Jahon | 13:18
8141
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp: «Medvedevga aytinglar, tilini tiyib yursin»

Azizlar, shu kunlarda Donald Tramp mediamakonda favqulodda faol. Masalan, Putinga navbatdagi marta muddat berdi, Epshteyn ishida uning nomi tobora balandroq tilga olinmoqda, yetmaganiga Rossiyaning sobiq prezidenti Dmitriy Medvedev bilan tortishishga ham ulgurdi.

Putinning soyasida to‘rt yil prezident bo‘lib ishlagan Medvedev anchadan buyon Trampning e’tiborini o‘ziga qaratishga urinib kelayotgandi va nihoyat maqsadiga erishdi. Tramp navbatdagi postida Medvedevga uning familiyasini yozib murojaat qildi. Quyida shu haqda.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

«Ana u omadsizga aytib qo‘ying»

Demak, avval gap nimada ekani haqida. Urush boshlanganidan buyon asosan Telegram-kanalida post yozish bilan shug‘ullanayotgan Medvedev Tramp Putinga o‘n kun muddat berganidan keyin AQSh prezidentining har bir ultimatumi urushga boshlashini aytdi. «Rossiya Isroil ham, Eron ham emas» deb yozdi Medvedev. Uning aytishicha, Trampning gaplari sabab Rossiya va AQSh urushib ketishi mumkin ekan.

Tramp esa Medvedevni ayab o‘tirmadi. Farq shundaki, oldinlari Tramp Medvedevning ismini aytmasdi, bu gal istisno qildi. «Rossiyaning ana u sobiq omadsiz prezidenti, o‘zini hamon prezident deb o‘ylaydigan Medvedevga aytib qo‘ying, tilini tiyib yursin. U juda xavfli hududga kirib qoldi» deb yozdi Tramp.

Medvedev esa Tramp unga javob berganidan xursand bo‘lib ketgan ko‘rinadi, AQShga yadroviy apokalipsis bilan tahdid qildi. Rossiya sobiq prezidenti yadroviy zarba berish tizimi haqida xuddi mamlakat telekanallaridagi propagandachilar kabi gapirdi. Medvedevning postlarini ko‘pchilik kulgi bilan qabul qildi.

Bu nima degani?

Aslida bu oddiy bir tortishuvdek tuyulishi mumkin, axir Tramp butun boshli Amerika prezidenti, Medvedev esa yagona rutbasi sobiq prezident bo‘lgan, o‘sha to‘rt yilni masrur eslaydigan, oshib borsa «Rostelekom» boshqaruv kengashi raisi. Lekin bu tortishuv qachon sodir bo‘lganiga e’tibor bering – Tramp Putinga ultimatum qo‘yganidan keyin. Medvedevning ritorikasiga qaraganda Rossiya Ukraina bilan kelishmoqchi emas. Katta ehtimol 8 avgust kuni hech qanday kelishuv bo‘lmaydi. Axir Medvedev xavfsizlik kengashida Putinning o‘rinbosari, Putinga xush kelmaydigan gaplarni har yerda gapirib yurmaydi.

Esingizda bo‘lsa, Tramp endi prezidentlikka kelgan vaqtda Rossiyada unga nisbatan salbiy gaplar aytilmayotgan, chunki Moskva uning saylovda g‘alabasidan mamnun edi. Chindan Tramp kelib Kiyev harbiy yordamdan uzildi, AQSh Ukrainaga bosim qildi. Lekin oxirgi vaqtlarda Rossiyada Trampga nisbatan pozitsiya o‘zgardi. Aytgancha, Medvedev Trampni «qari amaki» deb ataganiga qaraganda Rossiyada endi Trampni ham xuddi Bayden kabi so‘kishga ruxsat berilgan...

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.

Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid