Jahon | 15:59 / 08.06.2025
7944
5 daqiqa o‘qiladi

Tramp Los-Anjyelesga Milliy gvardiya askarlarini yubormoqda

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati noqonuniy migrantlarga qarshi reyd tufayli namoyishchilar bilan to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tgan Los-Anjyeles shahrida Milliy gvardiyaning 2 ming nafar harbiy xizmatchisi safarbar etilganini ma’lum qildi. Pentagon rahbari armiya kuchlari ishga solinishi ehtimolini istisno qilmagan. Kaliforniya gubernatori va mamlakatdagi eng yirik ikkinchi shahar meri Oq uyni ig‘vogarlik va qo‘rquv uyg‘otishga urinishda aybladi.

AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset «agar zo‘ravonlik davom etsa», Pentagon Los-Anjyelesga armiya bo‘linmalarini yuborishga tayyorligi haqida ogohlantirdi. «Qo‘shni Kemp-Pendltondagi dengiz piyodalari yuqori shaylik holatida», deya uning so‘zlarini keltirgan Reuters agentligi.

Shanba kuni AQSh Immigratsiya va bojxona politsiyasi (ICE) federal agentlari ketma-ket ikkinchi kun Los-Anjyelesning janubi-sharqidagi Paramount tumanida namoyishchilar bilan to‘qnashdi, u yerda ba’zi namoyishchilar Meksika bayroqlarini ko‘targan. Shanba kuni kechqurun Los-Anjyeles markazidagi yana bir norozilik namoyishida 60 ga yaqin odam to‘plandi, ular «ICE, Los-Anjyelesdan chiqib ket!» qabilidagi shiorlarni aytishgan.

Paramount aholisining 80 foizdan ortig‘ini ispanlar tashkil qiladi. Odamlarni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va shovqinli granatalar qo‘llangan.

Tramp «o‘rnashib olgan qonunsizlikni bartaraf etish» uchun Milliy gvardiya qo‘shinlarini joylashtirish to‘g‘risidagi prezident memorandumini imzoladi, deyiladi Oq uy bayonotida.

Oq uy xabariga ko‘ra, 2 ming nafar milliy gvardiyachi jo‘natishga tayyorlanmoqda. ICE direktori Tom Homan («chegara qiroli») Fox News telekanaliga Milliy gvardiya zudlik bilan Los-Anjyelesda joylashtirilishini aytdi.

Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom bu qarorni «qasddan ig‘vogarlik» deb atadi. U kuch ishlatmaslikka chaqirgan.

«Federal hukumat Los-Anjyelesga Milliy gvardiyaning 2000 askarini joylashtirmoqda – huquq-tartibot organlari xodimlari yetishmaganidan emas, balki ular tomosha xohlagani uchun», – deya yozgan gubernator X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.

«Ularga tomosha ko‘rsatmang. Hech qachon zo‘ravonlik qilmang. Tinchlik bilan gapiring», – deya murojaat qildi u namoyishchilarga. Gubernator Milliy gvardiyaning ishtiroki «faqat keskinlikni kuchaytirishi»dan xavotirda.

Nyusom, shuningdek, Pentagon rahbarining tartibsizliklarni bostirish uchun armiya jalb qilinishi mumkinligi haqidagi bayonotini «normal bo‘lmagan xatti-harakat» deb atadi, deb ta’kidlaydi Reuters. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Amerika tuprog‘ida o‘z fuqarolariga qarshi dengiz piyodalarini joylashtirish bilan tahdid qilish»ga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida agar Kaliforniya gubernatori va Los-Anjyeles meri Karen Bass o‘z ishini uddalay olmasa, unda «federal hukumat aralashishi hamda TARTIBSIZLIK va TALON-TOROJ holatlari muammosini hal qilishi»ni bildirgan.

AQSh prezidenti Milliy gvardiyani muayyan maqsadlar, jumladan, «isyonlarni bostirish» uchun yuborish vakolatiga ega.

To‘qnashuvlar shanba kuni kechgacha davom etgan

Los-Anjyeles meri avvalroq ICE’ni AQShning ikkinchi yirik shahrini «qo‘rquvga solish»ga urinishda ayblagandi.

Aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlari shuni ko‘rsatadiki, Los-Anjyeles aholisining katta qismi ispan tilida so‘zlashuvchilar va chet elda tug‘ilganlardir, Tramp esa noqonuniy muhojirlarga qarshi kurashni ikkinchi prezidentlik muddatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylantirdi.

«Xorij davlati bayroqlarini ko‘targan isyonchilar immigratsiya xizmati xodimlariga hujum qilmoqda, Amerika siyosiy rahbariyatining yarmi esa chegara nazorati yovuzlik degan qarorga keldi», - deya Trampning tanqidchilarini qoraladi AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens X ijtimoiy tarmog‘ida.

Immigratsiya masalasida qattiqqo‘llik tarafdori bo‘lgan Oq uy rasmiysi Stiven Miller norozilik namoyishlarini «zo‘ravonlik isyoni» deb atadi.

Ma’muriyat 1807 yilgi qo‘zg‘olonlarni harbiylar tomonidan bostirish to‘g‘risidagi qonun normalarini qo‘llamagan, deb xabar berdi Reuters manbalari. Ushbu qonun prezidentga AQSh armiyasini qonunga rioya etilishini ta’minlash va tartibsizliklarni bostirish uchun jalb qilish vakolatini beradi. U oxirgi marta 1992 yilda Kaliforniya gubernatori iltimosiga binoan Los-Anjyelesdagi tartibsizliklar paytida qo‘llangan.

Mavzuga oid