Jahon | 08:00 / 24.07.2025
1844
2 daqiqa o‘qiladi

Internetdagi qidiruv uchun jarima: Duma yaqinida namoyishchilar ushlandi

Prezidentlikka sobiq nomzod Boris Nadejdin va uning sheriklari «ekstremistik materiallarni qidirish» qonuniga qarshi piket o‘tkazdi. Uch kishi qo‘lga olingan.

Foto: Yulia Morozova/REUTERS

Rossiyalik siyosatchi, prezidentlikka sobiq nomzod Boris Nadejdin va uning safdoshlari Davlat dumasi binosi yaqinida piket o‘tkazdi. Ular internetda «ekstremistik materiallarni qidirganlik» uchun jarimani nazarda tutuvchi qonunga qarshi chiqdi. «Ostorojno, novosti» Telegram-kanaliga ko‘ra, politsiya uch kishini qo‘lga olgan, ulardan ikki nafari jurnalist.

Ushlanganlar orasida siyosiy strateg va Nadejdinning saylovoldi shtabi sobiq rahbari Dmitriy Kisiyev ham bor. U ushlab olgan plakatda shunday yozilgan edi: «Senzurasiz Rossiya uchun. Oruell qo‘llanma emas, antiutopiyani yozgan».

DW nashriga bergan izohida Nadejdin bu Kisiyevning yakka piketi ekanligini ta’kidladi. «Keyin to‘satdan qandaydir provokatorlar kelib, Dmitriyni to‘g‘ridan to‘g‘ri haqorat qildi. Men ular bilan janjallashib qoldim. Va o‘sha paytda politsiyachilar Dimaning qo‘llarini juda qattiq burdi va uni avtozakka olib ketdi», — deydi siyosatchi.

Prezidentlikka sobiq nomzodning so‘zlariga ko‘ra, yangi qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlagan rossiyalik deputatlar «Oruellga ko‘ra ish tutmoqda» (Jorj Oruell 20-asrda yashagan britan yozuvchisi, «1984» antiutopiya romani muallifi). «Birinchi bosqich — ba’zi saytlarni taqiqlash. Ikkinchi bosqich esa odamlarga u yerda biror narsa qidirishni taqiqlash. Bu deyarli fikrlash jinoyatidir », dedi Nadejdin DW nashriga.

Mavzuga oid