Jahon | 19:09 / 31.07.2025
25378
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp va Medvedev ijtimoiy tarmoqlarda tortishib qoldi

Oq uy rahbari Dmitriy Medvedevni «omadsiz» deb atadi. Rossiyaning sobiq prezidenti Trampga yadroviy qurol bilan tahdid qildi.

Foto: Getty images

AQSh prezidenti Donald Tramp va Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev ijtimoiy tarmoqlarda bir-biriga nisbatan keskin bayonotlar berdi.

Mojaro Tramp tomonidan Rossiya prezidenti Vladimir Putinga Ukraina bilan sulh tuzish uchun 10 kun muhlat berganidan keyin boshlandi.

Dastlab Medvedev bu talabni ijtimoiy tarmoqda tanqid qildi.

«Tramp Rossiya bilan ultimatum o‘ynamoqda: goh 50 kun, goh 10 kun. U ikki narsani yodda tutishi kerak: 1. Rossiya Isroil ham, hatto Eron ham emas. 2. Har bir yangi ultimatum - bu urushga tahdid va qadam. Rossiya va Ukraina o‘rtasida emas, balki o‘z mamlakati bilan», deb yozdi Medvedev X platformasida.

Tramp bunga javoban, o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Medvedevni omadsiz deb atadi va tilini tiyishni maslahat berdi.

«Menga Hindiston Rossiya bilan nima qilishi ahamiyatsiz. Ular birgalikda o‘lik iqtisodiyotlarini barbod qilishi mumkin, menga farqi yo‘q. Keling, hammasini o‘z holiga qo‘yib, Rossiyaning sobiq omadsiz prezidenti, hali ham o‘zini prezident deb hisoblaydigan Medvedevga tilini tiyishni aytamiz. U juda xavfli hududga kirib bormoqda», deb yozdi Tramp.

Medvedev bunga qarab turmadi va Amerika prezidentining asabiy munosabati Rossiyaning haqligini tasdiqlayotganini aytdi.

«Agar Rossiya sobiq prezidentining ba’zi so‘zlari qudratli AQSh prezidentida shunday asabiy reaksiya uyg‘otgan bo‘lsa, demak, Rossiya hamma narsada haq va o‘z yo‘lida davom etadi», deb yozdi Medvedev Telegram-kanalida.

Medvedev, ayniqsa Trampning «o‘lik iqtisodiyot» haqidagi so‘zlariga keskin munosabat bildirib, yadroviy tahdidga ishora qildi.

«Tirik murdalar» haqidagi sevimli filmlarini, shuningdek, mavjud bo‘lmagan «o‘lik qo‘l» qanchalik xavfli ekanini eslasin», deb yozdi u.

«O‘lik qo‘l» deganda Rossiyaning G‘arbda «Dead Hand» nomi bilan tanilgan «Perimetr» tizimi nazarda tutilgan, u ommaviy javob yadroviy zarbani avtomatlashtirilgan boshqarish majmuasidir.

Mavzuga oid