Jamiyat | 14:06
14532
2 daqiqa o‘qiladi

Ohangaronda uch qiz suv omboriga cho‘kib ketdi

Qizlardan biri qutqarib qolingan. 2 nafari esa cho‘kib ketib, vafot etgan. Ulardan birining murdasi o‘sha kuni, yana biriniki esa oradan bir kun o‘tib topilgan.

Foto: Kun.uz

Ohangaronda uch qiz suv omboriga borib, cho‘kib ketdi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar berdi.

Voqea guvohlarining Kun.uz’ga bildirishicha, Angren shahrida yashovchi qizlar Ohangaronda yashovchi dugonasining uyiga mehmonga kelgan. 19 yoshli ikki qiz Toshkent shahridagi oliygohlardan birining talabalari bo‘lgan.

Mezbon qiz dugonalarini Ohangaron suv ombori hududiga sayrga olib borgan. Ular suvning qirg‘oq qismiga tushishgan. Ammo suv osti qumligi tufayli qaytib chiqa olishmagan. Bir-birini qutqarish maqsadida qilgan harakatlari ish bermasdan, qizlarning ikki nafari cho‘kib ketgan”, deydi guvohlardan biri.

Bosh prokuror matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, voqea 28 iyul kuni sodir bo‘lgan. O‘sha kuni soat 14:20 larda Ohangaron tuman IIB Navbatchilik qismiga Ohangaron suv omborining qirg‘oq qismida cho‘milayotgan qizlar suvdan qaytib chiqmasdan, bedarak yo‘qolgani haqida xabar kelib tushgan. Bular Angren shahrida yashovchi 2006 yilda tug‘ilgan D.P., 2009 yilda tug‘ilgan D.A. va Ohangaron tumanida yashovchi, 2006 yilda tug‘ilgan N.E. bo‘lgan.

D.A. qutqarib qolingan. D.P. va N.E. esa cho‘kib ketgan.

FVV Ohangaron tuman bo‘limi xodimlari tomonidan olib borilgan qidiruv ishlari davomida D.P.ning murdasi 28 iyul kuni soat 20:00 larda, N.E.ning murdasi esa 29 iyul kuni ertalab topilgan. O‘lim sabablarini aniqlash uchun sudga oid tibbiy ekspertizalar tayinlangan.

Hozirda holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.  

Mavzuga oid