Jahon | 13:53 / 30.07.2025
1303
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda xalqaro internet-trafikka monopoliya joriy etilyapti

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov mamlakatda bir yil muddatga xalqaro internet-trafikka davlat monopoliyasini joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Foto: Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati

Qirg‘iziston mamlakatga xalqaro internet-trafikni yetkazib berish va taqdim etish, shuningdek, u orqali xalqaro tranzit trafigini o‘tkazish bo‘yicha yillik davlat monopoliyasini joriy qildi. Tegishli farmonni 28 iyul, dushanba kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov imzoladi, deyiladi uning rasmiy saytida e’lon qilingan xabarda. Davlat monopoliyasining «sinov rejimi» 2025 yil 15 avgustdan 2026 yil 14 avgustgacha amal qiladi.

Mahalliy OAVning ta’kidlashicha, bir necha oy oldin milliylashtirilgan «ElKat» kompaniyasiga internet-trafikni yetkazib berish, ta’minlash va tranzit qilish yuklangan. Aloqa va ma’lumotlarni uzatish operatorlariga ikki oy ichida barcha amaldagi shartnomalarni «ElKat»ga o‘tkazish buyuriladi.

Qirg‘iziston prezidentining saytidagi xabarda aytilishicha, tegishli qaror «doimiy texnologik o‘zgarishlar»ni hisobga olgan holda «samarali boshqaruvni tashkil etish» va «raqamli transformatsiyani yanada takomillashtirish uchun shart-sharoitlar yaratish» maqsadida qabul qilingan.

21 iyuldan Qirg‘izistonda Huquqbuzarliklar kodeksiga ommaviy axborot vositalari va internetda noto‘g‘ri yoki yolg‘on ma’lumot tarqatganlik uchun ma’muriy javobgarlikni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kuchga kirdi. Ularga ko‘ra, jismoniy shaxslar uchun 20 ming som (taxminan 200 yevro), yuridik shaxslar uchun 65 ming som (taxminan 640 yevro) miqdorida jarima belgilandi. Huquqbuzarliklar to‘g‘risida bayonnomalar ichki ishlar organlari tomonidan tuziladi va sudlar tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Mavzuga oid