O‘zbekiston | 16:39 / 07.07.2025
16335
11 daqiqa o‘qiladi

Fermerlar yana sinov qarshisida: moratoriylar nima bo‘ladi?

Biznesga yangi majburiyatlar yuklashni taqiqlovchi ustma-ust ikkinchi moratoriy kuchga kirgan kuni, Qonunchilik palatasi fermerlarni dala chetlariga ekin ekishga majburlash, aks holda jarimaga tortish va butun yer maydoniga soliqni 3 karra oshirish haqida qonun qabul qildi. Kun.uz iqtisodchi Otabek Bakirov va fermerlar huquqlari faoli Kamoliddin Ikromovdan oqibatlar haqida so‘radi.

Dala chetlariga ekin ekmagan fermerlarni jarimaga tortish va butun yer maydoniga yer solig‘ini 3 karra oshirish haqidagi qonun parlamentda birinchi o‘qishdan o‘tdi. Kun.uz iqtisodchi Otabek Bakirov va fermerlar huquqlari faoli Kamoliddin Ikromovdan bunday yangilikning oqibatlari haqida so‘radi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Shokir Sharipov, jurnalist: Qanday salbiy oqibatlari bor bu qonunning?

Otabek Bakirov, iqtisodchi: Birinchi navbatda, qonundan maqsad nima? Mening nazarimda, oxirgi yillarda o‘zbek byurokratiyasi o‘zbek iqtisodiyotining turli sektorlari ustidan nazoratni kuchaytirish yo‘liga o‘tgan. Ya’ni har bitta byurokratiyaning yangi nazorati ular uchun yangi vakolatlar beradi, yangi korrupsion imkoniyatlar beradi. Bu qonun bo‘yicha o‘sha dala chetlarini nazorat qiladigan Qishloq xo‘jaligi vazirligi qoshidagi nomi uzun agentlik belgilanyapti. Ular 1 aprelgacha kim dala chetida mahsulot ekmadi, kim mahsulotini yetishtirmadi, lozim darajada – soliq organlariga bu to‘g‘risida axborot beradi. Shundan keyin qo‘shimcha soliq majburiyati va jarima paydo bo‘ladi. Ya’ni butun boshli yangi organ paydo bo‘lyapti. “Dala chetlari vazirligi” desak ham bo‘ladi...

Ya’ni bizda byurokratiya o‘zini o‘zi kengaytirish, o‘ziga o‘zi vakolat tug‘dirish xususiyatiga ega. Eng asosiy oqibat shu bilan bog‘liq bo‘ladi. Ya’ni biz yo‘q joydan, osmondan tushgandek yana bitta byurokratik organ olyapmiz fermerlar ustidan, dehqon xo‘jaliklari ustidan. Bu birinchi oqibat.

Ikkinchi oqibat, yangi davrda ham to‘xtamagan bir dard – fermer xo‘jaliklarining mulkchilik huquqi himoya qilinmasligi, ular o‘zlarini himoya qilishdagi imkoniyatlar va resurslar mo‘rtligi va zaifligi bilan bog‘liq. Ularga har qanday vaj bilan, har qanday bahona bilan bosim o‘tkaziladi, yerini, hosilini tortib olish, xuddi bolsheviklarcha rekvizitsiya qilib olish mumkin. Bu qonun qabul qilinadigan bo‘lsa, fermerlarning yerlarini tortib olish, nima mahsulot yetishtirgan bo‘lsa, o‘sha mahsulot bilan bog‘liq bo‘lgan bosim o‘tkazish masalasida yana bitta qo‘shimcha bosimchi paydo bo‘ladi: “Agar sen mening aytganimni qilmaydigan bo‘lsang, hozir agentlik boradi, dala chetlaringni tekshiradi. Men bilaman, dala chetlaringga ekmagansan. Tabiiyki, senga nisbatan mana shuncha soliq, mana shuncha jarima paydo bo‘ladi” degan vaj paydo bo‘ladi, tushunyapsizmi? Boshlangan bo‘lsa ham kerak.

