Jahon | 17:13 / 06.07.2025
4237
10 daqiqa o‘qiladi

Rossiya «Tolibon»ni tan oldi, Tramp Putindan xafa – hafta dayjesti

Assalomu alaykum. Bugun 6 iyul, yakshanba. O‘tgan hafta davomida dunyoda yangi urush boshlanmadi. Shunaqa davrda yashayapmizki, yangi urush boshlanmaganini yaxshi xabar sifatida qayd etishga majburmiz. Ortda qolayotgan haftada Trampning Putindan xafsalasi pir bo‘ldi. Rossiya va Ozarboyjon o‘rtasida diplomatik nizo avj oldi. Moskva «Tolibon»ni rasman tan oldi. Endi Rossiyada qo‘shnimizni rasman Afg‘oniston Islom Amirligi deb atashadi. Quyida bir hafta ichida dunyoda nimalar bo‘lganini birgalikda eslaymiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Xafsalasi pir Tramp

Hafta davomida AQSh prezidenti Tramp rossiyalik hamkasbi Putin bilan telefonda gaplashdi. Bu – ikki prezidentning Tramp hukumatga qaytganidan keyin amalga oshirgan oltinchi suhbati bo‘ldi. Saylov kampaniyasi vaqtida «Urushni bir kunda to‘xtataman», deb katta ketgan Tramp urushni boshlagan odam bilan olti martalab telefonda gaplashib ham hech nima qilolmadi: urush to‘xtamadi, issiq o‘rni va oilasini tashlab zax okopda urushayotgan ukrainlar, ruslar o‘lishda davom etmoqda. Janob Tramp urushni to‘xtatish uning emas, go‘shakning narigi tomonidagi odamning qo‘lida ekanini asta-sekin tushunib yetayotganga o‘xshaydi.

Oxirgi suhbatdan keyin Tramp Putindan xafsalasi pir bo‘lganini aytdi. «Putin urushni to‘xtatadigan odamga o‘xshamaydi», dedi AQSh prezidenti jurnalistlar bilan suhbatda.

Avvalroq Amerika Ukrainaga havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun o‘qdori berishni to‘xtatgani ma’lum bo‘lgandi. Putin bilan suhbatdan keyin Tramp Ukrainaga havo mudofaasi bo‘yicha yordam berishini aytdi. Ya’ni, Putin va Trampning telefon suhbati Ukraina uchun foydali bo‘lgan ko‘rinadi.

Isroil – HAMAS muzokarasi

Eron bilan urushni tugatgan Isroil yana G‘azoni bombardimon qilishga kirishdi. HAMAS allaqachon Isroilga xavf tug‘dirmayapti, guruh oxirgi marta qachon Isroilga qo‘lbola raketa uchirgani ham esdan chiqib ketdi. Lekin Isroil butun bino qolmagan, yuz minglab odamlar xarobadan xarobaga qochib jon saqlayotgan G‘azoga raketa uchirishni bas qilmayapti. Oldingi videolarda aytganimizdek, HAMAS qo‘lida bir uyum asirlar qolayotgani Isroil hukumati uchun ayni muddao bo‘lib, Netanyahu hukumati ularni bahona qilib istalgan vaqtda urush boshlayveradi. Isroil amaldagi hukumati uchun urush taxtda qolish vositasiga aylanib qolganiga endi ko‘pchilik shubha qilmayapti.

Hafta davomida AQSh Isroil va HAMASga 60 kunlik sulh taklif qildi. Isroil uni qabul qildi, HAMAS esa muzokaraga tayyor ekanini aytdi. Isroildagi hukumat taxtdan ayrilmaslik uchun G‘azoni tinimsiz bombalayotganini aytdik, lekin HAMAS nega asirlarni qo‘yib yubormayotgani tushunarsiz. Axir bir necha oy avval e’lon qilingan sulh takliflarida ham asirlar ozod qilinsa, urush tugashi aytilgandi. Isroil bir nechta asirni ozod qilish uchun o‘n minglab tinch aholi vakillarini o‘ldirgani ham HAMASni asirlarni ozod qilishga unday olmayapti...

Rossiya – Ozarboyjon mojarosi

Hafta davomida Rossiya va Ozarboyjon o‘rtasidagi diplomatik nizo ko‘pchilikning diqqat markazida bo‘ldi. Yekaterinburgda ikki ozarboyjonlik o‘ldirilishi ortidan Boku bir guruh rossiyalik dasturchilarni qo‘lga oldi. O‘lasi qilib kaltaklangan bu rossiyaliklar emaklab yurgan ko‘yi namoyishkorona videoga olindi.

Keyin Rossiya propagandachi axborot agentligining Ozarboyjon bo‘limi muxbirlari FSB agenti sifatida ushlandi. Moskvada esa ozarboyjonlik qonunga bepisand o‘g‘ri qo‘lga olindi. Ozarlar o‘tgan yil dekabrda ruslar o‘qqa tutgan Embraer 190 halokati oid audioni OAVga sizdirdi. Xullas, ikki davlat o‘rtasidagi nizoda intriga kuchaydi. MDH davlatining Rossiya bilan bunaqa ishlar qilishi unikal hodisa bo‘ldi.

