O‘zbekiston | 12:29 / 29.07.2025
5339
2 daqiqa o‘qiladi

Buloqboshi tumanidagi kanalga neft oqib ketdi

Bunga «Sanoat energetika guruhi» neftni qayta ishlash korxonasidagi avariya sabab bo‘lgan.

Foto: Foto: Andijon viloyati ekologiya boshqarmasi

Andijon viloyatining Buloqboshi tumani Raish qishlog‘idan oqib o‘tuvchi kanalda neft oqayotgani aks etgan videolar tarqaldi. Holat neftni qayta ishlash korxonasidagi avariya sabab yuz bergani ma’lum bo‘ldi.

29 iyul kuni holat Andijon viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi hamda mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda o‘rganilganda «Sanoat energetika guruhi» MChJ tomonidan neftni qayta ishlash natijasida avariya yuz bergani aniqlangan.

«Ushbu holat to‘liq bartaraf etildi. Holat bo‘yicha “Sanoat energetika guruhi” MChJga tegishli tartibda tekshiruv o‘tkazish uchun hujjatlar rasmiylashtirildi», deyiladi boshqarma xabarida.

Tekshiruv yakunlari bo‘yicha tabiatga yetkazilgan zarar hamda qo‘llangan ta’sir choralari haqida qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi.

Eslatib o‘tamiz, 26 iyul kuni Andijon viloyati Buloqboshi tumanidagi Janubiy Farg‘ona kanali ko‘pikka to‘lib oqqani aks etgan videolar tarqalgandi. O‘rganishlar natijasida tikuv-trikotaj fabrikasi tomonidan qayta ishlangan matolar uchun foydalanilgan suv kanalga tashlangani, oqibatda suvning ko‘rinishi va tarkibi o‘zgargani ma’lum bo‘lgan.

Mavzuga oid