Jahon | 14:34
7484
5 daqiqa o‘qiladi

Uitkoff Trampning ultimatumi tugashi arafasida Moskvaga keldi

U Kreml vakillari bilan nimalarni muhokama qilishi mumkin?

Gavriil Grigorov/TASS

AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff Moskvaga uchib keldi va Putin bilan uchrashdi – bu Donald Trampning Ukrainadagi sulh bo‘yicha ultimatumi muddati tugashiga ikki kun qolganida ro‘y berdi. Bir kun avval G‘arb nashrlari Putin hamon urushni davom ettirishni istayotgani, biroq Tramp bilan munosabatlarni butunlay buzishni istamayotgani haqida xabar bergandi. Moskva Uitkoffga murosa sifatida nima taklif qilishi mumkin?

Uitkoffning samolyoti chorshanba kuni erta tongda «Vnukovo» aeroportiga qo‘ndi. Oradan bir soat o‘tib, TASS davlat agentligi Trampning maxsus vakili Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi rahbari, Rossiya prezidentining maxsus vakili Kirill Dmitriyev bilan Moskvadagi «Zaryade» bog‘ida sayr qilayotgani aks etgan kadrlarni e’lon qildi.

Bu Amerika prezidenti maxsus vakilining Moskvaga beshinchi tashrifi. U so‘nggi bor aprel oyi oxirida kelib, Vladimir Putin bilan uchrashgandi.

Uitkoffning Rossiya poytaxtiga bugungi tashrifi Donald Trampning Rossiyaga qo‘ygan ultimatumi fonida bo‘lib o‘tmoqda. O‘tgan oy oxirida Ukrainadagi urushni hal qilishda oldinga siljish yo‘qligidan hafsalasi pir bo‘lgan Oq uy rahbari Rossiyaga yarashuvga erishish uchun 50 kun bergan, keyinroq bu muddatni 10 kunga qisqartirgandi. Ushbu ultimatum muddati 8 avgust, juma kuni tugaydi.

Tramp agar shu sanagacha tinchlik jarayonida oldinga siljishni ko‘rmasa, Rossiya va uning savdo hamkorlariga nisbatan yangi sanksiyalar va bojlar bilan tahdid qildi.

5 avgust kuni tushdan keyin AQSh prezidenti Amerikaning CNBC telekanaliga bergan intervyusida Hindiston Rossiya neftini sotib olishda davom etayotganini hisobga olib, yaqin 24 soat ichida Hindistondan import bojini hozirgi 25 foizdan sezilarli darajada oshirishga va’da berdi.

Biroq, shundan so‘ng Tramp Uitkoffning Moskvadagi muzokaralari yakunlari bo‘yicha Rossiyaga nisbatan keyingi harakatlar to‘g‘risida qaror qabul qilishini ma’lum qildi. «Ertaga bizda Rossiya bilan uchrashuv bor. Ko‘ramiz, nima bo‘larkin», – deya qo‘shimcha qildi u.

Financial Times manbalariga ko‘ra, Oq uy Rossiyaning «yashirin floti»ga qarshi sanksiyalar kiritishi mumkin. AQShning avvalgi prezidenti Jo Bayden ma’muriyati 213 ta sudga qarshi sanksiyalar kiritdi, ammo Tramp hozircha bu ro‘yxatni kengaytirmadi.

«Bu Uitkoffning nima bilan qaytishiga bog‘liq bo‘ladi. Agar Uitkoff quruq qo‘l bilan kelsa, Tramp darg‘azab bo‘ladi», – dedi Financial Times suhbatdoshi.

«Prezident agar Putin urushni to‘xtatishga rozi bo‘lmasa, uni qattiq sanksiyalar kutayotganini aniq aytdi. Biz tafsilotlar haqida gapirishda prezidentdan oldinga o‘tib ketmaymiz», – deya vaziyatga izoh berdi Oq uy matbuot kotibi o‘rinbosari Anna Kelli.

Rossiya nima taklif etishi mumkin?

Putin va uning matbuot kotibi Dmitriy Peskovning ommaviy ritorikasi Tramp ultimatum e’lon qilganidan beri umuman o‘zgarmadi. Kreml hamon «mojaro sabablarini bartaraf etish»ni talab qilmoqda.

Bundan tashqari, Reuters’ning Kremldagi muhokamalardan xabardor uch manbasiga ko‘ra, Putin AQShning navbatdagi sanksiyalari Rossiyaga qarshi joriy etilgan bir qator iqtisodiy cheklovlardan keyin uning iqtisodiyotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligiga shubha bilan qaramoqda.

Rossiya yetakchisi Trampni g‘azablantirmoqchi emas va u Vashington va G‘arb bilan munosabatlarni yaxshilash imkoniyatini qo‘ldan boy berayotganini tushunadi, ammo uning harbiy maqsadlari muhimroq, dedi agentlikning ikki manbasi.

Kreml Uitkoffdan Trampning yangi sanksiyalaridan qochish uchun so‘nggi umidsiz urinish sifatida Moskvaga kelishni so‘radi, deb yozadi CNN. Bu tashrif Tramp bilan kelishuvga erishish uchun so‘nggi imkoniyatdir, ammo muvaffaqiyatga umid yo‘q, deb yozdi Bloomberg.

Ushbu muzokaralarda Moskvaning ehtimoliy takliflaridan biri havoda sulh tuzish bo‘lishi mumkin – lekin yerda emas, agar Ukraina ham bunga rozi bo‘lsa, dedi agentlikka xabardor manbalardan biri.

Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga dron hujumlari fonida bunday moratoriy Rossiya uchun juda «o‘z vaqtida» bo‘lar edi, deya ta’kidlaydi The Bell nashri.

Mavzuga oid