O‘zbekiston | 00:06 / 24.07.2025
6906
6 daqiqa o‘qiladi

Senatning yangi tizimga e’tirozi, 103 xizmatida yangilik, hokimlarga yangi o‘rinbosar – mahalliy dayjest

Senat chiqindi xizmatidan qarz sabab elektrga to‘lov qilolmaslik mexanizmidagi kamchiliklarni tanqid qildi. 103 tez tibbiy yordam xizmatida Call-back tizimi yo‘lga qo‘yiladigan bo‘ldi. Hokimlarga yangi o‘rinbosar lavozimi joriy qilindi, u ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish bilan shug‘ullanadi. O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’moli rekordi yangilandi. Kun.uz yoritgan shu va boshqa muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Senat chiqindi xizmatidan qarz sabab elektrga to‘lov qilolmaslik mexanizmini tanqid qildi

1 avgustdan boshlab, maishiy chiqindi xizmatlari uchun to‘lov bo‘yicha qarz mavjud bo‘lgan taqdirda iste’molchi elektr energiyasiga to‘lov qilolmaydi. Biroq ushbu mexanizm mukammal emas.

Senatning qayd etishicha, «Hududiy elektr tarmoqlari»ning HET ilovasida aholi tomonidan maishiy chiqindi xizmati bo‘yicha qarzdorlik haqidagi ma’lumotlar aks etmagan, «Toza makon» elektron billing tizimi bilan «Hududiy elektr tarmoqlari» billing tizimi o‘rtasida integratsiya ta’minlanmagan, ayrim iste’molchilarda chiqindi xizmati bo‘yicha shartnoma mavjud emas, abonent hisobraqamlarida ham noaniqliklar bor.

Senat chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari sohasida to‘lov intizomini, qonun ijrosini ta’minlash mexanizmlari hamda amaliyotda yuzaga kelayotgan muammolar yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralarga aniq manzilli savollar yo‘lladi.

103 tez tibbiy yordam xizmatida Call-back tizimi yo‘lga qo‘yiladi

Respublika tez tibbiy yordam markazining 103 xizmati faoliyatiga doir e’tirozlarni kamaytirish, bunday murojaatlar sababini oldindan aniqlab, ularni o‘z vaqtida bartaraf etish maqsadida barcha hududiy filiallarda tajriba-sinov tariqasida Call-back (qayta qo‘ng‘iroq) tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Qayta qo‘ng‘iroq tizimi tez tibbiy yordam ko‘rsatgan brigadaning ish faoliyatiga baho berish imkoniyatini taqdim qiladi. Ta’kidlanishicha, Samarqand viloyatida sinov tariqasida yo‘lga qo‘yilgan ushbu tizim orqali tez yordam brigadalari faoliyati doimiy nazorat qilinmoqda. Endi ushbu tizim barcha viloyatlarda joriy qilinadi.

Ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha choralar haqidagi qaror qabul qilindi

Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, tuman (shahar) hokimining o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i lavozimi joriy etildi. U o‘z vakolatlari doirasida davlat organlari va tashkilotlari tomonidan zo‘ravonlik sodir etgan shaxsga nisbatan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar bajarilmagan taqdirda davlat organlari va tashkilotlarining mas’ul rahbarlariga xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash sohasidagi qonun hujjatlari buzilgani holatlari yuzasidan, shuningdek, bunday huquqbuzarliklarni keltirib chiqarayotgan sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan majburiy taqdimnomalar kiritadi.

O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’moli rekordi yangilandi

16 iyuldan 21 iyulgacha bo‘lgan anomal issiq davrda O‘zbekiston energetika tizimida sutkalik elektr energiyasi iste’moli va yuklamasi bo‘yicha yangi tarixiy rekord qayd etildi. Xususan, birinchi marta elektr energiyasi iste’molida yozgi ko‘rsatkichlar qishki maksimal ko‘rsatkichlardan oshdi.

Jumladan, 18 iyul kunlik iste’mol miqdori 272,6 mln kVt•soatga tenglashdi. Bu qishki maksimumdan (271,8 mln kVt•soat) va avvalgi yozgi rekorddan (253,3 mln kVt•soat) ko‘proq.

21 iyul kuni soat 17:00 da energetika tizimining maksimal quvvati 13,3 GVtga yetdi, bu qishki rekorddan (12,5 GVt) va 2024 yil iyul oyidagi ko‘rsatkichlardan (11,8 GVt) yuqori.

Farg‘onada bemorning sog‘lom oyog‘ini kesib tashlagan shifokor qamaldi

Shifokor Abdubannop Madolimov bemorning chap oyog‘ini kesish o‘rniga o‘ng oyog‘ini son sohasidan kesib tashlagan. So‘ngra uning chap oyog‘ini ham kesgan. Ta’kidlanishicha, bemor sog‘lom tana a’zosi kesib tashlanishi oqibatida hamda bir vaqtning o‘zida ikki og‘ir turdagi jarrohlik amaliyotini ko‘tara olmay vafot etgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Quva tuman sudi shifokorni Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida rahbarlik va shifokorlik vazifasida 3 yil ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 4 yilga ozodlikdan mahrum qildi.

Namanganda sigir yosh bolani suzib, o‘ldirib qo‘yishiga sal qoldi

Yangiqo‘rg‘on tumanining Barkamol mahallasida sigir yosh bolalarga hujum qildi. Hodisa shu atrofdagi kuzatuv kameralariga yozilib qolgan. Sigir farzandini qutqarishga kelgan onaga ham hujum qilib, unga jarohat yetkazgan. Tajovuzkor sigirni jilovlash uchun ko‘pchilik harakat qildi. Yuragi bo‘shlarga videoni ko‘rish tavsiya etilmaydi.

Angrenda 14 yoshli qizga jinsiy zo‘ravonlik bo‘lgani aytilmoqda

Angren shahrida 14 yashar qiz muntazam ravishda jinsiy zo‘ravonlikka uchrab kelgan. Bu boradagi tergov 2,5 oydan beri davom etmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarda pedofillar nochor holatdagi qizga turli yeguliklar olib berish bilan aldagani va qo‘rqitgani aytiladi. 2024 yilda uni 4 nafar erkak muntazam zo‘rlab kelgani, ulardan biri voyaga yetmagan o‘smir, qolganlari 23-24 yoshda ekani aytilmoqda.

Mavzuga oid