Sport | 11:35 / 07.06.2025
16948
6 daqiqa o‘qiladi

Hali Falastinda ham imkon bor. Osiyo saralashidagi intrigalar

O‘z uyida O‘zbekistonni yenga olmay, to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmadan umid uzgan BAA va so‘nggi turda Toshkentda mehmon bo‘ladigan Qatarda hali JChga chiqish uchun imkoniyat bo‘ladi. Bunday imkoniyat Falastin va Indoneziya kabi jamoalarda ham saqlanib turibdi.

Foto: OFK

Futbol bo‘yicha 2026 yilgi jahon chempionatiga Osiyo uchun 6+2,5 ta yo‘llanma berilgan. To‘g‘ridan to‘g‘ri 6 ta yo‘llanmadan 5 tasining egalari ma’lum – Yaponiya va Eron ortidan O‘zbekiston, Iordaniya va Janubiy Koreya ham okeanortida o‘tkaziladigan mundial chiptalarini qo‘lga kiritdi. Oltinchi yo‘llanma taqdiri so‘nggi turda Saudiya Arabistoni va Avstraliya o‘rtasidagi uchrashuvda hal bo‘ladi.

Guruhlarda 3 va 4-o‘rinlarda qolib ketayotgan jamoalar esa qo‘shimcha imkoniyatdan foydalanishi mumkin.

Uchta guruhdan chiqadigan 6 jamoa avvaliga ikki guruhga bo‘linib, ikkita yo‘llanma uchun kurash olib boradi. Guruh g‘oliblari yo‘llanmaga ega chiqadi, uchinchi o‘rinda qolgan jamoalar mundialdan butkul umid uzadi, ikkinchi o‘rinni egallagan jamoalar esa o‘zaro o‘ynaydi, g‘olib qit’alararo pley offda yana bir yo‘llanma uchun kurashadi.

A guruhi

Guruh favoritlari Eron va O‘zbekistonga qarshi o‘yinlarda munosib qarshilik ko‘rsatgan Qirg‘iziston so‘nggi tur arafasida mundial yo‘llanmasi uchun kurashdan chiqdi. Qo‘shnilarning to‘rtinchi o‘rin uchun kurashdagi raqibi bo‘lgan Qatar o‘z uyida muddatidan oldin yo‘llanmani hal qilgan va amalda motivatsiyaga ega bo‘lmagan Eronni mag‘lub etdi. Qirg‘izlarning o‘zi esa safarda KXDR bilan durang o‘ynab qaytdi. Natijada Qatar va Qirg‘iziston o‘rtasida so‘nggi tur arafasida olti ochkolik farq yuzaga keldi.

Bu guruhda Eron va O‘zbekiston muddatidan oldin yo‘llanmaga ega bo‘ldi, BAA va Qatar esa pley-offda qo‘shimcha imkoniyatdan foydalanishga urinib ko‘radi.

Guruhda so‘nggi turdagi intrigalar faqat qaysi jamoalar qaysi o‘rinni egallashi bilan bog‘liq – agar Eron o‘z uyida shimoliy koreyaliklarni yenga olmasa, O‘zbekiston Qatarni yirikroq hisobda yengish orqali birinchi o‘ringa chiqib olishi mumkin.

10 iyun. O‘zbekiston — Qatar, Qirg‘iziston — BAA, Eron — KXDR.

B guruhi

Bu guruhda ham so‘nggi tur oldidan to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma egalari aniq bo‘lib ulgurdi — bu turda Janubiy Koreya Iroqqa, Iordaniya O‘monga hech qanday imkoniyat qoldirmadi va mundial yo‘llanmasini muddatidan oldin hal qilishdi. Iordaniya uchun ham bu tarixdagi ilk ishtirok bo‘ladi.

Lekin A guruhdan farqli o‘laroq, bu guruhda 3 va 4-o‘rin egalari aniq bo‘lmagan. Ayni vaqtda beshinchi o‘rinda qolayotgan Falastinda ham bu o‘rinlardan biriga chiqib olish imkoniyati mavjud.

Falastinliklar bu saralashning sensatsiya jamoasi bo‘lmoqda – ushbu jamoa guruh favoriti bo‘lgan koreyslarga qarshi ikki o‘yinda ham durang qayd etdi (0:0, 1:1), Kuvayt bilan o‘yinda to‘rt ochko oldi (1:1, 2:0), Iroq bilan o‘yinlardan birida g‘alabaga erishdi (2:1) va ayni vaqtda 9 ochkoga ega. Uning raqobatchilari Iroq va O‘mon esa mos ravishda 12 va 10 tadan ochkoga ega. Falastin so‘nggi turda aynan O‘monga qarshi hal qiluvchi o‘yinda maydonga tushadi, jamoalarning oldingi uchrashuvida O‘mon minimal hisobda (1:0) ustunlikka erishgandi. Bu o‘yinda revansh olish orqali falastinliklar pley-off bosqichiga o‘tishi va mundial yo‘llanmasi uchun kurashni davom ettirishi mumkin bo‘ladi.

10 iyun. Janubiy Koreya — Kuvayt, Iordaniya — Iroq, Falastin — O‘mon.

C guruhi

Bu guruhda vaziyat yanada chalkashroq, faqat birinchi o‘rin egasi (Yaponiya) hamda guruhning so‘nggi o‘rinlarida qolib ketgan jamoalar nomi ma’lum – Bahrayn va Xitoy kurashdan chiqqan. 

Guruhdan ikkinchi yo‘llanma uchun esa Avstraliya va Saudiya Arabistoni raqobat qilmoqda. So‘nggi turda aynan ushbu ikki jamoa o‘zaro to‘qnashadi. Ayni vaqtda 16 ochkoga ega bo‘lgan «sokkeruzlar»ning holati yaxshiroq, yashil qit’a vakillari raqibdan uch ochko ko‘proq to‘plash bilan birga, to‘plar nisbati bo‘yicha +8 ustunlikka ega. Saudlar ularni quvib o‘tishi uchun 10 iyun kuni o‘z maydonida o‘tadigan o‘yinda kamida to‘rtta gol farqi bilan g‘alaba qozonishi talab etiladi.

Katta ehtimol bilan, ikkinchi yo‘llanma avstraliyaliklarga nasib etadi, saudlar esa Indoneziya bilan birgalikda pley-offda navbatdagi imkoniyatdan foydalanishga urinib ko‘radi.

10 iyun. Yaponiya — Indoneziya, Xitoy — Bahrayn, Saudiya Arabistoni — Avstraliya.

Yo‘llanmaga ega chiqqan jamoalar:

Yaponiya
Eron
O‘zbekiston
Janubiy Koreya
Iordaniya
(Avstraliya yoki Saudiya Arabistoni)

Pley-offda qatnashadigan jamoalar:

BAA
Qatar
Indoneziya
(Avstraliya yoki Saudiya Arabistoni)
(Iroq, O‘mon va Falastin jamoalaridan ikkitasi)

Mavzuga oid