Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Trampdan oxirgi dedlayn, eng oxirgisi
Azizlar, biz selektordagi skrinshotlar haqida video qilib yurganimizdan ranjigan ko‘rinadi AQSh prezidenti Tramp «yana trendga qaytish uchun» shov-shuvli chiqish qildi. Esingizda bo‘lsa, tunov kuni Tramp Putinga 50 kun vaqt bergan, bu haqda qilgan videomizda keyingi muhlat qancha vaqtga bo‘larkin, degandik. Buni qarangki, mister Tramp bu gal muddatni cho‘zmadi, qisqartirdi. «Men ko‘p kutolmayman, Putinda bugundan boshlab o‘n kun vaqt bor», dedi. Quyida shu haqda gaplashamiz.

Tramp va dedlayn
Biz ikkinchi muddatini o‘tayotgan Donald Tramp Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha dedlayn belgilashiga odatlanib qoldik. Avvaliga u inauguratsiyadan chiqib hali Oval kabinetga shakarsiz kola chaqiradigan tugmani qaytarishdek «strategik muhim ishni» ham bir chekkaga surib, urushni tugatishga va’da bergandi. Kola chaqiradigan tugma va Uinston Cherchilning byusti Oval kabinetga qaytdi, lekin urush tugagani yo‘q.
Keyin yangidan yangi dedlaynlar paydo bo‘ldi: uch kun, ikki hafta, ellik kun. Vaziyat shunchalikka bordiki, Trampning gaplarini jiddiy qabul qilmay qo‘yishdi. Vaholanki, bu gaplarni oddiy shoumen emas, dunyodagi eng qudratli, butun boshli yadroviy davlat yetakchisi aytmoqda.
«Putin javob bermadi, bu – sharmandalik»
Oq uy Trampning samolyotda turib Rossiya manziliga aytgan gaplari audiosini e’lon qildi. «Bu Rossiyaga ta’sir qiladimi-yo‘qmi, bilmayman, lekin tariflar joriy etamiz. Putindan hech qanday javob olmadim, bu – sharmandalik. Haftasiga besh ming odam o‘layotganini aytgandim, endi yetti ming o‘lyapti. Odamlar boshiga bomba tushmoqda, dahshatli urush», dedi Tramp.
AQSh prezidenti avvalroq Rossiyaga bergan 50 kun muhlat ko‘pligi, 10-12 kun ichida Moskvadan sulh bo‘yicha kelishuv kutishini aytgandi. Jurnalistlar undan mana shu gapini aniqlashtirishni so‘radi. Tramp esa o‘sha yerning o‘zida, yo‘l-yo‘lakay, chinakam improvizatsiya bilan javob berdi: «Ten days from today» (Bugundan boshlab o‘n kun). Demak, Trampning hisob-kitobi bo‘yicha 8 avgust kuni, Rossiya – Gurjiston urushi boshlanganining 17 yilligida Moskva Kiyev bilan sulh imzolamasa, Vashington chora ko‘rishni boshlaydi.
Choralar katta ehtimol ikkilamchi sanksiyalar ko‘rinishida bo‘ladi. Ya’ni Rossiya neftini sotib oladigan davlatlar AQShga olib kiradigan mahsuloti uchun 100 foiz boj to‘laydi. Bu Xitoy va Hindiston kabi davlatlarga ta’sir qilishi mumkin.
Aytgancha, Xitoy amerikalik mulozimlarga tariflar e’lon qilinganidan keyin ham o‘z xohishi bo‘yicha ish ko‘rishini bildirgan. Ya’ni «Siz nima qilsangiz qilavering, biz rus birodarlarimizdan neft olaveramiz», degan chinliklar. AQSh moliya vaziri Skott Bessentning aytishicha, xitoyliklar Rossiyadan neft sotib olib, 100 foiz bojni to‘lashga tayyor.
«Xitoyliklar suverenitetga jiddiy qaraydi. Biz unga tahdid qilishni istamaymiz. Shu uchun Xitoy 100 foiz bojni to‘lashga tayyor», dedi amerikalik vazir aftidan kinoya bilan.
Ana shunaqa gaplar, azizlar. Bizning Tramp Rossiyaga yana muddat berdi. Bu eng oxirgi muddat. Mayli, siz-u biz katta ehtimol bu muddat yakunida ham hech nima bo‘lmasligini bilamiz, lekin baribir 8 avgust kuni nimalar bo‘lishini kutamiz. Sizning esingizdan chiqsa, men o‘sha kuni Trampning va’dasini sizga eslataman...
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.
Mavzuga oid

23:12
Tramp Medvedevning so‘zlaridan keyin ikkita yadroviy suv osti kemasini yuborishni buyurdi

20:34
Putin va Lukashenko skameykada o‘tirib intervyu berdi

20:07
Trampning ultimatumidan keyin Putin: «Oreshnik»ni seriyali chiqara boshladik»

13:16