Uchinchi masala — korrupsion masala. Bilsangiz, Karimov paytida taksistlarning ustidan Daryotrans degan bitta nomi uzun bir maxluq tashkilot bo‘lar edi. Taksistlarni legallashtirmas edik-da, izidan quvib yurib jarima solar edik, bu g‘irt korrupsion institutga aylanib qolgan edi: pulini berib, davom ettiraverardi ishini taksistlar. Muammo esa yechilmas edi. Korrupsiya ishlayverardi. Bu yerda ham xuddi shunday jarayon paydo bo‘lib qoladi. Ya’ni faoliyatini davom ettirishni istagan, ularga qonuniy, tizimli chora ko‘rishni istamagan fermerlar, dehqonlar “kelishish” yo‘liga, korrupsion munosabatlarga kirishadi. Hozirgi mavjud bo‘lgan, o‘zi shundoq ham keng bo‘lgan korrupsion natijalar yana ham kengayadi.

Ammo dala chetlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ekilishi orqali mahsulot ko‘payib qolmaydi, samaradorlik oshib qolmaydi, nazorat ham oshib qolmaydi. Lekin ulkan byurokratiyaga erishamiz.

Kamoliddin Ikromov, Agrobiznes assotsiatsiyasi rahbari: Aslini olganda, paxta-g‘alla yo‘nalishidagi fermerlar uchun bu yangi yo‘nalish: dala chetida qo‘shimcha ekinlar ekilishi aslida bu imkoniyat. Lekin bu stimullash, rag‘batlantirish, qiziqtirish shaklida bo‘lishi kerak, majburlash va jarimalar qo‘llash yo‘li bilan emas. Shundoq ham ikki yildan beri zararda chiqayotgan fermerlar uchun bu “yangilik” tushkunlik kayfiyatini keltirib chiqaryapti.

Dala chetiga In vitro usulida yetishtirilgan ko‘chatlarni ekinglar, deb aytishyapti. Bitta ko‘chat kamida 50 ming so‘m turadi. Subsidiya berilarkan. Chet eldan olib kelsa, 100 ming-150 ming so‘m bitta ko‘chatning o‘zi. Endi 100 gektarlik konturga taxminan 10 mingta, 15 mingta kamida ko‘chat ekilishi kerak, bir qator ekilsa agar. Buning nimasi yomon? Shartnomasiz qilinyapti-da bu. Paxta-g‘allachilik yo‘nalishida shartnomamiz bor, ichida ko‘chat ekish to‘g‘risida hech qanaqa shartnoma yo‘q. Faqat g‘alla, paxta, sabzavot ekish bo‘yicha shartnomamiz bor. Ertaga uch yil, besh yildan keyin, misol uchun, birorta hokim, bu qonun balki esdan chiqib qolib, “buzasan” deb yuborsa, falon pulli investitsiyaga kuyadi fermer.

“Dala cheti” degan tushunchaning o‘ziga yo‘q, qancha u dala cheti? “Zovurdan mana shuncha metr, drenajdan shuncha metr” deb belgilanishi kerak-da. Misol uchun, agar 100 gektarlik konturdan 5 metrini “dala cheti” deb oladigan bo‘lsak, bu 2 gektar chiqib ketadi degani. 10 metr deb oladigan bo‘lsak, undan ham ko‘p. Ancha-muncha yer chiqib ketadi.

Uchinchi masala. Deylik, ariq va kanallar chetiga chiroyli qilib ekib qo‘ydik qimmat ko‘chatlarni ikki-uch qator qilib. Ertaga, uch-besh yildan keyin u ariq to‘lib qoladi. To‘lgandan keyin uni kovlash kerak. Ko‘chat bilan qo‘shib kovlash kerakmi?

To‘rtinchi masala, deylik, dala chetidagi zovurlar kovlanmay qoldi. Zaxkash yerlarda chuqur qilib kovlanadi zovurlar. Kovlanmagandan keyin 100-200 gektarlik dala maydonimiz sho‘rlanib ketishi ehtimoli katta. Dala chetidan foyda qilamiz deb, yuzlab gektar yerni yo‘qotishimiz mumkin. Qayta tiklashga 10 yillab vaqt ketishi mumkin.

