Putin va Tramp Ukraina atrofidagi vaziyatni muhokama qildi – Kreml
Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSh prezidenti Donald Trampning telefon muloqoti 1 soat 10 daqiqa davom etgani aytildi.

Foto: AFP
Suhbat Ukraina atrofidagi vaziyatni muhokama qilishdan boshlandi, dedi jurnalistlarga Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Putin va Tramp «bir-biri bilan doimiy aloqada bo‘lishga tayyor ekanligini tasdiqladi».
Ushakov, shuningdek, ikki davlat rahbarlari AQSh prezidenti elchisi Stiv Uitkoff sa’y-harakatlarini yuqori baholaganini ma’lum qildi.
Tramp avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda suhbat haqida xabar berib, muloqot 1 soat 15 daqiqa davom etganini aytgan edi.
Ushakov so‘zlariga ko‘ra, Putin Trampga Rossiya obektlariga qilingan hujumlar haqida batafsil ma’lumot bergan.
«U bizning fikrimizni diqqat bilan tingladi va prezident bu borada yetarlicha batafsil gapirdi. Menimcha, Trampning sodir bo‘lgan voqealarga baholarimizni eshitishi juda foydali bo‘ldi», dedi Ushakov.
Tramp avvalroq bu suhbatda Putin uni Ukrainaning so‘nggi hujumlariga javob qaytarish niyati haqida ogohlantirganini ma’lum qilgandi: «Prezident Putin so‘nggi paytlarda aerodromlarga qilingan hujumlarga javob berishga majbur bo‘lishini juda qat’iy aytdi».
Shuningdek, Tramp suhbatda AQSh Rossiyadagi harbiy aerodromlarga berilgan zarbalar haqida oldindan xabardor qilinmaganini aytgan.
«Tramp amerikaliklar bu haqda (harbiy aerodromlarga berilgan zarbalar) oldindan xabardor qilinmaganini yana bir bor tasdiqladi», dedi Ushakov.
Ushakov so‘zlariga ko‘ra, Putin Trampga Kiyev Rossiya hududidagi tinch aholi manzillariga zarba berish orqali Istanbul muzokaralarini buzishga urinayotganini aytgan.
Prezident yordamchisi so‘zlariga ko‘ra, Putin Trampga Istanbul muzokaralari natijalari haqida ham batafsil ma’lumot bergan, biroq prezidentlar tomonlar pozitsiyasiga doir memorandum matnlarini muhokama qilmagan.
«Tegishli memorandumlar poytaxtlarda - Moskva va Kiyevda tahlil qilinadi va keyin, umid qilganimizdek, tomonlar muzokaralarni davom ettirishi mumkin», dedi Kreml vakili.
«Rahbarlar Ukraina muammosi bo‘yicha, jumladan, yuqori darajada, shuningdek, boshqa darajalarda va boshqa kanallar orqali aloqalarni davom ettirishga kelishib oldi», dedi Ushakov.
Suhbat chog‘ida Rossiya-Amerika hamkorligi istiqbollari haqida ham fikr almashilgan.
«Prezidentlar turli yo‘nalishlarda Rossiya-Amerika hamkorligini tiklash istiqbollari yuzasidan fikr almashdi, bu ikki prezidentning fikricha, ulkan salohiyatga ega», dedi u.
Suhbat chog‘ida Yaqin Sharq va Hindiston bilan Pokiston o‘rtasidagi mojaro ham muhokama qilingan.
Ammo prezidentlar Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mahbuslarni almashish masalasini muhokama qilmagan.
«Bu gal suhbatda bu haqda gap bo‘lmadi. Esingizda bo‘lsa, 19 may kuni bo‘lib o‘tgan avvalgi suhbat chog‘ida prezidentlar bu masalani muhokama qilgan», dedi Ushakov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, «suhbat yakunida har ikki davlat rahbari o‘zaro fikr almashishni ijobiy va juda samarali baholagan». Prezidentlar aloqalarni davom ettirishga kelishib olgan, jumladan, Ukraina kelishuvi bo‘yicha.
Mavzuga oid

00:45
Tramp Xitoy bilan savdo urushini hal etish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilishini ma’lum qildi

23:33 / 06.06.2025
Oq uy senatni Rossiyaga qarshi «qaqshatkich» sanksiyalariga oid qonun loyihasini yumshatishga chaqirdi

22:08 / 06.06.2025
Tramp Maskni qo‘llab-quvvatlash uchun sotib olgan Tesla avtomobilidan qutulmoqchi

19:40 / 06.06.2025