Sport | 22:44 / 16.07.2025
8258
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniyani jahon chempioni qilgan murabbiy O‘zbekiston bilan ishlashi mumkin

Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, germaniyalik mutaxassis Yoahim Lyov O‘zbekiston futbol milliy jamoasiga taklif qilinishi mumkin. Ta’kidlanishicha, uning jamoadagi vazifasi formati muhokama qilinmoqda.

Foto: Getty images

Futbol bo‘yicha Germaniya milliy jamoasining sobiq ustozi Yoahim Lyov O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) bilan muzokara olib bormoqda. Bu haqda Rossiyaning Sport24 nashri o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.

Qayd qilinishicha, 65 yoshli mutaxassis bilan bosh murabbiylik emas, balki maslahatchi lavozimi ham muhokama qilinmoqda.

«Tomonlar o‘rtasida aloqa mavjud, Lyov hamkorlikka ochiq. Lekin uni bosh murabbiy etib tayinlash haqida hozircha gap yo‘q. O‘zbekiston unga milliy jamoaning jahon chempionatiga tayyorgarligini nazorat qiluvchi maslahatchi vazifasini taklif qildi», dedi mutaxassisga yaqin manba.

«O‘FA ichida yagona pozitsiya yo‘q. Ayrim mutasaddilar jamoaga jahon chempionati uchun taniqli mutaxassis kerak, deb hisoblab, Lyovni bosh murabbiylikka taklif qilishni istamoqda. Ammo federatsiyadagilarning yana bir qismi Temur Kapadzeni olib qolish tarafdori: aynan u milliy jamoani jahon chempionatiga olib chiqqan. Kapadzening o‘zi yordamchi bo‘lishni istamayapti va agar Lyov bosh murabbiylikka tayinlansa, jamoani tark etishi mumkin», dedi ikkinchi suhbatdosh.

Manbaga ko‘ra, tomonlar o‘rtasida maslahatlashuvlar davom etmoqda: Lyovning O‘zbekiston milliy jamoasidagi roli formati muhokama qilinmoqda.

O‘FA Yoahim Lyov bilan muzokara o‘tkazayotgani haqida yoki bu haqdagi xabarlarga izoh bermagan.

Yoahim Lyov 2006 yilda Germaniya milliy jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlandi. 2014 yilda jahon chempionatida g‘alaba qozondi. 2021 yilda Germaniya milliy jamoasini tark etdi va shundan beri ishsiz.

O‘zbekiston milliy jamoasi 2026 yilgi jahon chempionati saralashini sloveniyalik murabbiy Srechko Katanets bilan boshladi. Biroq, u 2025 yil yanvar oyida sog‘lig‘idagi muammolar tufayli lavozimini tark etdi. Uning o‘rniga tayinlangan o‘zbekistonlik Temur Kapadze sloveniyalik mutaxassisning ishini muvaffaqiyatli davom ettirib, milliy jamoa bilan jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

2026 yilgi jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulgacha AQSh, Kanada va Meksika maydonlarida o‘tkaziladi.

Mavzuga oid