Jahon | 17:11 / 06.07.2025
1738
2 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreya prokuraturasi sobiq prezidentni yana hibsga olishni so‘ramoqda

Maxsus prokuratura tomonidan Yun Sok Yolni hibsga olish uchun order so‘rovi yuborilgan. Janubiy Koreya sobiq prezidenti 7 martda hibsdan ozod etilgan edi.

Foto: Ramil Sitdikov/ RIA Novosti

Janubiy Koreyada 2024 yil dekabr oyida joriy etilgan harbiy holat ishini tergov qilayotgan maxsus prokuratura sobiq prezident Yuk Sok Yolni hibsga olish uchun order so‘radi, deb yozadi Yonhap agentligi. Sud 7 mart kuni uni hibsdan ozod etgandi.

Order olish uchun so‘rov yuborilganini maxsus prokuror Pak Ji Yon brifing davomida ma’lum qildi. Uning qo‘shimcha qilishicha, ishga oid tafsilotlar sud yig‘ilishida oshkor etiladi. Maxsus prokuratura may oyida ham sobiq prezidentni hibsga olish uchun order so‘ragan, biroq u rad etilgan edi.

2024 yil dekabrda Yun Sok Yol mamlakatda harbiy holat joriy etdi, natijada unga nisbatan impichment e’lon qilindi. Sobiq prezident isyon tashkillashtirishda ayblandi va yanvar oyida hibsga yuborildi. Mart oyida Seul sudi Yun Sok Yolni hibsdan ozod etdi, ammo isyon ishi hali ham ko‘rib chiqilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, iyun oyida Janubiy Koreyada prezidentlik saylovlari muddatidan oldin o‘tkazildi. Unda muxolif «Toburo» demokratik partiyasi nomzodi Li Chje Myon g‘alaba qozonib, Janubiy Koreyaning yangi prezidentiga aylandi.

Mavzuga oid