Sport | 15:22 / 17.07.2025
5661
3 daqiqa o‘qiladi

Fayzullayev ham Turkiya chempionatiga o‘tishi kutilmoqda

U Shomurodov bilan birga «Istanbul Bashakshehir» safida o‘ynashi mumkin.

Foto: Dmitriy Golubovich/Chempionat

Turkiyaning «Istanbul Bashakshehir» klubi TsSKA bilan o‘zbekistonlik yarimhimoyachi Abbosbek Fayzullayev transferi borasida kelishib oldi, deb xabar qilmoqda turkiyalik jurnalist Osman Altunterim o‘z sahifalarida.

Manbaning tasdiqlashicha, armiyachilar klubi o‘zbekistonlik 21 yoshli futbolchi uchun 7 million yevro ishlab oladi.

Fayzullayev TsSKA safida 2023 yildan buyon to‘p surib kelmoqda. 2024/25 yillar mavsumida u moskvaliklar safida barcha turnirlar doirasida 39 o‘yinda maydonga tushib, uch gol urdi va sakkiz golga uzatma berdi. U yakunlangan mavsumda jamoasi bilan Rossiya Kubogi va Rossiya Superkubogini qo‘lga kiritdi.

Fayzullayev ikki yil muqaddam Toshkentning «Paxtakor» jamoasidan TsSKA safiga 500 ming yevro evaziga transfer qilingandi. Uning Moskva klubi bilan shartnomasi 2026 yilgacha tuzilgandi. O‘tgan davr ichida u ushbu jamoa libosida jami 72 ta o‘yin o‘tkazib, 8 ta gol va 22 ta golli uzatma muallifiga aylandi.

TsSKA klubi va SSSR sobiq futbolchisi Vladimir Ponomaryov Abbos Fayzullayevning Turkiya chempionatida muvaffaqiyat qozonishiga shubha qilmoqda.

«Fayzullayev ketaversin. U Turkiya chempionatiga dosh berolmaydi, u juda kichik. U avval raqib jarima maydonchasigacha kirardi, raqiblarni driblingda aldab o‘tib, zarba bera olardi, endi esa shunchaki dam olmoqda.

Fayzullayev hozir «chaqqon supurgi», uning o‘yinida yangiliklar yo‘q. Yarimhimoyachi sifatida u nolga teng, boshi bilan o‘ynamaydi. U Yevropa uchun yetarli darajada yaxshi emas, Turkiyada esa faqat o‘rtamiyona jamoalarga mos.

Uni «arzon murabbo» deyish mumkin, ammo «chaqqon supurgi» ko‘proq mos keladi», — dedi Ponomaryov «Sovetskiy sport» nashriga.

Bundan oldinroq, O‘zbekiston milliy jamoasining boshqa bir futbolchisi, hujumchi Eldor Shomurodov ham «Istanbul Bashakshehir» klubiga kelib qo‘shilgandi. Turklar klubi uni «Roma»dan mavsum yakunida sotib olish huquqi bilan ijaraga olgan.

Mavzuga oid