Jahon | 21:09 / 31.07.2025
56527
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda «eng keksa bola» tug‘ildi

Ohayo shtatida yashovchi ayol 30 yil davomida saqlangan embrionni «farzandlikka oldi» va dunyoga keltirdi.

Foto: technologyreview.com

AQSh Ohayo shtatida 26 iyul kuni 1994 yildan beri saqlanayotgan embriondan rivojlangan chaqaloq dunyoga keldi. MIT Technology Review xabariga ko‘ra, Tadeus Deniel Pirs «eng keksa bola» sifatida rekord o‘rnatdi, chunki ilgari hech qachon ayollar 30 yoshli embrionni dunyoga keltirmagan.

Ona, 35 yoshli Lindsi Pirs so‘zlariga ko‘ra, tug‘ruq og‘ir kechgan, biroq hozir u va bola o‘zini yaxshi his qilmoqda.

Lindsi Pirs va uning eri Tim Pirs

Lindsi va uning eri Tim Pirs hozir 62 yoshda bo‘lgan Linda Archerdning embrionini «asrab olgan». Qayd qilinishicha, Archerd yoshligida homilador bo‘la olmay, EKO amaliyotiga murojaat qilgan. Uning uchun to‘rtta embrion yaratilgan. Natijada, Archerd qiz farzandli bo‘lgan. Qolgan uchta embrion muzlatilib, saqlab qo‘yilgan. Ammo ayol kelajakda farzandli bo‘lishni istamagan va tug‘ish yoshidan o‘tgach, embrionlarni boshqalarga berishga qaror qilgan.

Linda Archerd

AQShda bepushtlikdan aziyat chekayotgan er-xotinlarga embrionni «farzandlikka olishda» yordam beradigan bir nechta agentliklar faoliyat yuritadi. MIT Technology Review ta’kidlaganidek, ularning ko‘pchiligi salbiy oqibatlardan qo‘rqib, uzoq vaqt saqlangan embrionlarni qabul qilmaydi. Chunki o‘tgan o‘n yilliklarda embrionlarni saqlash texnologiyasi mukammal emas edi. Bundan tashqari, nashrning yozishicha, «keksa» embrionlar «eritilganda» bola sifatida muvaffaqiyatli rivojlanishi ehtimoli kamroq.

«Farzandlikka oluvchilar»ni tanlashda biologik onaning fikri ham inobatga olinadi. Masalan, Linda Archerd embrionni AQSh hududida yashovchi va dindosh bo‘lgan oilaga berishni istagan.

Mavzuga oid