O‘zbekiston | 21:15 / 24.07.2025
2574
4 daqiqa o‘qiladi

Yakuniga yetgan imtihonlar, Chorvoq va Sheroboddagi o‘rmon yong‘inlari – mahalliy dayjest

2026 yil 1 yanvardan boshlab transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta summasi oshiriladi. Oliy ta’limda bakalavriat uchun 10 kun davom etgan test jarayoni yakunlandi. Surxon davlat qo‘riqxonasiga qarashli hududda taxminan 5 gektar maydonda quruq o‘tlar yondi, FVV xodimlari olovni 8 soatda o‘chirishga muvaffaq bo‘ldi. Kun.uz yoritgan shu va boshqa muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Budjet tizimidagi kamchiliklar sun’iy intellekt orqali bartaraf etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Hisob palatasi faoliyati hamda ijro tizimini takomillashtirish chora-tadbirlariga oid taqdimot bilan tanishdi.

Qayd qilinishicha, Hisob palatasining bu yil 6 oyda o‘tkazilgan audit tadbirlari natijasida 5 trillion 600 milliard so‘m samarasiz budjet xarajatlari qisqartirilgan, budjetga 5 trillion so‘m qo‘shimcha tushum imkoniyati aniqlangan. «Masofaviy audit» axborot tizimi orqali 4 trillion so‘mlik kamchiliklar bartaraf etilgan. Taqdimotda endi tizimga sun’iy intellektni joriy qilib, kamchiliklarni keltirib chiqarayotgan omillarni bartaraf etish vazifasi qo‘yildi.

Oliy ta’limda bakalavriat uchun test jarayoni yakunlandi

Jarayon respublika bo‘ylab 10 kun davom etdi. Oxirgi kun natijalari e’lon qilingach, abituriyentlarga yo‘nalish tanlash imkoniyati ochiladi. Yo‘nalish tanlash uchun 15 kun vaqt beriladi. 15 kun o‘tgach, umumiy mandat shakllantirish boshlanadi. Qoida tariqasida, yakuniy mandat 1 hafta ichida e’lon qilinishi kerak.

Bo‘stonliqdagi o‘rmon yong‘ini yuz berdi

Chorvoq yaqinida o‘rmon yong‘ini chiqdi. Yong‘in 24 iyul kuni soat 11:00 lar atrofida boshlangan. Kun.uz obunachilarining ma’lum qilishicha, yong‘in "Bochka"ga yetmasdan, Chinorkentdagi kanat yo‘li yaqinida yuz bergan.

Vaziyat yuzasidan Favqulodda vaziyatlar vazirligi rasmiy ma’lumot bermagan.

Mudofaa vazirligining Kun.uzʼga ma’lum qilishicha, Harbiy havo kuchlarining Airbus Helicopters H215M vertolyoti ushbu yong‘inni o‘chirishga yordamlashgan: maxsus chelakda (Bambi Bucket) daryodan suv olib, yong‘in hududiga sepilgan.

Xuddi shunday yong‘in Surxondaryodagi qo‘riqxonada ham yuz berdi. Sherobod tumanidagi Surxon davlat qo‘riqxonasiga qarashli hududda taxminan 5 gektar maydonda quruq o‘tlar yongan. FVV xodimlari olovni 8 soatda o‘chirishga muvaffaq bo‘lgan. Jabrlanganlar va yetkazilgan zarar haqida ma’lumot berilmagan.

Kontrabandachilardan musodara qilingan 267 ta madaniy ashyo Islom sivilizatsiyasi markaziga topshirildi

Surxondaryo viloyati «Sariosiyo» chegara bojxona posti xodimlari 267 dona qadimiy tanga va taqinchoqlar qismlarining O‘zbekistondan noqonuniy olib chiqilishiga barham bergan edi. Sudning tegishli qaroriga binoan davlat egaligiga o‘tkazilgan tarixiy buyumlar Islom sivilizatsiyasi markaziga topshirildi.

Badiiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, 39 dona osma bezak ko‘rinishidagi kumush tanga XIX asrda Buxoro amirligida zarb qilingan, 228 ta taqinchoq qismlari esa XIX asr oxiri va XX asr boshlariga mansub.

Mavzuga oid