Kataloniya separatistlari uchun amnistiya to‘g‘risidagi qonun o‘z kuchida qoldi
Ispaniya sudi Kataloniyaning ajralib chiqishi tarafdorlari uchun amnistiya qonuni konstitutsiyaga mos kelishini tasdiqladi.

Foto: AP
Ispaniya Konstitutsiyaviy sudi 26 iyun, payshanba kuni Kataloniya mustaqillik harakati ishtirokchilariga nisbatan munozarali amnistiya to‘g‘risidagi qonunni konstitutsiyaviy deb topib, ma’qulladi. Sud konservativ Xalq partiyasining da’vosini olti ovoz, to‘rtga qarshi ovoz bilan rad etdi, deb xabar beradi AFP.
Madrid sudi bayonotida aytilishicha, amnistiya to‘g‘risidagi qonunning qoidalari «Kataloniyada institutsional, siyosiy va ijtimoiy normallashtirish maqsadida» qo‘llab-quvvatlanmoqda. Shuningdek, u yerda bunday amnistiya konstitutsiyaviy qonun nuqtayi nazaridan, agar favqulodda vaziyatga javob berish bo‘lsa va uning maqsadi jamiyat manfaatlariga mos keladigan bo‘lsa, joiz bo‘lishi mumkinligi qayd etilgan.
2018 yilda lavozimga kirishganidan beri Kataloniyadagi vaziyatni normallashtirishni o‘zining ustuvor vazifasi deb atagan Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches sud qarorini olqishladi. U, shuningdek, Ispaniyada «siyosiy inqiroz» tugaganini e’lon qildi, deb xabar beradi AFP.
Kataloniyaning bo‘linishi tarafdorlari uchun amnistiya to‘g‘risidagi qonun 2024 yilda qabul qilingan. AFP ta’kidlashicha, bu Sanchesning Kataloniya mustaqilligi tarafdorlariga bergan imtiyozi bo‘lib, u parlamentda ularning qo‘llab-quvvatlashiga bog‘liq edi. Konservativ muxolifat tarafdorlari qonunga qarshi bir necha oydan beri norozilik bildirmoqda.
2017 yilda Ispaniyaning ushbu shimoli-sharqiy mintaqasini ajratishga muvaffaqiyatsiz urinishdan keyin mamlakat sud organlari tomonidan ilgari sudlangan kataloniyalik 400 ga yaqin faol amnistiyaga tushadi. Biroq, amnistiya Belgiyada Ispaniya rasmiylaridan yashirinib yurgan Kataloniya sobiq rahbari Karlos Puchdemonga ham tegishlimi yoki yo‘qmi, hozircha noaniq. Puchdemon nafaqat Kataloniya mustaqilligi bo‘yicha referendum o‘tkazganlikda, balki davlat mablag‘larini o‘zlashtirganlikda ham ayblangan, deya ta’kidlaydi AFP.
Mavzuga oid

21:48
Ispaniyalik tadqiqotchilar haftasiga to‘rt kunlik ish rejimining samaradorligini isbotladi

23:30 / 25.06.2025
Ispaniya sohillaridan qo‘l-oyoqlari bog‘langan besh kishining jasadi topildi

14:54 / 20.06.2025
Ispaniya bosh vaziri YaIMning 5 foizini mudofaaga sarflashga qarshi

08:48 / 18.06.2025