Ayollar dunyosi | 19:16
961
5 daqiqa o‘qiladi

«Raqamli jang maydonidagi ayollar»: internetdagi ko‘rinmas tahdidlar

Ijtimoiy tarmoqlar bugungi kunda ayollar uchun erkinlik va imkoniyatlar maydoniga aylangan. Ular bu makonda shaxsiy fikrini bildirmoqda, faol pozitsiyasi bilan tanilmoqda, biznes ochmoqda yoki boshqalarga ilhom manbai bo‘lmoqda. Ammo raqamli hayot qancha imkoniyat bersa, shunchalik tahdid ham keltirmoqda.

Foto: Adobe Stock

Ayniqsa ayollar uchun. Chunki ular raqamli makonda ko‘pincha zo‘ravonlik, ta’qib, o‘z sha’niga tajovuz va ruhiy bosimga duch kelishadi.

So‘z erkinligining jazosi: internetdagi haqoratlar

Internetda o‘z fikrini bildirgan ayollarga nisbatan tajovuzkor izohlar, haqoratlar va hatto jinsiy tahdidlar tarqalishi kundalik holatga aylangan. Amnesty International tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, har to‘rt ayoldan uch nafari (76 foizi) onlayn zo‘ravonlikka uchragan. Ko‘p hollarda bu holat ularning ijtimoiy tarmoqlardagi faolligini kamaytirishga yoki butunlay tashlab ketishiga sabab bo‘ladi.

Shaxsiy fikrini bildirish, jamoatchilikka murojaat qilish ayol uchun “jazoga” aylanishi – bu jamiyatimizda ham uchrab turadigan xavfli tendensiyadir.

Kiberta’qibning ta’siri

Onlayn makondagi ta’qiblar ba’zan virtual bilan cheklanib qolmaydi. Kiberstalking – ya’ni messenjerlar, izohlar orqali doimiy ta’qib qilish holatlari borgan sari ko‘paymoqda. Bu nafaqat ruhiy zo‘ravonlik, balki real hayotda ham xavfli oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Masalan, Hindistondagi voqealardan biri: bir ayolning Facebook sahifasi sobiq sevgilisi tomonidan buzib kirilib, uning shaxsiy ma’lumotlari tarqatilgan. Bunday holatlar ayollarni jamoat faolligidan chekinishga, xususan, gender haqida post yozishdan voz kechishga majbur qilmoqda.

Doxxing: internet orqali “jazolash”

So‘nggi yillarda keng tarqalayotgan yana bir tahdid – doxxing, ya’ni ayollar roziligisiz ular haqidagi shaxsiy ma’lumotlarni ommaga e’lon qilish. Telefon raqami, yashash joyi, ish joyi, hatto oila a’zolari haqidagi ma’lumotlar ochiqlanishi orqali ularga bosim o‘tkazish holatlari juda xavfli.

Ayrim hollarda bu ta’qiblar tahdidli qo‘ng‘iroqlar, hatto jismoniy hujum bilan yakun topgan. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘ylab har to‘rt ayoldan biri kamida bir marta shaxsiy ma’lumotlarining internetga tarqalishi bilan bog‘liq holatga duch kelgan.

Afsuski, bunday holatlarga qarshi kurashish uchun qonuniy asos deyarli yo‘q. Avstriya va Gonkong kabi kam sonli mamlakatlar bu sohada aniq choralar ko‘rmoqda xolos.

Deepfake: Taxmin emas, real tahdid

So‘nggi yillarda yangi texnologiyalar — jumladan sun’iy intellekt orqali feyk videolar yaratish (deepfake) ayollarga qarshi yangi qurolga aylandi. Bunda ayollarning yuzi, ovozi real emas, sun’iy ravishda to‘qib chiqarilgan kontentlarga joylanadi. Aksar holatlarda bu videolar pornografik, sha’nni haqorat qiluvchi tarzda bo‘ladi.

Bu nafaqat ruhiy zarba, balki jamiyatdagi obro‘, oiladagi mavqe, ishdagi faoliyatga jiddiy putur yetkazadi. Ayniqsa O‘zbekiston kabi qadriyatlarga bog‘liq jamiyatda bu holat qayg‘uli oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Instagramʼdagi go‘zallik” — ayollarga jismoniy bosim

Ijtimoiy tarmoqlar nafaqat axborot, balki standartlar “makoni”ga aylandi. Ayniqsa, tashqi ko‘rinishga oid. Ingichka bel, tiniq teri, “ideal” yuz – ayollar aynan shunday tasvirlar bilan solishtirilib, o‘zini yetarlicha go‘zal emas deb hisoblashni boshlamoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, har 10 qizdan 6 nafari o‘zini ijtimoiy tarmoqlarda boshqalardan ko‘ra “xunukroq” deb his qilgan. Bu esa depressiya, iztirob, ruhiy qiyinchilik va o‘zidan qoniqmaslik kabi muammolarga olib kelmoqda.

Qonun va himoya bormi?

Aytilgan tahdidlar onlayn bo‘lsa-da, ularning oqibati real. Ruhiy, jismoniy, ijtimoiy jabhalarda ayollarning hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ammo muammo shundaki, bu tahdidlarga qarshi himoya vositalari juda zaif. Qonunlar, monitoring, jazo va eng muhimi — jamoatchilikning anglash darajasi past.

Ommaviy axborot vositalari, blogerlar, huquqshunoslar, ta’lim muassasalari va ota-onalar birgalikda ishlamasa, raqamli zo‘ravonlikning oldini olish qiyin bo‘ladi.

Raqamli dunyo erkinlikning yangi maydoni, biroq u ayollar uchun ham yangi frontga aylangan. So‘z, fikr, shaxsiy hayot, tashqi ko‘rinish — barchasi ushbu makonda tahdidga aylanishi mumkin. Bu tahdidlar nafaqat ayollarni, balki butun jamiyatni erkinlik, tenglik va farovonlikdan uzoqlashtiradi.

Mavzuga oid