Iqtisodiyot | 15:01 / 09.08.2025
1445
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh bir kilogrammlik oltin quymalarga bojlar joriy qildi

AQSh bir kilogrammlik oltin quymalari importiga bojlar joriy qildi, bu esa jahon qimmatbaho metallar bozoriga jiddiy ta’sir qiladi va Shveytsariyaga zarba beradi.

Foto: Karl Mathis/dpa/picture alliance

8 avgust, juma kuni Financial Times gazetasi AQSh Bojxona va chegara nazorati xizmati buyrug‘iga tayanib, AQSh xalqaro savdoda qo‘llanadigan bir kilogrammlik oltin quymalari importiga bojlar joriy qilgani to‘g‘risida xabar berdi.

AQSh rasmiylari bunday turdagi quymalar 39 foizlik boj to‘lanadigan bojxona kodeksiga muvofiq tasniflanishi kerak, degan qarorga keldi. FT ta’kidlashicha, bu qaror «sanoatdagi oldingi taxminlardan keskin farq qiladi», unga ko‘ra bunday turdagi quymalar tariflarga bo‘ysunmaydi.

Bunday bir kilogrammli quymalar dunyodagi eng yirik metallar fyuchers bozorida, Nyu-Yorkdagi Comex birjasida eng ko‘p sotuv shakli bo‘lib, Shveytsariya oltin quymalarining AQShga eksport qilinadigan asosiy qismini tashkil qiladi.

So‘nggi 12 oy ichida Shveytsariya AQShga 61,5 milliard dollarlik oltin eksport qildi, deb yozadi FT. Nashr hisob-kitoblariga ko‘ra, ayni miqdorga endi qo‘shimcha 24 milliard dollarlik boj to‘lanadi. O‘tgan hafta AQSh Shveytsariyadan import qilinadigan mahsulotlarga 39 foizlik boj joriy qildi. Oltin quymalarining ham unga bo‘ysunishi «jahon oltin quyma bozorini o‘zgartirish va Shveytsariyaga yana bir zarba berish» bilan tahdid qiladi, deydi FT bilan suhbatlashgan tahlilchilar.

Mavzuga oid