Jahon | 16:30 / 02.08.2025
17154
7 daqiqa o‘qiladi

Tramp ma’muriyati Ozarboyjon va Markaziy Osiyoni «Ibrohim kelishuvlari»ga qo‘shmoqchi. O‘zbekiston TIV izoh berdi

AQSh prezidenti ma’muriyati Ozarboyjon va Markaziy Osiyo davlatlarini Isroil bilan aloqalarni normallashtirishga qaratilgan «Ibrohim kelishuvlari»ga qo‘shilishga jalb qilmoqda. Reuters manbalariga ko‘ra, bu tashabbus ramziy bo‘lsa-da, Isroil bilan aloqalarni chuqurlashtirishga qaratilgan. Kun.uz O‘zbekiston TIVdan ushbu tashabbus bo‘yicha izoh oldi.

Donald Tramp Oq uyda Netanyahu, Bahrayn va BAA tashqi ishlar vazirlari bilan. 2020 yil 15 sentabr. Foto: Oq uy

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Ozarboyjon va ayrim Markaziy Osiyo davlatlarini Isroil bilan munosabatlarni normallashtirishga qaratilgan «Ibrohim kelishuvlari»ga qo‘shish imkoniyatini muhokama qilmoqda. Bu haqda Reuters nashri vaziyatdan xabardor bo‘lgan o‘zining besh nafar manbasiga tayanib ma’lum qildi. Maqsad – ushbu mamlakatlarning Isroil bilan mavjud aloqalarini chuqurlashtirish.

Aslida Ozarboyjon hamda Markaziy Osiyo 5 davlati allaqachon Isroil bilan diplomatik munosabatlarga ega. Manbaga ko‘ra, shu bois ularning kelishuvlarga qo‘shilishi asosan ramziy ahamiyatga ega bo‘lib, savdo va harbiy hamkorlik kabi sohalarda aloqalarni mustahkamlashga qaratiladi. Ta’kidlanishicha, yangi kelishuvlar ilgari imzolangan «Ibrohim kelishuvlari»ga o‘zgartirish kiritmaydi.

G‘azoda Isroil olib borayotgan genotsid ko‘rinishidagi urush, o‘n minglab qurbonlar va ocharchilik bugun arab dunyosidagi g‘azabni kuchaytirdi. Natijada arab dunyosidagi boshqa musulmon davlatlarini «Ibrohim kelishuvlari»ga jalb etish qiyinlashdi. Xususan, Saudiya bir necha bor «u Falastin davlatchiligi tan olinmaguncha Isroilni tan olmasligini» bildirdi.

Ozarboyjon masalasi

Tramp ma’muriyati uchun muhim to‘siq – bu Ozarboyjon va uning qo‘shnisi Armaniston o‘rtasidagi mojarolar, dedi nashrning manbasi. Ularning ta’kidlashicha, AQSh uchun Ozarboyjonning kelishuvlarga qo‘shilishi uchun Armaniston bilan tinchlik shartnomasi imzolanishi shart.

Garchi Tramp ma’muriyati bir necha davlatlarni bu kelishuvlarga kiritish ehtimolini ochiq aytgan bo‘lsa-da, aynan Ozarboyjon bilan muzokaralar eng jiddiy va tartibli tarzda olib borilmoqda. Reuters nashriga ko‘ra, bunday kelishuv hatto bir necha hafta yoki oy ichida imzolanishi mumkin.

 Foto: Stiv Uitkoff / Foto: AP

Trampning tinchlik bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff va uning yordamchisi Are Laytston shu yilda Ozarboyjonga tashrif buyurib, prezident Ilhom Aliyev bilan uchrashgan. Ikkita alohida uchrashuvda ular, xususan «Ibrohim kelishuvlari»ni muhokama qilgan.

Ozarboyjon hukumati hozircha bu masalada izoh bermadi.

Markaziy Osiyo nima deydi?

Reuters manbalariga ko‘ra, Ozarboyjon bilan jarayon ancha ilgarilagan bo‘lsa, Markaziy Osiyo bo‘yicha muzokaralar endi boshlanmoqda.

Oq uydan taklif tushgach, ozarboyjonlik rasmiylar Markaziy Osiyodagi, jumladan Qozog‘istondagi hamkasblariga murojaat qilib, ularning ham bu kengaytirilayotgan tashabbusga qiziqishini o‘rganishgan. Biroq aniq qaysi davlatlar – Qozog‘iston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston yoki Qirg‘iziston – bilan aloqa o‘rnatilganligi noma’lum.

