Jamiyat | 19:12 / 20.06.2025
4035
2 daqiqa o‘qiladi

O‘monda tutqunlikda saqlangan ayol va uning farzandlari O‘zbekistonga qaytarildi

Oiladagi kelishmovchilik, erning farzandlarga nisbatan kuch ishlatish holatlari va ularni xonadonda tutqunlikda saqlanishi ayolning O‘zbekiston elchixonasiga yordam so‘rab ariza yozishga undagan.

Foto: dunyo.info

Diplomatlar sa’y-harakati bilan O‘monda og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan vatandoshning O‘zbekistonga qaytishi ta’minlandi, deb xabar berdi «Dunyo».

O‘zbekiston elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan ayol ikki nafar voyaga yetmagan farzandi bilan vatanga qaytish bo‘yicha yordam so‘rab murojaat qilgan.

Murojaatda qayd etilishicha, u 2019 yildan buyon O‘monning al-Buraymiy shahrida, asli kelib chiqishi eronlik bo‘lgan, lekin hech bir davlat fuqaroligiga ega bo‘lmagan Ali ismli shaxs bilan shar’iy nikoh asosida birga yashagan. 2020 yilda va 2022 yilda farzandlari dunyoga kelgan. Biroq, oila boshlig‘ining hech qanday hujjatga ega emasligi va qonuniy nikoh shartnomasi yo‘qligi sababli bolalarga tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma rasmiylashtirilmagan.

Ta’kidlanishicha, oiladagi kelishmovchilik, erning farzandlarga nisbatan kuch ishlatish holatlari va ularni xonadonda tutqunlikda saqlanishi ayolning O‘zbekiston elchixonasiga yordam so‘rab ariza yozishga undagan.

Qayd qilinishicha, elchixona konsullik bo‘limi tomonidan O‘mon davlat idoralariga murojaat qilinib, voyaga yetmagan bolalarga Vatanga qaytishi uchun guvohnomalar rasmiylashtirilgan. 18 iyun kuni ular O‘mon poytaxti Masqat shahridagi xalqaro aeroportdan O‘zbekistonga uchib ketgan.

Mavzuga oid