridning «Real» klubi vingeri Rodrigo. Avvalroq insayder Fabritsio Romano qaymoqranglilar klubi ushbu 24 yoshli futbolchisi uchun takliflarni ko‘rib chiqishga tayyorligi, uning transferini 100 million yevroga baholayotganini xabar qilgandi.

Abbos Fayzullayev: TsSKA → «Istanbul Bashakshehir» (7,5 mln yevro)

O‘zbekistonlik yarimhimoyachi Abbosbek Fayzullayev Moskvaning TsSKA klubidan Turkiyaning «Istanbul Bashakshehir» klubiga o‘tmoqda. Turklar klubi ushbu 21 yoshli futbolchi uchun 7,5 million yevro to‘laydi. Bugun Rossiyadagi manbalar Fayzullayev tibbiy ko‘rikdan o‘ta olmagani haqida yolg‘on xabar tarqatdi, holbuki futbolchining tibbiy ko‘rikdan o‘tishi 23 iyulga belgilangandi. Ayni vaqtda u transfer jarayonini yakunlash uchun Istanbulga uchib kelgan.

2024/25 yillar mavsumida o‘zbekistonlik futbolchi TsSKA safida RPL doirasida 27 o‘yinda maydonga tushib, ikki gol urdi va to‘rt golga uzatma berdi. U armiyachilar klubi bilan Rossiya kubogi hamda Rossiya superkubogini qo‘lga kiritdi. Transfermarkt portali uning bozordagi narxini 8 million yevroga baholagan.

Mavzuga oid