Reutersʼning yozishicha, AQSh Davlat departamenti aniq mamlakatlarni tilga olmadi, biroq «Ibrohim kelishuvlari»ni kengaytirish Trampning asosiy tashqi siyosiy maqsadlaridan biri ekanini bildirdi. «Biz ko‘proq davlatlarni qo‘shish ustida ishlayapmiz», degan AQSh rasmiylaridan biri.

AQSh prezidenti administratsiyasi, Isroil tashqi ishlar vazirligi va Vashingtondagi Qozog‘iston elchixonasi esa Reuters nashrining so‘rovlariga javob bermagan.

O‘zbekistonning pozitsiyasi

Kun.uz ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati bilan bog‘lanib, izoh oldi. TIV rasmiy vakili Ahror Burhonovning ma’lum qilishicha, «O‘zbekiston tomoni AQShdan bunday mazmundagi so‘rov olmagan».

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston 1994 yilda Falastin bilan, 1992 yilda esa Isroil bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi / Foto: TIV

O‘zbekiston xalqaro minbarlarda doim Falastin xalqi 1967 yildagi chegaralar doirasida, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil va ozod davlatini tuzishga to‘la haqliligi, bu tinchlikka erishishning asosiy sharti ekanini ta’kidlab keladi.

Shuningdek, O‘zbekiston G‘azoda olib borilayotgan urush natijasida begunoh insonlar, ayniqsa bolalarning o‘limini qoralab, mojaroni diplomatik yo‘llar bilan yechishga chaqirgan. Shu kunlarda G‘azoda davom etayotgan urush hududlaridan 100 dan ortiq insonlar O‘zbekistonga olib kelinib, bepul davolanmoqda.

«Shu bilan birga, ko‘pdan buyon cho‘zilayotgan G‘azo fojiasiga e’tiboringizni qaratmoqchiman. 21-asrda ko‘z o‘ngimizda ko‘plab begunoh insonlarning nobud bo‘layotganini hech nima bilan oqlab bo‘lmaydi. Bu muammoning yagona yechimi – nizoni xalqaro huquq me’yorlari va qabul qilingan rezolyuyatsiyalar asosida adolatli hal qilishdir. Falastin xalqi o‘z mustaqil davlatiga ega bo‘lishga haqlidir», degan edi prezident Shavkat Mirziyoyev bir necha oy oldin Toshkent Investitsiyaviy forumidagi chiqishida.

«Ibrohim kelishuvlari» – qanday hujjat?

Ibrohim kelishuvlari (Abraham Accords) bu – Donald Trampning birinchi prezidentlik davrida Isroil bilan 4 ta musulmon davlatlari o‘rtasida diplomatik munosabatlarni normallashtirish bo‘yicha imzolangan kelishuvlar majmuasidir.

U 2020 yil avgustda BAA, keyinroq, shu yilning o‘zida Bahrayn, Sudan va Marokash bilan imzolagan. Kelishuvlarning asosiy maqsadi Isroil va arab/musulmon davlatlari o‘rtasida rasmiy diplomatik aloqalar o‘rnatish, elchixonalar ochish va AQSh vositachiligida mintaqaviy hamkorlik, barqarorlikka erishish bo‘lgan.

Foto: White House

Ibrohim kelishuvining asosiy shartlari quyidagilar:

  • Isroil arab davlatlari bilan to‘liq elchixonalar darajasida munosabat o‘rnatadi;
  • Arab davlatlari Isroilni rasmiy davlat sifatida tan oladi, uni yo‘q qilish g‘oyasidan voz kechadi;
  • Isroil – G‘arbiy Sohilni anneksiya qilish rejasini to‘xtatadi;
  • Tomonlar iqtisodiy va xavfsizlik bitimlarini tuzadi.

Buning evaziga AQSh ushbu arab davlatlarining har biriga alohida rag‘batlar bergan. Masalan, BAAga F-35 qiruvchi samolyotlarini sotib olish imkoniyati, Sudanni «terrorizm homiysi» ro‘yxatidan chiqarish, G‘arbiy Sahroyi Marokash hududi deb tan olish kabi.

Falastin bu bitimlarga doim keskin qarshi chiqqan. Chunki u Isroil bilan aloqalar faqat Falastin davlati o‘z chegaralarida tuzilgandagina rasmiylashtirilishi kerak edi, deb hisoblaydi.

Reutersning yozishicha, diplomatik aloqalarni tiklashga qaratilgan «Ibrohim kelishuvlar» endilikda AQSh va Isroilning yumshoq kuchini kengaytirish vositasi sifatida ko‘rilmoqda.

Mavzuga oid