Haaga sudida islohot

Niderlandiyaning Haaga shahrida joylashgan xalqaro jinoyat sudi Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu kabi harbiy jinoyatlarda gumonlangan shaxslarni hibsga olishga order berganidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Lekin bu ikki mulozim xalqaro sud hukmiga shunchalik bepisandki, xalqaro huquq ularga tegina olmasligini ko‘rsatish uchun atayin, hech qanday muhim ishi bo‘lmagan holatda Rim statutini ratifikatsiya qilgan davlatlarga borib kelishdi: Putin Mo‘g‘ulistonga, Netanyahu Mojarositonga.

Rossiya, AQSh, Isroil kabi davlatlar «Biz Rim statutini imzolamaganmiz, xalqaro jinoyat sudining talablariga tupurganmiz», deyishadi. Lekin endi bunaqa davlatlar o‘zini g‘orda yurgan ibtidoiy qabila emas, zamonaviy sivilizatsiyaning bir qismi deb hisoblasa, Haaga sudi hukmiga bepisand bo‘lolmaydi. Chunki BMT Rim statutiga tuzatish kiritmoqda. 7 iyul kuni imzolanishi kutilayotgan o‘zgarishga ko‘ra, endi Haaga sudi hukmi Rim statutini imzolamagan davlat vakillari, xususan, davlat rahbarlariga nisbatan ham qo‘llanilishi mumkin bo‘ladi.

Ya’ni, Xitoy, Rossiya, Isroil, AQSh kabi butun dunyoni pisand qilmaydigan davlat rahbarlari ham Haaga sudi tomonidan ta’qib qilinishi qonuniy bo‘ladi. Agar bu qonun ishlasa, albatta...

Tramp «katta ajoyib qonun»ni imzoladi

Donald Tramp saylov kampaniyasi vaqtidagi ittifoqchisi Ilon Mask bilan janjallashib qolishiga sabab bo‘lgan soliqlarni kamaytirish va davlat qarzi chegarasini oshirish imkonini beruvchi «katta ajoyib qonun»ni imzoladi. Aynan Mask bu qonunga «katta ajoyib qonun» deb nom bergandi. Yangi qonunga ko‘ra, AQSh davlat qarzi endilikda 4 trillion dollardan oshishi mumkin. Tramp hujjatni AQSh mustaqillik kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda imzoladi. Tadbirda Eronga raketa tashlagan harbiy uchuvchilar ham ishtirok etdi. Hujjat juda qiyinchlik bilan qabul qilindi. Uni qo‘llab 218 kongressmen ovoz bergan bo‘lsa, 214 kishi qarshi chiqdi.

Nyu-Yorkda musulmon mer?

AQShning Nyu-York shahrida qiziq ishlar bo‘lmoqda. Men bu haqda vaqt topib alohida video qilaman. Xullas, shahar meri bo‘lish uchun demokratik partiya praymerizida ugandalik muhojir, sotsialist va musulmon 33 yoshli Zohran Mamdani g‘olib bo‘ldi. U ichki saylovda katta-katta nomlarni, xususan, sobiq mer Endryu Kuomoni mag‘lub etdi. Uni kimsan Berni Sanders va Alesandrio Okasio Kortes kabu mashhur demokratlar qo‘llamoqda.

Nyu-York azaldan demokratlar shahri bo‘lgan va Mamdani merlik saylovini yutish ehtimoli yuqori. Ishchilar sinfini qo‘llashini aytayotgan Mamdani nyu-yorkliklarga ijara narxini muzlatish va bepul bolalar bog‘chalari kabi ijtimoiy islohotlar va’da qilmoqda.

Rossiya «Tolibon»ni tan oldi

Haftaning eng muhim voqeasi, menimcha, Rossiya «Tolibon»ni tan olishi bo‘ldi. Endilikda Rossiyada qo‘shni davlatni rasman Afg‘oniston Islom Amirligi deb atashadi. «Afg‘oniston Islom Amirligini tan olish ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirshga yo‘l ochishiga umid qilamiz», deyiladi Rossiya TIV bayonotida.

Ma’lumot uchun, Rossiya bir necha yil avval o‘ziga qarshi jihod e’lon qilgan «Tolibon»ni rasman tan olgan dunyodagi birinchi davlatga aylandi.

London va Berlin kelishuvi

Juda qiziq zamonda yashayapmiz, azizlar. Ikkinchi jahon urushi vaqtida kimdir Londin va Berlin hali Yevropa sharqidagi boshqa bir davlatdan birgalikda mudofaalanish uchun kelishuv imzolaydi, desa hech kim ishonmagan bo‘lardi. Chunki Ikkinchi jahon urushi boshlanishi sabablaridan biri aynan fashistlar Germaniyasining Londonga hujumi bo‘lgandi. Endi Berlin va London bir-biriga hujum bo‘lganda yordam ko‘rsatish majburiy bo‘lgan bitim bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Kelishuv asosini Germaniya oldingi kansleri Olaf Shols va Britaniya bosh vaziri Kir Starmer yaratgan. Shartnoma shartlati 18 ta muzokara raundi doirasida ishlab chiqildi. Germaniya katta ehtimol Britaniya yadroviy quroliga umid qilib bu kelishuvga erishdi. Chunki Donald Tramp kelgach, Germaniya yadroviy ko‘mak borasida AQSh yordamiga umid qilishi ishonchsiz variantga aylanib qolgandi.

Bizda hozircha shular. Bu – sizlarga yetkazmoqchi bo‘lgan xabarlarimizning oxirgisi edi. Haftalik dayjest ko‘rsatuvi bilan kelasi yakshanbada ko‘rishguncha. Omon bo‘ling, azizlar.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov

Mavzuga oid