Estoniya va Litva BMTni Ottava konvensiyasidan chiqishi haqida xabardor qildi
Rossiyaning Ukrainadagi urushi fonida Estoniya va Litva BMTni piyodalarga qarshi minalarni taqiqlash konvensiyasidan chiqishi haqida xabardor qildi. «Putin Rossiyasi Yevropa uchun eng katta uzoq muddatli ekzistensial tahdiddir», dedi Litva TIV rahbari.

Foto: AP
27 iyun, juma kuni Estoniya Birlashgan Millatlar Tashkilotini piyodalarga qarshi minalarni taqiqlovchi Ottava konvensiyasidan chiqishi haqida rasman xabardor qildi. Tegishli hujjatlar BMT shtab-kvartirasiga taqdim etildi, deb xabar qildi Estoniya TIV. Tallin konvensiyadan chiqishning asosiy sabablaridan biri sifatida «Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkorligi natijasida yomonlashgan mintaqadagi xavfsizlik holati», shuningdek, milliy xavfsizlik sohasidagi «shoshilinch mulohazalar»ni keltirdi.
«Rossiyaning Ukrainaga qarshi davom etayotgan urushi saboqlari shuni ko‘rsatadiki, mamlakatimizni yaxshiroq himoya qilish uchun biz dushman amal qilmaydigan qurollarga bir tomonlama cheklovlar qo‘ymasligimiz kerak», — dedi Estoniya tashqi ishlar vaziri Margus Tsaxkna. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ottava konvensiyasidan chiqish Estoniyaga «mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash uchun zarur bo‘lgan qurol tizimlari, vositalari va yechimlarni tanlashda ko‘proq moslashuvchanlik» beradi.
Xuddi shu kuni Litva ham BMTni piyodalarga qarshi minalarni taqiqlovchi konvensiyadan chiqishi haqida xabardor qildi. «Putin Rossiyasi Yevropa uchun eng katta uzoq muddatli ekzistensial tahdiddir... Bunday tahdidlar oldida Litva o‘z davlatini, aholisini va NATO hududining har bir santimetrini himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘radi – barcha samarali harbiy vositalar bilan», — deb yozdi Litva tashqi ishlar vaziri Kyastutis Budris.
1997 yilda imzolangan Ottava konvensiyasi piyodalarga qarshi minalardan foydalanish, saqlash, ishlab chiqarish va topshirishni taqiqlaydi. Uni 160 dan ortiq davlat va hududlar, jumladan, Ukraina imzolagan. Rossiya va AQSh imzolaganlar orasida yo‘q. So‘nggi oylarda Litva va Estoniyadan tashqari, Latviya, Polsha va Finlandiya ham konvensiyadan chiqishini e’lon qildi. Bu mamlakatlarning barchasi Rossiya bilan chegaradosh va Moskva ularga bevosita tahdid soladi, deb hisoblaydi.
Mavzuga oid

07:42
BMT Keniyadagi norozilik namoyishlarida fuqarolar halok bo‘lganidan xavotirda

14:49 / 27.06.2025
BMT: Dronlar Ukrainadagi urushda tinch aholini tobora ko‘proq nishonga olmoqda

19:28 / 23.06.2025
Saida Mirziyoyeva Samarqandda BMTning Davlat xizmati bo‘yicha xalqaro komissiyasi rahbari bilan uchrashdi

16:39 / 23.06.2025