Isroilning Eronga qarshi operatsiyasi 14 kun davom etishi mumkin
Ba’zi tahlilchilar zarbalarning dastlabki to‘lqini Eron yadroviy dasturiga yetarli darajada zarar yetkaza olmagani va operatsiya cho‘zilishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Foto: Anadolu Agency
Isroilning yuqori martabali rasmiysi The Wall Strest Journal gazetasiga bergan intervyusida Isroilning Eronga qarshi operatsiyasi «nihoyasiga yetmaganini» aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, operatsiya 14 kunga mo‘ljallangan.
Nashrning ta’kidlashicha, bu bayonot ba’zi tahlilchilarning fikriga mos keladi. Ularga ko‘ra, zarbalarning dastlabki to‘lqini Eron yadroviy dasturiga yetarli darajada zarar yetkaza olmagan. Ammo, Isroil bir vaqtning o‘zida Eron obektlari, qo‘mondonliklari va qurol-yarog‘ omborlariga zarba berish orqali javob zarbasini cheklashga harakat qilgan.
Isroil armiyasi ham operatsiya davom etishini bildirdi, deb yozdi The Times of Israel.
«Biz strategik imkoniyatlar oynasida turibmiz. Qaytmas nuqtaga yetdik va hozir harakat qilishdan boshqa ilojimiz yo‘q», dedi Isroil harbiylari.
Shu bilan birga, Eronga nisbatan harbiy operatsiya endi boshlandi, dedi Isroil armiyasi matbuot kotibi Efi Defrin.
«Ayni paytda Isroil armiyasi maqsadga erishish uchun operatsiyalarni davom ettirmoqda, parallel ravishda Isroilning muhim mudofaasini ta’minlamoqda», dedi u.
Zarbalar qachongacha davom etishi haqidagi savolga javoban u «operatsiya endi boshlanmoqda» dedi va armiya Eronning javob zarbalariga tayyorgarlik ko‘rayotganini ta’kidladi.
Isroil 13 iyun kuni erta tongda Eron hududiga qator zarbalar berdi. Tasdiqlangan nishon Natanzdagi uranni boyitish zavodi bo‘lib, uning aksariyat obektlari yer ostida joylashgan. Eron rasmiylarining ta’kidlashicha, faqat yer usti inshootlari shikastlangan. Isroil armiyasi o‘z navbatida, yer osti inshootlari ham qisman vayron bo‘lganini da’vo qiladi.