Jahon | 14:15
1330
2 daqiqa o‘qiladi

Moskva sudi jurnalist Yuriy Dudni sirtdan hibsga oldi

Basmanniy sudi Yuriy Dudni hibsga olingan yoki Rossiya Federatsiyasiga ekstraditsiya qilingan paytdan boshlab ikki oy muddatga hibsda saqlash haqida qaror chiqardi. Jurnalist «chet el agenti» vazifasini bajarishdan bo‘yin tovlaganlikda ayblanmoqda.

Yuriy Dud Foto: Arseniy Nesxodimov / RBK

Moskvaning Basmanniy tuman sudi hozirda Rossiya Federatsiyasidan tashqarida istiqomat qilayotgan jurnalist Yuriy Dudni Rossiya qonunchiligida «chet el agentlari» bo‘yicha nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarishdan bo‘yin tovlaganlik ishi bo‘yicha ikki oy muddatga hibsda saqlash to‘g‘risida qaror chiqardi. Bu haqda 22 iyul, seshanba kuni kechqurun Moskva sudlari matbuot xizmati Telegram-kanalida xabar berdi.

Sud tomonidan tanlangan ehtiyot chorasi Dud Rossiya hududiga ekstraditsiya qilingan paytdan yoki mamlakatda hibsga olingan paytdan e’tiboran amalga oshirilishi kerakligi ko‘rsatilgan. Ayni paytda TASS agentligi huquq-tartibot idoralaridagi manbalariga tayanib, jurnalist xalqaro qidiruvga berilgani haqida xabar qildi.

Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi iyul oyi boshida Yuriy Dudga nisbatan «chet el agenti» vazifasini bajarmaganligi uchun jinoiy ish qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi. Unga qo‘yilgan moddaning eng yuqori jazosi besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutadi.

2022 yil aprel oyida Rossiya rasmiylari Dudga «chet el agenti»-OAV maqomini berdi. «Kommersant» gazetasining eslatishicha, 2024 yil oktyabr oyida Rossiya Federatsiyasi Oliy sudi uning «chet el agentlari» reyestriga kiritilganligi to‘g‘risida jurnalistga xabar berilmagani sababli Adliya vazirligiga nisbatan fuqarolik da’vosini ko‘rib chiqishdan bosh tortgan.

Mavzuga oid