Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Farg‘onaazot” karbamid bozoridagi ustun mavqeni yo‘qotdi - Raqobat qo‘mitasi
Monopoliyaga qarshi organ “Farg‘onaazot”ning karbamid bozoridagi ulushi 40 foizdan kamayganini e’tirof etdi. Ayni paytda zavod superfosfatlar bozoridagi ustun mavqeyini saqlab qolmoqda.

“Farg‘onaazot” kompaniyasi karbamid (mochovina) ishlab chiqarish bozoridagi ustun mavqeyini yo‘qotdi, deya ma’lum qildi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi.
2024 yil iyun oyida qo‘mita “Farg‘onaazot”ning ikki yo‘nalishda – karbamid va superfosfatlar ishlab chiqarishda ustun mavqega ega ekanini e’tirof etgandi (superfosfatlar bo‘yicha Indorama Kokand Fertilizers and Chemicals bilan birgalikda).
“Ammo hozirda “Farg‘onaazot”ning karbamid ishlab chiqarish va sotish bozoridagi ulushi 40 foizdan kam bo‘lgani sababli kompaniya bu bozor ustidan ustun mavqeni yo‘qotgan, deb topildi”, – deyiladi qo‘mita axborotida.
Idora izohiga ko‘ra, muayyan bozorning 40 foiz yoki undan ortig‘iga egalik qilgan sub’yekt yoki kompaniyalar guruhi ustun mavqega ega deb topiladi. Bu mezon 2024 yil may oyida tasdiqlangan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun va boshqa tegishli me’yoriy-huquqiy hujjatlarda belgilangan.
Ustun mavqe nima?
Tovar yoki moliya bozoridagi xo‘jalik yurituvchi sub’yektning yoxud shaxslar guruhining unga o‘z faoliyatini raqobatlashuvchi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga bog‘liq bo‘lmagan holda amalga oshirish va raqobatning holatiga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatish, tegishli bozorga boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning kirishini qiyinlashtirish yoxud ushbu boshqa sub’yektlarning iqtisodiy faoliyat erkinligini boshqacha tarzda cheklash imkoniyatini beradigan holati ustun mavqedir.
Tovar yoki moliya bozorida quyidagilar ustun mavqe deb e’tirof etiladi:
— agar xo‘jalik yurituvchi sub’yektning yoki shaxslar guruhining raqobatchilari mavjud bo‘lmasa;
— agar xo‘jalik yurituvchi sub’yektning yoxud shaxslar guruhining bozordagi ulushi 40 foizni va undan ortiqni tashkil etsa;
— agar xo‘jalik yurituvchi sub’yekt yoki shaxslar guruhi tabiiy monopoliya sub’yekti deb e’tirof etilsa;
— agar xo‘jalik yurituvchi sub’yektga yoki shaxslar guruhiga muayyan tovarlarni ishlab chiqarish yoki realizatsiya qilish yoxud olish uchun qonunchilikda belgilangan tartibda mutlaq va (yoki) eksklyuziv huquq berilgan bo‘lsa.
Oxirgi kalendar yilda tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan tushumi BHMning 30 ming baravaridan kamroqni tashkil etuvchi xo‘jalik yurituvchi sub’yektning yoki shaxslar guruhining (bundan tabiiy monopoliya sub’yektlari, mahsulotlarining narxlari davlat tomonidan tartibga solinadigan xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar mustasno) tovar yoki moliya bozoridagi holati ustun mavqe deb e’tirof etilmaydi.
Mavzuga oid

14:18 / 17.07.2025
Raqobat qo‘mitasi 43 mlrd so‘mlik davlat xaridlarini bekor qildi

16:03 / 16.07.2025
Deputatlar dala chetlariga ekin ekishga oid bahsli qonunni o‘zgarishlar bilan qabul qildi

19:02 / 15.07.2025
“Vahshiylik shu darajada bo‘ladimi?..” - zaharli dori sabab vodiyda asalarilar qirilib bitmoqda

07:55 / 10.07.2025