Jahon | 19:45 / 15.06.2025
10285
5 daqiqa o‘qiladi

Kiyevda Boeing ofisi zarbaga uchragan, Tataristonda dron zavodiga hujum qilindi

Oleksii Filippov / AFP / Scanpix / LETA

Rossiya harbiylari 10 iyunga o‘tar kechasi Amerikaning Boyeing ayerokosmik kompaniyasining Kiyevdagi ofisiga zarba yo‘lladi, deb xabar berdi Britaniyaning Financial Times gazetasi 15 iyun kuni oltita manbaning so‘zlari va Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati (FVDT) tomonidan avvalroq e’lon qilingan fotosuratlarga tayanib. Tasvirlarda binoning jiddiy shikastlangani va yong‘inni o‘chirayotgan qutqaruvchilarni ko‘rish mumkin.

Boeing ofisi Glubochitskaya ko‘chasi, 4-uyda joylashgan – bu Kiyevning Shevchenkovskiy rayoni. Ko‘rsatilgan manzilda joylashgan binoning suratlari FVDT ijtimoiy tarmoqlari va fotobanklarda paydo bo‘ldi. Kiyev shahri meri Vitaliy Klichko Shevchenkovskiy rayonidagi biznes markaziga zarba kelib tushgani haqida xabar bergan.

Boeing’ning ikki xodimi, ukrainalik uch nafar mulozim va Ukraina-Amerika savdo palatasi prezidenti Endi Hander FT’ga Rossiya zarbasi Amerika kompaniyasiga «aniq» qaratilganini, uning ofisi hujum nishonlaridan biri bo‘lganini aytdi.

Bino shikastlanganiga qaramay, kompaniya faoliyatida hech qanday uzilishlar bo‘lmadi, deb xabar bergan nashrga Boeing’ning Ukrainadagi bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari Andrey Koryagin.

Boeing rasmiy vakili hujum yuzasidan izoh berishdan bosh tortgan, ammo kompaniya xodimlar xavfsizligiga jiddiy qarashi va ulardan hech biri Rossiya zarbasi oqibatida jabrlanmaganini aytgan. Kompaniya vakili «murakkab va xavfli sharoitlarda ishlaydigan xodimlarning chidamliligi»ni yuqori baholagan.

«Rossiyaning Ukrainadagi Amerika kompaniyalariga zarbalari Putinning AQShning tinchlikparvar sa’y-harakatlarini e’tiborsiz qoldirishiga yana bir misoldir. Rossiya Amerika kompaniyalarini nishonga olayotgani AQShning tinchlik sa’y-harakatlarida ham, Ukraina va Yevropaning qolgan qismi xavfsizligini ta’minlashda ham ishtirokini davom ettirish muhimligini ta’kidlaydi», – dedi Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga FT nashriga.

Valentyn Ogirenko / Reuters / Scanpix / LETA

Boeing – Amerikaning Ukrainadagi eng mashhur kompaniyalaridan biri. Mahalliy bo‘lim injiniring va texnik qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanadi. Kompaniya Ukrainada mingdan ortiq xodimni ishga olgan va iyun oyi boshida yangi ish o‘rinlarini e’lon qilgan.

Boeing Ukrainaning «Antonov» aviasozlik kompaniyasi bilan hamkorlik qiladi, ular 2024 yilda mudofaa loyihalarida hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganish uchun o‘zaro anglashuv memorandumini imzolagan. 2025 yil boshida Boeing rahbarlari «Antonov»dagi hamkasblari va Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov bilan uchrashib, yangi qo‘shma loyihalarni muhokama qilishdi.

Financial Times nashri yozishicha, Rossiya qurolli kuchlarining Boeing ofisiga zarbasi Rossiya Ukrainaning mudofaa va aviatsiya sohalari bilan aloqador bo‘lgan G‘arb kompaniyalariga hujumlarni kengaytirishi mumkinmi, degan savollarni keltirib chiqarmoqda.

Ukraina dronlari Tataristonning Yelabugasiga hujum qildi – u yerda «Shaheed» zarbdor dronlari ishlab chiqariladigan korxona joylashgan

Ukraina dronlari Tataristonning Yelabuga rayoniga hujumi oqibatida kamida bir kishi halok bo‘lib, 13 kishi yaralandi, deb xabar berdi hudud rahari Rustam Minnixanov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, urib tushirilgan dron parchalari avtomobil zavodidagi nazorat-o‘tkazish punkti binosiga tushgan, voqea joyida yong‘in kelib chiqqan, u tezda o‘chirilgan. Minnixanovning qayd etishicha, korxonaning bir ishchisi halok bo‘lgan. Jarohatlanganlar orasida bir kishining ahvoli og‘ir.

Ijtimoiy tarmoqlarda Tataristondagi «Alabuga» maxsus iqtisodiy zonasi hududida sodir bo‘lgan yong‘in videosi paydo bo‘ldi – u yerda «Shaheed» tipidagi zarbdor dronlar ishlab chiqariladi. «Mediazona» kadrlarni tahlil qilib, yong‘in Aurus va «Sollers» avtozavodlari korpuslari hududida sodir bo‘lganini aniqladi.

Ukraina dronlari hujumi fonida Rosaviatsiya bir necha soat davomida Qozon, Nijnekamsk va Ijyevsk aeroportlarida cheklovlar kiritdi. Bu vaqtda Qozon aeroportiga 11 ta, Ijyevskka uchta, Nijnekamskka bitta samolyot qo‘na olmagan, laynerlar zaxira aerodromlarga yo‘naltirilgan.

Mavzuga oid