Jahon | 21:43 / 29.07.2025
1374
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda sudlanganlarga muhim davlat lavozimlarini egallash taqiqlandi

Bu choralar hokimiyatning shaffofligi va mas’uliyatini oshirishga qaratilgani, mamlakatdagi asosiy lavozimlarni benuqson obro‘ga ega bo‘lgan shaxslar egallashini ta’minlashi ta’kidlanmoqda.

Foto: ombudsman.kg

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov «fuqarolarning davlat organlariga ishonchini oshirish, yuqori lavozimli shaxslarning benuqson obro‘sini shakllantirish, qonun ustuvorligi va qonuniylik tamoyillarini mustahkamlashga» qaratilgan qonunni imzoladi.

Asosiy yangilik sudlanganlik holati mavjud bo‘lgan shaxslarga, shu jumladan sudlanganligi olib tashlangan yoki reabilitatsiya qilinmaydigan asoslarga ko‘ra jinoyat ishi tugatilgan shaxslarga taalluqlidir.

Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, endi bunday shaxslar bir qator muhim davlat lavozimlarini egallay olmaydilar:

- ularni Qirg‘iziston prezidenti saylovida nomzod sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish va saylash rad etiladi;

- ular Jo‘qorg‘i Kenges (parlament) deputatligiga nomzod sifatida ro‘yxatga olinmaydi va saylanmaydi;

- Vazirlar Mahkamasining raisi va boshqa a’zolari, shuningdek, boshqa ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari lavozimlarini egallashi taqiqlanadi;

- saylov va referendum o‘tkazuvchi Markaziy komissiya a’zosi lavozimini egallash taqiqlanadi;

- Qirg‘iziston Milliy banki raisi, uning o‘rinbosarlari va boshqaruv a’zolari lavozimini egallashi taqiqlanadi;

- Hisob palatasi auditori lavozimini egallashi taqiqlanadi.

Bundan tashqari, qonun diniy arboblar uchun cheklovlarni joriy etadi: ular diniy faoliyatni to‘xtatgan kundan boshlab besh yil davomida prezident va parlament deputati lavozimiga saylanish huquqiga ega emas.

Qonunda belgilanishicha, faqat ehtiyotsizlik orqasida sodir etilgan uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar, jabrlanuvchining xususiy-ommaviy ayblovni quvvatlashdan bosh tortishi yoki jinoyat qonunchiligiga muvofiq ayblanuvchi bilan kelishish hollari hech qanday cheklovga olib kelmaydi.

«Ushbu choralar hokimiyatning shaffofligi va mas’uliyatini oshirishga qaratilgan bo‘lib, mamlakatdagi asosiy lavozimlarni benuqson obro‘ga ega bo‘lgan shaxslar egallab turishini ta’minlaydi», deyiladi hujjatning tushuntirish xatida.

Mavzuga oid