Beshinchi masala – suv masalasi, asosiy masala. O‘zi hozir paxta-g‘allaga ham suv yetmay turibdi, texnik ekinlarga, sabzavotlarga. Fermerlar guruhlariga kirsangiz, har kuni – suv, suv, suv, suv. Bu yil ayniqsa og‘ir bo‘lyapti. Mana, ko‘rsatuvlar qilyapmiz, suv omborlarida suv kam, tog‘larimizda qor kam, deyapmiz. Keyingi yillar hali qanday kelishi noma’lum, lekin tendensiya borki, buni hamma biladi, 2050 yilgacha, misol uchun, qanchadir kamayib ketadi. Bu yoqda afg‘onlarning kanali... Xullas, suv muammomiz bor. G‘alladan keyin ekishga ham hattoki suv yetmayapti. Endi dala chetiga qimmat ekinlarni ekib qo‘ysak, ertaga suv yetmay qolsa, bir yil, ikki yildan keyin bu qurib qoladigan bo‘lsa, uning investitsiyasini kim javobgarlikka oladi? Yana fermerning bo‘yniga o‘tadimi bu?

Otabek Bakirov: Yana bitta holat bor. “Dala cheti” degan tushuncha yo‘qligi uchun byurokrat buni o‘zicha tushunadi, fermer – o‘zicha. Siz asosiy maydonda ekiladigan maydonlarga texnika kirishini ham cheklab qo‘yasiz, texnika harakatlanishini ham cheklaysiz. Bunaqa fantaziyalar o‘zi umuman dalaga bormagan, zovurni ko‘rmagan, qaysi joyga suv qanaqa ko‘rinishda chiqarilishining og‘irliklarini, qiyinchiliklarini ko‘rmagan odamlar tarafidan chiqadi! Kabinetdan chiqmaganlarning.

Qobilbek (@davletovuz Telegram-kanali asoschisi – tahr.) to‘g‘ri yozdi. Salqin konditsioner tagida o‘tirib, dalada 45 gradusda ishlayotgan dehqon-fermerning ustidan hukm chiqarishyapti.

Meni juda qattiq tashvishga solayotgan narsa – mavjud qonun-qoidalarni chetlab o‘tib, shundoq axlat qutisiga irg‘itgandek qonun-qoidalarni tashlab o‘tib turib, huquqiy protseduralarga amal qilinmayotgani. Davlat rahbarining ikkita hujjati turibdi, bir emas, ikkita hujjati. Moratoriy e’lon qilingan. Kichik, o‘rta biznes vakillarining faoliyatiga to‘sqinlik qiluvchi, ularning ish faoliyatini og‘irlashtiruvchi normativ-me’yoriy huquqiy hujjatlar qabul qilinishiga 2028 yil 1 yanvargacha moratoriy e’lon qilingan. Moratoriy kuchiga kirgan kuni bular bu qonunni muhokama qilyapti. O‘zi Qishloq xo‘jaligi vazirligida bir yurist bormi? Nahotki ular “To‘xta, bugun moratoriy kuchga kirdi, men borsam, ikkita-uchta aqlli deputat meni sharmanda qilmasmikin?” deb o‘ylamadimikan? Bir emas, ikkita moratoriy turibdi, tushunyapsizmi?

Uchinchi holat, yetti yil, sakkiz yil davomida shunaqa bir og‘ir tendensiyani kuzatyapmizki, yildan yilga fermerning himoyasi kuchsizlanib boryapti. Siz ko‘rganmisiz biror joyda aloqachini hokim haqorat qilganini, urganini? Yoki birorta quruvchining kimdir huquqini buzib, majlisda tepganini yoki haqorat qilganini yoki boshqa bir noqonuniy ishini ko‘rganmisiz? Ko‘rmagansiz, chunki tizimda egalari ularni himoya qiladi. Lekin bizda qishloq xo‘jaligida, fermerlar bilan bog‘liq holatda, tizimda egalari ularni himoya qilish o‘rniga kaltakka tutib berishadi.

Men o‘ylashim bo‘yicha, fermerlar uchun yangi institut kerak. Ularning o‘zlari tayinlaydigan, o‘zlari vakolat beradigan institut kerak. Qanaqadir “O‘zlidep”, qanaqadir Hayitov, qanaqadir Fermerlar kengashi fermerlarni himoya qilolmasligini biz o‘tgan yili ham ko‘rdik, undan oldingi yili ham ko‘rdik, hozir ham ko‘rib turibmiz.

Shokir Sharipov suhbatlashdi

Mavzuga oid