Mers Tramp bilan suhbatdan keyin: Rossiyaga bosimni kuchaytirish kerak
G7 sammiti doirasida Germaniya kansleri bilan muzokaralar chog‘ida Oq uy rahbari AQShning Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarga qo‘shilishi majburiyatini olmadi.

Foto: picture alliance
16 iyun, dushanba kuni Kanadaning Kananaskis shahrida bo‘lib o‘tgan G7 sammiti doirasida Germaniya kansleri Fridrix Mers va AQSh prezidenti Donald Tramp o‘rtasida 20 daqiqalik suhbat o‘tkazildi. Ikki davlat yetakchilari Yaqin Sharqdagi mojaroning avj olishi va Ukrainadagi urushni muhokama qildi, deb xabar beradi dpa.
Mers sammitdagi birinchi ish sessiyasi oldidan bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng: «Men buni aniq aytyapman: Rossiyaga bosimni kuchaytirish kerak», dedi. Germaniya kansleri boshqa Yevropa yetakchilari bilan birgalikda Moskvaning urush mashinasini zaiflashtirish uchun unga qarshi yangi sanksiyalar joriy etish tarafdori. Biroq, Germaniya hukumati doiralaridan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, muzokaralar davomida Oq uy rahbari Qo‘shma Shtatlarning ushbu potensial yangi cheklovlarga qo‘shilish majburiyatini olmagan. Ikki lider bu masala bo‘yicha faqat «juda qizg‘in fikr almashdi», deydi manbalar.
G7 sammiti doirasida Britaniya bosh vaziri Kir Starmer bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalar Qo‘shma Shtatlarga «katta pulga» tushganini, gap «milliardlab va milliardlab dollar» haqida ketayotganini aytdi. «Avval ular birinchi bo‘lib sanksiya kiritsin», dedi AQSh prezidenti Yevropa davlatlariga ishora qilib.
Kananaskisda Tramp va Mers o‘rtasidagi yana bir muhokama mavzusi Isroil va Eron o‘rtasidagi jangovar harakatlarning to‘rtinchi kuni bo‘ldi. Germaniya kansleri va AQSh prezidenti keskinlashuvni to‘xtatish yo‘llarini topish va Eron yadro dasturini to‘xtatish kerak degan fikrga keldi.
Mavzuga oid

21:59
Tramp Erondan «so‘zsiz taslim bo‘lishni» talab qildi

13:55
Germaniya Isroil va Erondan 5 ming kishini evakuatsiya qilishga tayyorlanmoqda

13:36
Suriyalik shifokor Germaniyada umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi

12:49