Jahon | 18:18 / 07.08.2025
26807
2 daqiqa o‘qiladi

Putin Tramp bilan uchrashuv uchun «juda mos joy»ni aytdi

Rossiya rahbari Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashishga qarshi emas, biroq avval, «muayyan sharoitlar yaratilishi» kerak.

Foto: Getty images

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning aytishicha, Birlashgan Arab Amirliklari Donald Tramp bilan bo‘lajak uchrashuv uchun «juda mos joy» bo‘ladi.

«Bunday tadbirni tashkil etishda bizga yordam berishga tayyor bo‘lgan ko‘plab do‘stlarimiz bor. Do‘stlarimdan biri BAA prezidenti. O‘ylaymanki, biz buni hal qilamiz, lekin bu juda mos joylardan biri bo‘lardi», dedi Putin Kremlda Rossiyaga kelgan BAA prezidenti bilan uchrashuvi chog‘ida jurnalistlarga.

Putinning qo‘shimcha qilishicha, umuman olganda, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashishga qarshi emas, biroq avval, «bir necha bor aytganidek» «muayyan sharoitlar yaratilishi» kerak – bungacha esa «hozircha uzoq».

Rossiya prezidenti so‘zlariga ko‘ra, uning Tramp bilan uchrashuviga «har ikki tomondan ham qiziqish bildirilgan». Uning yordamchisi Yuriy Ushakov uchrashuvni Amerika tomoni taklif qilganini aytdi. Oq uyning ta’kidlashicha, tashabbus Rossiya tomonidan ilgari surilgan.

Bir kun avval Vladimir Putin Kremlda AQSh prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoffni qabul qilgan bo‘lsa, ertasi kuni Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov Putin va Donald Trampning shaxsiy uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rilayotganini ma’lum qildi.

Ushakov so‘zlariga ko‘ra, u «yaqin vaqt ichida» bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv joyi allaqachon kelishilgan, biroq bu haqda keyinroq e’lon qilinadi.

Mavzuga oid