“Urushda bir ko‘zimdan ayrildim” – Rossiya armiyasiga yollangan o‘zbekistonlik yigit
Aralash jang san’ati bilan professional tarzda shug‘ullangan sportchi yigit armanlar taklifi bilan jang o‘tkazish maqsadida Moskva shahriga borgan. Ammo u kutilmagan muammolar tufayli haqiqiy jangga, ya’ni urushga borishga majbur bo‘lgan. Luhanskdagi jangda bir ko‘zidan ayrilgan yigit sudda tiklanish ta’tilida O‘zbekistonning Moskva shahridagi elchixonasiga borganini, biroq ular yordam bermaganini aytgan.

Foto: AP
Rossiya armiyasiga yollangan yana bir O‘zbekiston fuqarosi jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Sud hukmida keltirilishicha, 1997 yilda tug‘ilgan A.U. Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanida yashagan. U 2024 yilning 15 iyun kuni Rossiyaga borib, moddiy manfaat ko‘rish uchun ushbu davlat armiyasiga yollangan. U Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarda ishtirok etgan. Biroq oskolka tegib, ko‘zidan jarohatlangan.
A.U. sudda aybiga iqrorlik bildirib, aralash jang san’ati bilan professional tarzda shug‘ullanganini, Moskvaga jang qilish uchun borganini bildirgan.
“Ilgari oilamizga tegishli do‘konlar bor edi. Men ularning ishini yuritib kelganman. Do‘konlarimiz bankrot bo‘lib, katta qarzdorlikka kirib qoldim. Bundan tashqari professional tarzda aralash jang san’ati bilan shug‘ullanib kelganman.
Katta qarzga kirganimdan so‘ng internet tarmog‘ida chet davlatlarda jang bo‘ladigan joylarni qo‘yib bordim. Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida jang chiqdi. Ushbu jangga boradigan bo‘ldim. U yerga borishdan oldin armanistonlik menejerlar bilan gaplashib oldim. Ular Rossiyaga borishimga ketadigan barcha xarajatlarni qoplab beradigan bo‘lishdi.
2024 yil 30 may kuni Moskva shahriga yetib bordim va armanistonliklar bilan uchrashdim. Ular menga jang bekor qilinganini aytishdi hamda qilingan xarajatlarni qoplab berishimni so‘rashdi. Yonimda umuman pul bo‘lmagani uchun nima qilishni bilmay qoldim. Armanistonliklar “bir soat vaqt ichida pullarimizni qaytarasan” deb turib olishdi va pasportimni garovga olib qo‘yishdi”, degan suddagi ko‘rsatmasida A.U.
Shundan so‘ng A.U. Moskvada “shartnomali xizmat” deb yozilgan reklama bannerini ko‘rib qolgan va unda ko‘rsatilgan manzilga borgan.
“U yerda Rossiya harbiylari bor ekan. Ulardan bu qanday shartnoma ekanini so‘raganimda harbiy shartnoma ekanini ma’lum qilishdi. “Shartnoma qilsam, pulini bugunning o‘zida berasizlarmi?” deb so‘radim. Pulni vaqtida berishini aytishdi. Keyin armanistonliklarga aytib pasportimni oldim va ularga qarzlarini berdim.
Shartnoma qilayotgan vaqtida O‘zbekistonda nima ish qilganimni so‘rashdi. Ishlab chiqarish texnikalarini yig‘ganman, dedim. Menga “harbiy texnikalarni ta’mirlash bilan shug‘ullanasan”, deyishdi. Rozi bo‘ldim va 1 yillik shartnoma imzoladim”, degan yigit.
Shu tariqa A.U.ni Rostov shahri Persiyanovka qishlog‘i atrofidagi harbiy paligonga olib borishgan. U yerda boshlang‘ich harbiy tayyorgarlikdan o‘tilgan. Bu vaqtda quroldan otish, to‘siqlardan o‘tish kabi mashg‘ulotlarni o‘rgatishgan. So‘ngra Ukrainaning Luhansk shahriga olib ketishgan. Bu yerda ular chuqurlashtirilgan harbiy tayyorgarlikdan o‘tkazilgan va 2024 yil 5 avgust kuni urushga jalb qilingan.
Harbiy mashinada ketayotgan A.U. dron hujumi oqibatida oskolka tegib, bir ko‘zidan ayrilgan. Uni avvaliga Luhanskdagi, so‘ng Rostov shahridagi harbiy gospitallarga jo‘natishgan. 2024 yil 2 sentabrda esa Sankt-Peterburgdagi harbiy gospitalga olib borib, operatsiya qilish orqali ko‘zini tiklashga urinishgan. Ammo tiklay olishmagan.
“To‘liq tiklanib olishim uchun 60 kun ta’til berishdi. Ta’til vaqtida O‘zbekistonga qaytishni rejalashtirdim. O‘zbekistonning Moskva shahridagi elchixonasiga borib, yordam so‘radim. Lekin ular bunday holatda yordam bera olmasliklarini aytishdi. Shundan so‘ng internet tarmog‘i orqali 50 ming rublga migratsion karta sotib oldim va 2024 yil 20 dekabrda O‘zbekistonga qaytib keldim”, degan A.U. sudda.
Sud hukmi bilan A.U. Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismida (yollanish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybli deb topilgan. Unga qamoqda o‘tirgan davri chegirilgan holda 4 yil 1 oy 20 kun muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Oldinroq Rossiya-Ukraina urushida qatnashib, jang maydonida harbiy istehkom qurish ishlariga jalb etilgan o‘zbekistonlik yigit jinoiy jazoga tortilgandi.
Mavzuga oid

00:17
Tramp Zelenskiy va Putin bilan uchrashishga tayyorligini ma’lum qildi

21:26 / 28.05.2025
Rossiya Ukrainaga yangi uchrashuv sanasi va vaqtini taklif qildi - Medinskiy

21:14 / 28.05.2025
“Men bo‘lmaganimda Rossiyaning ahvoli yomon bo‘lardi” - Tramp o‘zgardimi?

20:48 / 28.05.2025