Eron yangi ballistik raketani sinovdan o‘tkazganini ma’lum qildi
Eron mudofaa vazirining so‘zlariga ko‘ra, yangi qattiq yonilg‘ida ishlaydigan Qassem Basir raketasi 1200 kilometrgacha uchish masofasiga ega, manyovr qobiliyati yaxshilangan va «Isroildagi havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun nishonga olinishi qiyin».

Foto: Mehr
4 may, yakshanba kuni kechqurun Eron hukumati 17 aprel kuni Qassem Basir qattiq yonilg‘idagi yangi ballistik raketa muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilganini e’lon qildi. Islom Respublikasi mudofaa vaziri Aziz Nosirzoda IRIB 2 davlat telekanaliga bergan intervyusida raketa manyovr qobiliyatini yaxshilaganini va «THAAD va Patriot hamda Isroilda bor bo‘lgan boshqa havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun nishonga olinishi qiyin ekanligini» aytdi.
Nosirzoda, shuningdek, AQShni Eron «agar unga hujum qilinsa yoki urushga majburlansa», «qat’iy javob berishga tayyor»ligidan ogohlantirdi. Eron harbiy idorasi rahbari Tehron «qo‘shni davlatlarga nisbatan dushmanlik his qilmasligi va ular bilan birodarlik munosabatlariga intilishi»ga ishontirdi, biroq urush boshlangan taqdirda ularning hududidagi Amerika bazalari Eron harbiylari uchun «qonuniy nishon»ga aylanadi.
Yaman husiychilarining Isroilga yaqinda uyushtirgan raketa hujumiga izoh berar ekan, Nosirzoda Yaman «o‘zi qaror qabul qiladigan mustaqil davlat» ekanini aytdi. U, shuningdek, AQSh rasmiylarining Eron bu mamlakatdagi mojaroga aloqadorligi haqidagi da’volarini rad etdi, deb xabar beradi AP.
4 may kuni Yamandan uchirilgan raketa Tel-Aviv yaqinidagi Ben Gurion xalqaro aeroporti yaqiniga quladi. Shu bilan birga, olti kishi jarohatlangan.
Mavzuga oid

20:03 / 23.05.2025
Rimda AQSh va Eron o‘rtasida yadroviy dastur bo‘yicha muzokaralar boshlandi

16:28 / 23.05.2025
Eron 2023 yilda Ozarboyjon elchixonasiga hujum qilgan erkakni qatl qildi

14:18 / 22.05.2025
AQSh yana Rossiyagacha yetib boradigan raketani sinovdan o‘tkazdi

20:49 / 15.05.2025