Eron va Isroil zarbalar almashishda davom etmoqda
Isroil harbiy-havo kuchlari Eron markaziy hududidagi «yer-yer» turidagi raketa uchirish qurilmalariga zarbalar berdi. Eron Islom muhofizlari korpusi esa asosiy nishonlari Tel-Aviv va Hayfa shaharlari, razvedka markaziga 100 dan ortiq raketa uchirgan.

Foto: Ronen Zvulun/Reuters
Isroil dushanba kuni ertalab Eronga qarshi yangi hujum to‘lqinini boshladi. Bu haqda New York Times nashri xabar bermoqda.
Isroil harbiylari dushanba tongida bergan bayonotda markaziy Erondagi raketa uchirish maydonlariga zarba berayotganini bildirdi va isroilliklarni boshpanalarga yaqin joyda qolishga chaqirdi. Bu esa Eron tomonidan kutilayotgan hujum haqida ogohlantiruvchi belgi hisoblanadi.
Isroil Mudofaa Armiyasi (IDF)ning ma’lum qilishicha, mamlakat harbiy-havo kuchlari Eron markaziy hududidagi «yer-yer» turidagi raketa uchirish qurilmalariga zarbalar bera boshlagan.
Isroil qiruvchi samolyotlari Tehrondagi Shahron neft saqlash bazasiga hamda Eron mudofaa vazirligi binosiga aviazarbalar yo‘llagan. Hujum nishoni mudofaa vazirligi shtab-kvartirasi bo‘lgan. Tasnim agentligi muxbirining ma’lum qilishicha, vazirlikning ofis binolaridan biriga biroz zarar yetgan.
Shuningdek, TsAXAL bayonotiga ko‘ra, Isroil harbiylari Eron tomonidan uchirilgan 100 dan ortiq dronni to‘xtatishga muvaffaq bo‘lgan. Isroil armiyasining Ichki Mudofaa Qo‘mitasi (Home Front Command) dushanba kuni erta tongda yana bir bor aholini boshpanalarda qolishga chaqirdi. Bu ehtimoliy Eron hujumi arafasida sodir bo‘lgan.
O‘z navbatida, Eron Islom muhofizlari korpusi Isroilning razvedka markazlariga zarba berganini e’lon qildi. Eron davlat televideniyesi 100 dan ortiq raketa (ularning turiga aniqlik kiritilmagan), shuningdek, dronlar uchirilganini ma’lum qildi. Tel-Aviv va Hayfa shaharlari asosiy nishonlar bo‘ldi. Xayfada raketa belgilangan nishonga kelib urilgan.
Bundan tashqari, Isroilning «Rafael» qurol-yarog‘ ishlab chiqaruvchi kompaniyasiga qarashli zavod ham Eron tomonidan nishonga olingan.
Bu hujumlar yakshanba kuni Eron va Isroil bo‘ylab ko‘plab joylarga uyushtirilgan aviazarbalardan so‘ng amalga oshirildi. OAVda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, Tehrondan chiqadigan yo‘llar yakshanba kuni tirband bo‘lgan. Aholi yonilg‘i quyish shoxobchalarida navbatlar yuzaga kelgani va ba’zilar chamadon ko‘tarib, taksi to‘xtatishga uringanini aytmoqda.
Eron sog‘liqni saqlash vazirligi vakili Hossein Kermanpour ijtimoiy tarmoqlarda yozishicha, juma kunidan beri Isroilning hujumlari oqibatida 224 kishi halok bo‘lgan, yana 1 277 kishi yaralangan. U Isroilning harbiy obektlarni nishonga olyapmiz, degan da’volarini rad etdi va jabrlanganlarning aksariyati oddiy fuqarolar ekanini ta’kidlamoqda.
Tehron shimolidagi bir necha tuman aholisi ularning ichimlik suvi uzib qo‘yilgani, aholi hayotiy xizmatlar izdan chiqayotganidan xavotirda ekanini bildirgan. Shanba kuni Isroil Tehronning asosiy gaz omborini nishonga oldi, Tajrish bozori yaqinidagi bank portlashi natijasida ko‘chalarni loyqa suv bosganiga oid videolar haqiqiyligi New York Times tomonidan tekshirib, tasdiqlangan.
Prezident Donald Tramp, Kanada yo‘nalishida G7 sammitiga ketishidan oldin jurnalistlarga «Eron va Isroil kelishuvga erishishi kerak. Ba’zida ular urishib olishlari kerak bo‘ladi. Ko‘ramiz, nima bo‘ladi», degan. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Isroil mudofaasini qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. U Isroil zarbalarini to‘xtatishga chaqirganmi yoki yo‘qmi, bu haqda izoh bermadi.
Mahalliy agentliklar Eron tomonidan zarbalarning ikki to‘lqini kelgani, Hayfa o‘qqa tutilishi oqibatida besh kishi halok bo‘lib, 20 kishi jarohatlangani haqida xabar berdi. Shuningdek, Yahudiya tog‘oldi hududida 24 kishi yaralangan. Tel-Avivda ham 65 kishi yaralangan, shifoxonaga yotqizilganlarning uch nafari og‘ir ahvolda. Eron zarbalari natijasida hozirgacha Isroilda kamida 12 kishi halok bo‘lgan.
Aholi o‘rtasida vahima kuchaymasligi uchun harbiylar «zarba yetkazilgan joylarning surat va joylashuvini ijtimoiy tarmoqlarda ulashmaslikni» so‘ragan. Ularga ko‘ra, Eron bu ma’lumotlardan zarbalarni aniqlik bilan yo‘naltirish uchun foydalanishi mumkin.
Bir necha soat oldin Isroil ichki mudofaa xizmati Eron tomonidan hujum tugaganini aytib, aholiga boshpanalardan chiqishga ruxsat berdi.
Ayni vaqtda muammoning diplomatik yo‘llari yopildi: Tehron va Vashington o‘rtasida Eron yadroviy dasturining kelajagi bo‘yicha yakshanba kuni bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan muzokaralar bekor qilindi. Isroil o‘z harbiy kampaniyasi bilan bu dasturdan voz kechishga majbur qilmoqchi.
Dunyodagi eng ilg‘or havo mudofaa tizimlariga ega, deb aytiladigan Isroil Eron tomonidan uchirilgan ballistik raketalarni to‘sib qolishi qiyin bo‘lyapti. Ular mudofaa tizimidan o‘tib ketganda, zarari kattaroq bo‘ladi.
Juma kuni Isroilning kutilmagan hujumi bilan boshlangan jang, Isroil va Eron o‘rtasidagi uzoq yillik adovat doirasida eng kuchli va uzoq davom etayotgan to‘qnashuvlardan biriga aylanmoqda. Bu esa AQSh va boshqa qudratli davlatlarning aralashuvi xavfini kuchaytirdi.