Jahon | 13:49
3231
3 daqiqa o‘qiladi

Mers: Putin bilan telefon orqali muloqotdan voz kechgan ma’qul

Germaniya kansleri Donald Trampda Rossiyaga nisbatan «skepsis kuchayib borayotgani» haqida fikr bildirdi. Yevropa Qo‘shma Shtatlar bilan parallel ravishda qattiqroq sanksiyalar joriy etish ustida ishlamoqda, deya qo‘shimcha qildi Fridrix Mers.

Foto: AP

Germaniya kansleri Fridrix Mers 27 iyun, juma kuni chop etilgan Züddeutsche Zeitung gazetasiga bergan intervyusida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan hozircha telefonda gaplashish niyatida emasligini ma’lum qildi.

«Rossiya Federatsiyasi Vengriya bosh vaziri (Viktor Orban)ning Moskvaga tashrifiga Kiyevni, jumladan, kasalxonani kuchli bombardimon qilish bilan javob berdi. Oxirgi qo‘ng‘iroq (Putinga) mendan avvalgi kansler (Olaf Shols) tomonidan qilingach, bolalar kasalxonasiga zarba berildi. Agar Rossiya prezidentining telefon orqali suhbati shunday oqibatlarga olib kelsa, unda o‘zimni tiya qolaman», — dedi Germaniya hukumati rahbari.

«Aslida, tinchlikka erishishning har qanday yo‘lini izlash to‘g‘ri», deb hisoblaydi Germaniya kansleri, ammo Rossiya Federatsiyasiga nisbatan Ikkinchi jahon urushi boshlanishidan oldin qilingan xatoga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Uning aytishicha, u Buyuk Britaniya bosh vaziri Nevill Chemberlen va uning tinchlantirish siyosati haqida kitob o‘qiyapti, ammo bunday siyosat muvaffaqiyatsizlikka uchragan.

19 iyun kuni Putin yevropalik siyosatchilar bilan muloqotga tayyor ekanini aytdi. Xususan, Mers, Rossiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, «unga qo‘ng‘iroq qilishi mumkin». 

Germaniya kansleri, shuningdek, AQSh prezidenti Donald Trampda Rossiyaga nisbatan «skepsis kuchayib borayotgani» va o‘zini «tanqidiyroq» tutayotgani haqida fikr bildirdi. «Yevropada bu urush (Rossiya Ukrainaga qarshi) borasida keng konsensus mavjud. Menimcha, prezident Tramp bu bahoga yaqinlashmoqda», — dedi Mers.

Bundan tashqari, u AQShning Rossiyaga qarshi ehtimoliy yangi sanksiyalari AQSh iqtisodiga ham zarar yetkazishiga qaramay, ular Senatda qizg‘in muhokama qilinayotganini va «yakuniy qaror prezident tomonidan qabul qilinishini» qo‘shimcha qildi. «Men Yevropa Ittifoqi va Qo‘shma Shtatlar parallel ravishda qattiqroq sanksiyalar joriy etishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solaman», — dedi Mers.

Mavzuga oid